Xonanda Munisa Rizayevaning "Darakchi" gazetasiga bergan intervyusidan so‘ng “Istiqlol” san’at saroyi direktori Isroil G‘ulomov tahririyatga qo‘ng‘iroq qildi. Suhbatda xonanda jonli ijroda konsert berish uchun “Istiqlol” san’at saroyining texnikasi talabga javob bermasligini aytgandi. Aynan shu borada Isroil G‘ulomov va saroyning texnikasiga javobgar mutaxassis, ovoz rejissyori Igor Iosis bilan "Darakchi" gazetasining jurnalisti suhbat qurishga qaror qildik.
Isroil G‘ulomov: — Shu vaqtgacha birorta xonandaning texnikadan shikoyat qilganini eshitmaganman. Shu bois Munisaning fikrlari e’tiborimni tortdi. Qancha-qancha xorijlik xonandalar Igor Iosis boshqaruvidagi texnikadan foydalanadi. Bordi-yu, ularni texnikamiz qoniqtirmaganida, konsert berishdan bosh tortgan bo‘lardi. Eng qiyin konsert Alessandro Safinaniki bo‘ldi, u 80 ta sozandasi bilan kelgandi. Konsert juda chiroyli o‘tdi. 80 ta sozandaning talabini qondirgan Igor, nahot Munisaning 8 ta sozandasiga kelganda tishi o‘tmasa. “Istiqlol”ning sahnasida to‘yga borgandek, og‘iz qimirlatib ketib bo‘lmaydi. Munisaning o‘zi jonli ijroda konsert berishga tayyor emasdir. Rafet el Romanning jonli ijrodagi konsertida o‘zingiz ham shu yerda edingiz. Bittagina o‘zbek xonandasi duet kuylash uchun sahnaga chiqdi...
— Kuylay oldimi?
I.G‘.: — Shu savolni sizga bermoqchi edim, uddaburonlik qildingiz. Xonandalarimiz xafa bo‘lmasin-u, fonogrammaga o‘rganib hammasi dangasa bo‘lib qolgan. Hatto fonogrammani ham eplay olmayotganlari bor. Lekin to‘ylarda to‘rtta fonogrammaga og‘zini ochib, falon ming mablag‘ ishlab, odamlarni aldayapti.
Igor Iosis: — Jonli ijroda kuylash va musiqa asbobini chalishni biladiganlardan shu vaqtgacha faqat rahmat eshitganman. Xonanda nima istayotganini aniq aytsa, texnika taraflama barchasini hal qila olamiz.
— “Xorijlik san’atkorlar o‘z texnikasi yo ovoz rejissyori bilan kelgani uchungina jonli ijrodagi konsert zo‘r bo‘ladi”, degan fikrlarni qanday izohlaysiz?
I.I.: — Filipp Kirkorov va Andrea Bochelligina o‘z texnikasi bilan keldi. Qolganlari “Istiqlol”ning texnikasi bilan ishlagan. Agar xorijlik ovoz rejissyorlari bizning texnikada qoyilmaqom qilib ishlasa, unda nega o‘zimizning xonandalar texnikani muammo qilishadi?! Vaholanki, ikkita san’atkordan boshqa barcha xonandalar hatto fonogrammasini to‘g‘ri yozdirib kelolmaydi, keyin aybni texnikaga yuklashadi. Xabaringiz bor, Alisher Navoiy nomidagi Davlat opera va balet teatri binosi atrofida ikki kun “Open-air” tadbiri o‘tkazildi. Teatr direktori “Birinchi va ikkinchi kunni solishtirsa, yer bilan osmonchalik farq bo‘ldi”, dedi. Vaholanki, ikkala kunda ham Igor Iosisning texnikasi ishlatilgan. Farqi shunda bo‘ldiki, moskvalik mutaxassislar o‘zini ko‘rsatolmadi, mening xodimlarim esa talab darajasida ishlashdi. Odamlarda “chet eldan keldimi, demak hammasi zo‘r bo‘ladi”, degan fikr o‘rnashib qolgan. Bu fikr har doim ham haqiqatga yaqin emas.
