14:40 / 24.08.2017
14 184

Sherzodbek "yurak og‘riqlari" injiq fe’li va bo‘lajak yori haqida

Sherzodbek "yurak og‘riqlari" injiq fe’li va bo‘lajak yori haqida
Bugun san’atda mashhurlar shohsupasining yuqori cho‘qqilari sari intilayotgan yoshlar talaygina. Ular orasida «Nihol» mukofoti sovrindori, «Sog‘inch», «Ko‘yingda mast» kabi ilk qo‘shiqlaridanoq ko‘pchilikning e’tirofiga sazovor bo‘lgan ShERZODBEK o‘ziga xos yo‘nalishi, kamtarligi bilan ajralib turadi. Xonanda "So‘g‘diyona" gazetasi mehmoni.

—Avvalo, san’atkorlar o‘rtasidagi bellashuvda g‘olib bo‘lganingiz, ustoz san’atkorlarning iqtidoringizga yuqori baho berganlari bilan qutlaymiz. Loyihada qatnashishni boshlaganingizda yuragingizda qanday o‘ylar o‘tdi?

— «Zo’r.Tv» telekanalidan «Cover up» loyihasida ishtirok etish, ustozlar ijrosidagi qo‘shiqlarni buzmagan holda, ammo o‘z talqinida kuylash taklifi tushgan lahzalarda g‘olib bo‘lish to‘g‘risida o‘ylamagandim. Birinchi davra uchun sakkiz san’atkorni tanlab olishayotgan ekan. Onamlarga «Birinchi o‘rinni ololmasam xafa bo‘lmaysiz-a?» deganimda, «Qatnashib ko‘ring-chi», dedilar, biroq yuraklarida biroz hayajon uyg‘onganini his etdim. Men uchun har qanday tanlovda iqtidorimga xalq tomonidan, mutaxassislar, ustoz san’atkorlar tomonidan haqqoniy baho berilishi muhim. Tomoshabinlar o‘rtasida musiqani yaxshi tushunadigani ham, tushunmaydigani ham bor, ya’ni besh qo‘l baravar emas.

Loyihada qatnashgan Umidaxon, Lazizxon, Mashhurbek, Ruxshona, Gulasal Abdullaeva, Shahzod Murodovlarning har biri o‘z yo‘nalishiga ega, intiluvchan va izlanuvchan san’atkorlar. Ko‘rsatuvni muntazam kuzatib borgan barcha tomoshabinlar ularning ijro mahoratiga yana bir bora guvoh bo‘lishdi. Bu juda kichik tanlov, bellashuv edi. Biroq o‘z ishining mohirlari, o‘zbek qo‘shiqchilik san’atining darg‘alari, O‘zbekiston xalq artistlari Farrux Zokirov, Nasiba Abdullaevalarning ijodimga yuksak baho berganlari meni juda to‘lqinlantirib yubordi.

—Bellashuvda ishtirok etgan barcha san’atkorlar astoydil harakat qilishdi, shunday emasmi?
—Shak-shubhasiz! Gap g‘olib bo‘lishda emas, aslida. Mag‘lubiyatni ham yuksak matonat bilan kutib oladigan san’atkor haqiqiy san’atkor bo‘ladi. Mag‘lubiyat aslida yuksak cho‘qqi uchun olg‘a tashlangan bir qadam. Ishtirokchilar loyiha mobaynida yangi qo‘shiqlar o‘rganishdi, mahoratlari oshdi. Bilasizmi, biz xorijlik san’atkorlarning ingliz, hind, turk tilidagi qo‘shiqlarini miriqib eshitamiz. Istardimki, bizning o‘zbek tilidagi qo‘shiqlarimizni ham butun dunyo jon dili bilan tinglasa va bunga doim ehtiyoj sezsa.

—Balki buning uchun san’atkorlarimiz ham xorij tillarini mukammal o‘rganishlari kerakdir...
—Yo‘q, qo‘shiq aytish uchun tilni mukammal o‘rganish shart emas. Axir biz ingliz yoki hind tilidagi qo‘shiqlarni tinglayotganimizda xonandaning nima deyayotganini to‘liq tushunmaymiz-ku. Biroq jon qulog‘imiz bilan tinglaymiz, raqsga tushamiz. Agar biz xorijliklarda san’atimizga mehr-muhabbat uyg‘ota olsak, ular qo‘shiqlarimizni tinglashlariga shubha qilmayman. Bironta xorij tilidagi qo‘shiqni ijro etgudek bo‘lsam, albatta, shu tilni yaxshi biladigan mutaxassisga uchrashib, so‘zlarning ma’nosini, aytilishini yaxshilab o‘rganaman.

—Sherzodbekning bolaligi qanday o‘tgan?
—Bolaligim Glier nomidagi musiqa internat-maktabida o‘tgan. 1-3 sinflarda maktabimiz yotoqxonasida yotib qolardim. 3 yil mobaynida onam shanba kuni uyga olib ketib, dushanba kuni o‘qishga olib borib qo‘yardilar. O‘sha kezlarda bolaligimga borib yig‘lab qolardim. Direktor o‘rinbosari Abdurauf aka «Tog‘asining o‘g‘li bu, meni yonimda qoladi» desalar, qo‘rqqanimdanmi indamaygina sinfga kirib ketardim. Bir kuni qaysidir fandan «uch» baho olib rosa yig‘labman. Ustozlarim «Qo‘y, yig‘lama endi», deyishsa, «Onamning yolg‘iz o‘g‘il farzandiman, men onamni boqishim kerak» debman. Aslida esa ular menga «Sen o‘qishing kerak, o‘qimishli bo‘lishing lozim» deb uqtirganlar, hech qachon meni boqasan deb aytmaganlar.

