
O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan “Tozalik va ozodalik oyligi”ning dastlabki 15 kunlik natijalari ma’lum qilindi, deb xabar berdi Ekologiya qo‘mitasi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 15 oktyabrdan 15 noyabrgacha bo‘lgan vaqt mobaynida respublika bo‘ylab keng ko‘lamli tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Jarayonlarda 19 mingdan ziyod sanitar tozalash xizmatlari xodimlari faol ishtirok etdi.
Shu davrda 32 mingga yaqin mahalla hududida va 16 mingdan ortiq jamoat joylarida chiqindilar yig‘ishtirilib, 243 ming tonnadan ziyod axlat maxsus texnika yordamida hududlardan chiqarib tashlandi.
Tartib-intizomni kuchaytirish maqsadida Prokuratura, Ichki ishlar bo‘limlari, Milliy gvardiya va Ekologik nazorat inspeksiyasi tomonidan ham reydlar o‘tkazildi. Natijada chiqindi tashlash va sanitariya qoidalarini buzish bilan bog‘liq 36 mingdan ortiq holat aniqlanib, ular bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.
Tozalik tadbirlarida davlat tashkilotlari xodimlari va hamkor korxonalar vakillari ham ishtirok etdi. Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, “Tozalik va ozodalik oyligi” yil oxiriga qadar izchil davom etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!