date

Abduqodir Husanovning jarohatidan Mateush Nunesh foydalanib qoldi

Abduqodir Husanovning jarohatidan Mateush Nunesh foydalanib qoldi

“Manchester Siti” jamoasidagi avlodlar almashinuvidan keyin, klubning eng zaif nuqtalaridan biri sifatida o‘ng qanot himoyasi ko‘rsatilayotgandi. Bu pozitsiyada uzoq yillar ishonchli o‘yin ko‘rsatgan Kayl Uoker jamoani tark etgach, uning o‘rnini kim to‘ldira olishi haqida muntazam bahslar yuzaga keldi.

Mavsum boshida bu rolni yosh Riko Lyuis va tayanch yarim himoyachi Mateush Nunesh sinab ko‘rishdi. Ammo ularning bir necha muhim o‘yinlardagi xatolari “Siti”ni qimmatli ochkolardan mahrum etdi. Shu paytda Xosep Gvardiola yangi qaror qabul qildi — himoyaning o‘ng qanotini o‘zbek iste’dodi Abduqodir Husanovga topshirdi.

Husanov qisqa vaqt ichida jamoa ichida ishonch qozondi va bu pozitsiyani raqobatchilaridan so‘zsiz tortib oldi. Angliya matbuoti va ekspertlar ham uning himoyadagi intizomi, pozitsion o‘yini va tezkor qaror qabul qilish qobiliyatini alohida ta’kidlashdi.

Biroq yosh futbolchi jarohat olib, bir oydan ziyod vaqt safdan chiqqani vaziyatni yana o‘zgartirdi. Husanovning yo‘qligi Mateush Nunesh uchun yangi imkoniyat yaratdi. Portugaliyalik futbolchi bu imkoniyatni qo‘ldan boy bermadi — u nafaqat himoyada ishonchli harakat qildi, balki hujumda ham faol ishtirok etib, jamoaga muhim foyda keltirdi.

Xosep Gvardiola bu haqda fikr bildirib, Nuneshni maqtov bilan tilga oldi:

— “Mateush Nunesh ajoyib o‘ng qanot himoyachisi bo‘la olishini ko‘rsatdi. U aslida tayanch yarim himoyachisi, juda zo‘r jismoniy tayyorgarlikka ega. Endi u eng yaxshi qanot himoyachilaridan biriga aylanishi mumkin. Hammasi uning ishtiyoqi va mehnatiga bog‘liq. Biz bu haqda u bilan tez-tez gaplashib turamiz”, — dedi Gvardiola.

Joriy mavsumda Nunesh barcha musobaqalarda 9 marta maydonga tushdi va nafaqat himoyadagi vazifalarini a’lo darajada bajardi, balki o‘z hisobiga bitta gol hamda bitta assist yozdirdi.

Shu bilan birga, Abduqodir Husanovning yaqin kunlarda safga qaytishi kutilmoqda. Shu sababdan “Siti” muxlislari yaqin vaqtda himoyada yana qiziq raqobat guvohi bo‘lishlari mumkin.

Gvardiola esa bu raqobatni jamoa uchun foyda deb hisoblaydi:

— “Bizning kuchimiz aynan raqobatda. Har bir pozitsiyada ikki yosh, quvvatli va intizomli o‘yinchi bo‘lishi jamoani kuchaytiradi”, — dedi “Siti” murabbiyi.

Ta’kidlash joizki, Husanov sog‘ayishi bilan jamoada yana asosiy tarkib uchun kurash boshlanishi kutilmoqda — bu esa “Siti”da himoyadagi barqarorlikni yanada oshirishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abduqodir Husanovning jarohatidan Mateush Nunesh foydalanib qoldi