I.G‘.: — Igor, sizga Yulduz Usmonova va Ozodbek Nazarbekovdan boshqasi “rayder” berganini ko‘rmaganman. Nimalar kerakligi yozilgan “rayder” bermaydigan xonandalarning texnikani yomonlashga qanday haqqi bor?
I.I.: — Ko‘pchilik xonandalar hatto “rayder” nimaligini bilishmaydi. Konsert kuni kelishadi-da, “voy, Igor aka, menga baraban kerak”, deydi. Men sehrgar emasman-ku, bir zumda muammosini hal qilib beradigan. Konsertdan oldin kelib, nima kerakligini aytish kerak. Yulduz Usmonova bilan gaplashgandim, Munisani hatto tanimasligini va uning nomidan fikr bildirgani noto‘g‘ri ekanini aytdi.
— Isroil aka, suhbatga kelishdan avval aynan jonli ijroda konsert beradigan ayrim xonandalar bilan bog‘landim. “Bor imkoniyatdan foydalanib, amallab ishlasa bo‘ladi”, deyishdi.
— Oxirgi o‘n yil hisobidan aytadigan bo‘lsam, jonli ijroda konsert bera oladiganlar bu — Yulduz Usmonova, G‘ulomjon Yoqubov, G‘iyos Boytoyev, Ozodbek Nazarbekov, Yulduz Turdiyeva, maqom ansambli. Qolgan to‘qson foiz xonandalarning hammasi fonogrammachi!
— Texnika talabga javob bersa, nega jonli ijroda kuylay oladigan o‘zbek xonandalari ham fonogrammada konsert beryapti?
I.G‘.: — Sabab jonini koyitmasligida. Yulduz Usmonovadek ikki oylab “Istiqlol” san’at saroyida repetitsiya qilishdan erinadi, fonogramma bor-ku nima qiladi ishlab? Hatto G‘ulomjon Yoqubov konsert dasturidagi ko‘p qo‘shiqlarini fonogrammada kuylasa ham, bir oy repetitsiya qiladi. Birorta xonanda shu vaqtgacha oldimga repetitsiya uchun joy so‘rab kelgani yo‘q. Hatto ayrim xonandalar konserti kuni tushgacha ham bo‘y ko‘rsatmaydi. — Nega siz “Jonli konsert berish kasbiy vazifangiz, yaratib qo‘yilgan sharoitdan unumli foydalaninglar!”, deb qat’iy talab qo‘ymaysiz? “Istiqlol” san’at saroyini fonogrammachilarga bo‘shatib bermaslik yuzasidan qat’iy choralar belgilash kerakdir, balki?
I.G‘.: — “Istiqlol” san’at saroyi konsert zalni ijaraga beradigan tashkilot, xolos. Talabni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi qo‘ysin. Qolaversa, men talab qo‘ygan xonanda jonli ijroda konsert qo‘ya olmasa nima qilay?
— Konsert qo‘yishiga ruxsat bermang! Anchadan buyon “Istiqlol” san’at saroyida istalgan xonanda konsert dasturini taqdim etadi. Konsert zalning mavqei tushib ketmadimi?
I.G‘.: — Haqsiz, “Istiqlol” san’at saroyi orzu darajasidagi konsert zal bo‘lishi kerak. Masalan, Turkmaniston fonogrammadan voz kechganiga ancha bo‘ldi. Faqat katta davlat tadbirlaridagina fonogramma ishlatiladi, xolos. Agar bizda ham shunday me’yoriy hujjat qabul qilinsa, g‘alvir suvdan ko‘tariladi va oltmish foiz xonanda o‘z-o‘zidan kuylamay qo‘yadi. O‘n yil Badiiy jamoalar ijodiy birlashmasida rahbar bo‘lib ishlaganman, shu bois doim jonli ijro tarafdori bo‘lib kelganman. “O‘zbekkonsert”da qirqta Badiiy kengash a’zosidan o‘tgan xonandaga konsert berish uchun ruxsat beriladi, vakolat ularning qo‘lida. Xonanda oldimga qo‘lida ruxsatnoma, guvohnoma bilan keladi.
— “Istiqlol” san’at saroyining direktori ruxsatnomani ko‘rib, sahnani bo‘shatib berishga majburmi? Balki O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligidan qo‘shimcha vakolat so‘rashingiz kerakdir?
