date
views 7 688

Milliy qadriyatlarimiz namoyishi (foto)

Milliy qadriyatlarimiz namoyishi (foto)
Surxondaryo viloyatining Boysun tumani Padang qishlog‘ida 27-28 aprel kunlari “Boysun bahori” ochiq folklor festivali bo‘lib o‘tdi.
Bu haqda O‘zA xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan festivalning ochilish marosimida madaniyat, san’at, adabiyotni yanada rivojlantirish, soha xodimlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus ijrosi yoshlarning adabiyot, musiqa, tasviriy, amaliy va boshqa san’at turlariga qiziqishini oshirish, iste’dodini yuzaga chiqarish ularda vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda.

"Boysun bahori" festivali o‘tmishdan meros milliy qadriyatlarimizni tiklash, xususan, xalq og‘zaki ijodi an’analarini asrab-avaylash va xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

– Sohaga qaratilayotgan e’tibor ming yillardan buyon ajdodlarimiz qalb qo‘rida saqlab, rivojlantirib kelgan xalq amaliy san’ati, xalq og‘zaki ijodi kabi nomoddiy madaniy meros durdonalarini asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etayotir, – deydi Termiz davlat universiteti rektori, senator A.Toshqulov. – Bu jarayonda “Boysun bahori” ochiq folklor festivalining qayta tashkil etilgani ham ayni muddao bo‘ldi.

Go‘zal tabiat qo‘ynida joylashgan Padang qishlog‘iga yurtimizning turli hududlaridan aholi, ayniqsa, yoshlar katta qiziqish bilan kelayotganini kuzatib, navqiron avlod ongu shuuriga milliy qadriyatlarimiz mustahkam o‘rnashayotganiga guvoh bo‘ldim.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 yanvardagi “Surxondaryo viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida an’anaviy o‘tkazilayotgan festival betakror va boy madaniy merosimizni bor bo‘y-basti bilan keng namoyon etdi. Festival bahonasida o‘zining moddiy va nomoddiy madaniy merosi, go‘zal tabiati, insoniyatning ilk manzilgohi, noyob qadriyatlar beshigi sifatida jahonga tanilgan Boysun nafaqat yurtdoshlarimizni, balki xorijliklarni ham o‘z bag‘riga chorladi.

– So‘lim va maftunkor hududning betakror tabiat manzaralari, go‘zal milliy qadriyatlarini ko‘rib, havasimiz keldi, – deydi gollandiyalik sayyoh Fred Osting. – Xalqingizning ajdodlardan meros nafis san’ati, noyob osori-atiqalari har qancha tahsinga sazovor. Sayyoramizning boshqa go‘shalarida uchramaydigan bu festival xalq amaliy san’ati, xalq og‘zaki ijodi kabi nomoddiy madaniy meros durdonalarini, xalq o‘yinlarini o‘zida mujassam etgani, ayniqsa, katta taassurot qoldirdi. Bahor yog‘ingarchiligiga qaramay, odamlar festivalga oshiqayotgani, tog‘ qo‘ynida namoyish etilayotgan noyob mo‘’jizalar hayratimizni yanada oshirdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2016 yil noyabr oyida Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashuvida “Boysun bahori” ochiq folklor festivalini qayta tiklash hamda uni mazmunan boyitish masalasini ilgari surgan edi. Shunga muvofiq, joriy yilda ham an’anaviy tadbirni yanada jozibali, qiziqarli o‘tkazish uchun alohida hozirlik ko‘rildi. Mahalliy va xorijlik tomoshabinlar uchun barcha sharoit yaratildi. Ishtirokchilar uchun qulay sahnalar, maydonchalar barpo etildi. Bu yerda o‘rnatilgan 100 dan ortiq o‘tov yurtimizning barcha hududlariga xos qadimiy urf-odat va an’analar asosida bezatildi. Festival doirasida xalq ansambllari va badiiy jamoalar chiqishidan tashqari baxshilar bahsi, kurash musobaqalari, varrak uchirish, tosh ko‘tarish, arqon tortish kabi qiziqarli xalq o‘yinlari tashkil etildi. Milliy liboslar ko‘rgazmasi, dorbozlar chiqishi, teatrlashtirilgan tomoshalar, yoshlarning shou dasturlarini tomoshabinlar zo‘r qiziqish bilan kuzatdi.

YuNESKO tomonidan 2001 yil “Insoniyatning og‘zaki va nomoddiy merosi durdonalari” sifatida e’tirof etilib, 2008 yilda Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan Boysun boy qadriyatlarimizni ulug‘lash bilan birga, ijtimoiy-iqtisodiy yuksalib bormoqda. Turizm, ayniqsa, eko va ziyorat turizmi rivojlanmoqda.

Festival oldidan Termiz davlat universitetida “Jahon sivilizatsiyasi: Boysun moddiy va ma’naviy madaniyati” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Anjuman ishtirokchilari dunyo ahlini o‘ziga chorlayotgan so‘lim va osoyishta go‘sha tarixi, nafis va boy nomoddiy madaniy merosi, milliy hunarmandchiligi, etnografiyasi va arxeologiyasining jahon taraqqiyotida tutgan o‘rni, hududda turizmni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarni ilmiy muhokama etdi. Shuningdek, shu’ba yig‘ilishlarida “Surxon vohasining etnomadaniy hayotida Boysun madaniyati va ma’naviyatining o‘rni”, “O‘zbekiston madaniyati rivojida folklor san’atining ahamiyati”, “Boysunning tarixiy va ekoturizm salohiyati xalqaro turizmning yangi tarmog‘i sifatida”, “Xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlashda Boysun madaniy muhitining ta’siri” kabi mavzular chuqur tahlil qilindi. Ilm-fan vakillarining ilmiy-tadqiqot ishlari atroflicha muhokama etilib, taklif va tavsiyalar bildirildi.

Konferensiya ishtirokchilarining o‘zbek, ingliz va rus tillaridagi ilmiy ma’ruza hamda maqolalari alohida to‘plam sifatida nashr etildi.

Joriy yilgi festivalda turli tanlovlarda faol ishtirok etib kelayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Afsona”, Toshkent shahrining “Buvijonlarim”, Namangan viloyatining “Yallama-yorim”, Samarqand viloyatining “Chinor”, Xorazm viloyatining “Mash’al”, Qashqadaryo viloyatining “Zanjirsaroy”, Surxondaryo viloyatining “Boysun”, Toshkent viloyatining “To‘rg‘ay”, Jizzax viloyatining “Gashtak”, Buxoro viloyatining “Sahro sabolari”, Sirdaryo viloyatining “Sayxun yigitlari”, Andijon viloyatining “Sayqal”, Farg‘ona viloyatining “Shodiyona”, Navoiy viloyatining “Yor-yor” folklor-etnografik jamoalaridan 200 dan ortiq vakil ishtirok etdi.

Festivalda Surxondaryo viloyatining “Boysun” folklor-etnografik jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Bes perde”, Jizzax viloyatining “Bog‘don gullari” jamoalari ikkinchi, Toshkent viloyatining “Qurama”, Farg‘ona viloyatining “So‘x chashmasi”, Sirdaryo viloyatining “Sirdaryo navolari” jamoalari uchinchi o‘rinni egalladi. G‘oliblar maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Tantanali marosimda folklor-etnografik jamoalar va taniqli san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Milliy qadriyatlarimiz namoyishi (foto)