—Oila oldidagi mas’uliyatni juda erta his eta boshlagansiz, chog‘i?
—Ehtimol shundaydir. Toshkent shahrida yashovchilarga yotoqxonada qolishiga ruxsat berishmay qo‘yishgach, 3-sinfdan so‘ng Talabalar shaharachasidagi maktabga yolg‘iz o‘zim qatnay boshladim. Darslardan kech qaytsam, onam ko‘ziga yosh to‘lgancha she’rlar yozib o‘tirardilar.

—Tengqurlaringiz bilan ko‘cha kezarmidingiz hech?
—(kuladi) Tut pishig‘ida darsdan chiqardimda, do‘stlarim bilan tut egani borardik, ko‘cha aylanardik. Bunaqasi ham bo‘lgan. Sport jonu dilim edi. Tog‘alarim ko‘rgani kelishsa, «Men Qantomasman» deya ularning ustiga chiqib olardim. Fantomas so‘zini aytolmay Qantomas derdim-da. Ilk kuylagan qo‘shig‘im «Xo‘ja» guruhining taronasi edi. Buni ham xato kuylaganman. Onam noto‘g‘ri aytyapsan desalar, ishonmasdim. Bu xatomni anchadan keyin tan olganman. Hech qachon erka bo‘lmaganman. Har zamonda onamga bir erkalik qilganimni aytmasak.

—Hayotimiz davomida turli voqea – hodisalar yuz beradi...
—Ha, ba’zan tushkunlikka tushib qolamiz. Menda ham bir paytlari ana shunday kayfiyat kuzatilgandi. O‘sha kezlarda uydan ko‘chaga chiqqim kelmay qolgan. Bundan jahli chiqqan onam, «Tur o‘rningdan, sen erkaksan. Erkak uyda o‘tirmaydi, hech bo‘lmasa har kuni uyiga 2 ta non ko‘tarib kelishi kerak», deb koyiganlar. O‘sha-o‘sha men bu gapni dilimda takrorlab turaman.

—Do‘stlaringiz...
—Ular ko‘p. Yaqindagina do‘stlarim bilan yig‘ilishib toqqa, dam olishga chiqib keldik. Musiqa maktabida birinchi sinfdan birga o‘qigan do‘stlarim Faxriddin va Sardor bilan juda yaqinmiz.

—«To‘yimga bir kelib keting» deguvchilar ko‘p san’atkorlarga, siz bunday iltimoslarni chin dildan bajara olasizmi?
—Shoir yozganidek, «Iltimosga kuning qolmasin». Biroq har ishda me’yor bo‘lgani durust. Me’yordan oshsa yurak og‘riydi. Yurakda og‘riq tursa shu erdan baraka qochadi.

—Hayotda kamgapmisiz?..
—Vaziyatga qarab gapiraman, vaziyatga qarab ish tutaman. Buni menga hayot o‘rgatdi. Bejizga donishmandlar hayot - katta muallim deyishmas ekan. To‘g‘riso‘zligim bois dilimdagi bor gap-so‘zni ochiq aytib qo‘yib ancha dakki eganman.

—Kamchiliklaringizni ro‘y-rost tan olasizmi?
—Qo‘shiq va kiyim tanlashda juda injiqman. Etti o‘lchab bir kesaman. Manavi qo‘shiqni ayt, zo‘r qo‘shiq deyishsa ham kuylamayman. «Bu qo‘shiq bugun aytilib ertaga unutilishi kerak emas» deyman. Bunchalar injiqlik qilma, deyishsa, har doim mingta tinglovchidan bittasining yodida tursa ham mening yutug‘im, deyman.

—Sermahsul ijodkor emassiz. Buning boisi nimada?
— Men uchun qo‘shiqning soni emas, sifati muhim. Bitta qo‘shiqni omma hukmiga havola etgunimga qadar juda ko‘pchilikka eshittirib ko‘rib, fikrlarini yig‘aman.

—Onangiz kelin axtaryaptilar, deb eshitdik. Bo‘lg‘usi rafiqangizga qanday talablaringiz bor?
—U qadar katta talablarim yo‘q. Eng avvalo, meni, kasbimni tushunishi, onamni, singlimni hurmat qilishi lozim. Birimiz baland kelganda, ikkinchimiz past kelishimiz baxtli oila kaliti bo‘la oladi deb o‘ylayman.

—Uyga kech qaytganingizda «SMS» lar yozmasa, shundaymi?

—(kulimsirab) Hozirgi qizlar «SMS» yozmasdan tura olarmikan?

—Chiroyli bo‘lishi-chi, muhimmi?
—Qaysi yigit rafiqam xunuk bo‘lsin deydi, albatta latofatli, es-hushli, uyim-joyim deydigan qiz oilamizga kelin bo‘lib kelishini istayman.

—Kimning taskini sizga quvonch bag‘ishlaydi?
—Onamning.

Jamshidbek suhbatlashdi


Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Sherzodbek "yurak og‘riqlari" injiq fe’li va bo‘lajak yori haqida