I.G‘.: — “O‘zbekkonsert”dagi Badiiy kengash a’zosi bo‘lgan bosh rejissyorimiz bu haqda doim gapiradi. Xonandalarga ham doim “xalqni aldamanglar”, deyman. Ularning bahonasi esa bitta — texnika yomon! Anna Netrebko Alisher Navoiy nomidagi Davlat opera va balet teatrida sakkiz yuzta tomoshabinga mikrofonsiz konsert qo‘ygandi. Masalan, Munisa Rizayeva uch soat mikrofonsiz kuylay oladimi?
I.I.: — Bir xonanda mablag‘ni tejab, to‘ylarda ishlatiladigan sakkizta kolonkani olib kelib, bir necha kun muxlislarga sharmandalarcha konsertini taqdim etdi. Oldi qatorda o‘tirgan tomoshabinlar “ovozing eshitilmayapti”, deb rosa baqirishdi, balkon haqida-ku gap bo‘lishi mumkin emas. Hatto har kungi konsertidan keyin xonandaga tez yordam chaqirishardi.
Bir oy ichida dunyo talablariga javob beradigan yangi texnika olib kelinadi. Agar shundan keyin ham “texnika yomon”, deyishsa, aybni o‘zlaridan izlab ko‘rishsin. Haqiqatda fonogrammadan voz kechish kerak. Shunda san’atkor qo‘shig‘ini kuylaydi, “xonandalar” o‘z ishi bilan shug‘ullanadi — ko‘chada biznesini qiladi.
— Isroil aka, “Istiqlol” san’at saroyining qo‘riqlash xizmati xodimlarining vazifasi nimadan iborat?
— Ular faqat ruxsat berilganlarnigina saroy hududiga qo‘yishga haqli va xavfsizlikka javobgar. Chilonzor tumani Ichki ishlar boshqarmasi bilan shartnoma tuzganmiz. 21 ta militsiya va 15 ta yong‘in o‘chiruvchi xodim jalb qilingan.
— Hech ularning ishini nazorat qilganmisiz?
— Mana, kuzatuv kamerasi kompyuterimga ulangan, doim yoqiq turadi. Hatto mobil telefonimga ham o‘rnatib olganman, xodimlarni uyda ham kuzataman.
— Nega unda ko‘p hollarda konsert zalga kirishga ruxsat berilganlar, ya’ni ro‘yxatidagilarni kirgizmay, ro‘yxatda yo‘qlar va tanish-bilishchilik asosida kirgiziladi?
— Tan olaman, ro‘yxat yo‘qolib qolgan holat bo‘lgan. Siz aytgandek holatda darrov o‘zimga murojaat qiling, joyida hal qilaman. Vazifasini suiiste’mol qilayotganlar bilan shartnomani bekor qilib, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan ishlayman.
— Masalan, 29 avgust kuni turkiyalik mashhur xonanda Rafet el Roman “Istiqlol” san’at saroyida konsert berdi. Rafet bey jurnalistlarga konsertdan so‘ng intervyu berishini ma’lum qildi. Biroq, xonandaga “Istiqlol” san’at saroyi tomonidan biriktirilgan ikkita yosh yigit salkam 1 soat tanish-bilishlari, qarindosh-urug‘larini Rafetning oldiga olib kirib, rasmga tushirtirdi. Jurnalistlarga “chetga o‘tib turlaring, asabimni buzmalaring, “qora ro‘yxat”ga qo‘shib qo‘yaman”, degan “iltifot”lar bilan “ehtirom” ko‘rsatishdi. Hatto konsert zaldan ko‘chaga chiqarib tashlashdi. Shaxsan sizga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni aytganim yodingizdami? Xorij san’atkorlari tashrif buyurganda har gal shu holatga duch kelamiz, ularga biriktirilgan xodimlaringiz jurnalistlarni mehmonning yoniga yo‘latmay, qarindosh-urug‘chilik qilishadi. Nahot chora ko‘rishning iloji yo‘q?
— Rafetni Toshkentga ilk bor tashrifi edi. Uni o‘zbek muxlislari yaxshi ko‘radi, rasmga tushgisi kelgan-da. Xodimlarim bilan majlis qilib, bu borada alohida gaplashaman hali.
I.I.: — Isroil, konsert masalasida muzokara olib borilayotganda matbuot anjumanining ham vaqtini aniq belgilab olsangiz, bunday noqulay vaziyatlar kuzatilmaydi.
— Xorijlik san’atkorlar tashrif buyurganida har gal tarjimon bilan ham muammo bo‘ladi. Masalan, o‘sha kuni Rafet el Romanning atrofiga hamma jurnalistlar yig‘ildi-yu, biroq unga biriktirilgan Kamilla ismli tarjimon bemalol divanda o‘tiribdi. Qo‘liga savollar varaqasini tutqazsak, “savollar qiyin, tarjima qilolmayman”, dedi. Axir shu tarjimonga haq to‘lanadi-ku! Nahotki, bunday jiddiy masalalarga mas’uliyat bilan yondashishning iloji yo‘q?! Balki “Istiqlol” san’at saroyida professional tarjimonlar uchun shtat ochish kerakdir?
— U tarjimon qizni tanimayman, “Sharq taronalari” Xalqaro musiqa festivali jarayonida topib, olib kelishgan. Demak, u talabga javob beradigan tarjimon emas ekan. Shtat ochishga esa vakolatim yo‘q. Lekin konsert zalimizda ingliz va rus tilini biladigan xodimlarimiz bor. Jurnalistlar o‘zi bilan tarjimon olib kelishi ham mumkin.
— Raqqosalarga ajratilgan xonani ta’mirlashning vaqti kelmadimi?
— Vaqti kelgan, tomoshabin o‘tiradigan o‘rindiqlarni ham almashtirish kerak. Asli saroyning o‘zini kapital ta’mirlash lozim. Boisi “Istiqlol” san’at saroyi qirq yildan buyon ta’mirlanmagan. Rahbar sifatida uch yildan beri imkoniyatimiz darajasida oz-ozdan ta’mirladik. 2019-2020 yillarda “Istiqlol” va “Turkiston” saroylarini kapital ta’mirlash ko‘zda tutilgan. Buning uchun saroy besh yilga yopilishi kerak. Rahbariyatga olti oydan bo‘lib-bo‘lib ta’mirlash taklifini berdim. Shunda konsertlar ham, ta’mir ham to‘xtamaydi.
— Yana bir holat, chiptaga aniq qilib, yosh bola bilan kiritilmaydi, deb yozib qo‘yilgan. Lekin saroy qo‘riqlash xizmati xodimlari bolali, hatto qo‘lida chaqalog‘i bilan kelgan tomoshabinni ham kirgizadi. Belgilangan qoida qog‘ozda qolib ketmasligi qachon ta’minlanadi?
— Farzandini tashlab kelishga qarindoshlari yo‘qlar ham ko‘p-da, bu holatni ham tushunish kerak. Agar siz aytgan tartibda ishlasak, ellik foiz tomoshabinni yo‘qotamiz. Qolaversa, farzandi bilan kelgan tomoshabinni kirgizmasak, xonanda yana bizni ayblaydi. Solishtirsangiz, Yevropadagi tomoshabin konsertga vaqtidan avval kelib, garderobga ustki kiyimlarini topshirib, olib kelgan tuflisini kiyib, chiroyli holatda konsert zaliga kiradi. Biznikilar konsertning yarmida ham kirib kelaveradi. Bo‘ronda qolgandek o‘tiradi, garderobgacha borishga erinadi. Tomoshabin madaniyati borasida hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p.
Jenisbek Piyazov: — “Istiqlol”ning texnikasini almashtirish tarafdoriman. Mening konsertimdan keyin Andrea Bochelli keldi. U olib kelgan texnikani texnika, desa bo‘ladi. Xodimlari ham eng so‘nggi rusumdagi texnikani ishlatishni bilishadi.
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Isroil HAMAS va “Hizbulloh” raketalarini lazer quroli bilan urib tushirmoqchi. U qanday ishlaydi?
Qozog‘istonda yana 1 mlrd dollar noqonuniy aktivlar davlatga qaytarildi