Avvalo, Buxoro shahridagi Chorminor me’moriy yodgorligi haqida. Bu madrasa 1807 yilda xalifa Niyozqul tomonidan qurdirilgan. O‘z davrida kutubxonasi bilan mashhur bo‘lgan. O‘ziga xos me’moriy uslubda barpo etilgan to‘rtta minorasi bor.Kutubxonaga ham minora orqali chiqilgan.
Yurtimizga kelgan har bir xorijiy sayyoh Chorminorni tomosha qilmasdan ketmaydi. Balki bunga uning muqaddas kitoblar jamlangan go‘sha bo‘lgani sababdir. Xususan, tosh bitiklardagi yozuvlar kishini befarq qoldirmaydi. Buni qarangki, Chorminorning poydevorida ham yozuv tushirilgan.
- Ma’lumki, Islom Hamkorlik Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti — ISESCO tomonidan Buxoro shahri 2020 yilda Islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilingan, — deydi buxorolik olim, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, manbashunos Komiljon Rahimov. - Bu ko‘hna shahar qadimiy yodgorliklaridagi bitiklarni o‘rganish, tadqiq qilish, mazmun – mohiyatini xalqimizga yetkazish borasidagi ishlar qamrovini yanada kengaytirmoqda.
Chorminor me’moriy majmuasining poydevoridagi xarsang toshga kelsak, unda Mavlono Abdurahmon Jomiy (1414–1492) qalamiga mansub “Haft avrang” (“Yetti taxt”) tarkibiga kirgan “Tuhfat ul-ahror” dostonidan iqtibos mahorat bilan bitilgan. Mazkur dostonning “Tariqat qutbi, xaloyiq madadkori Xoja Bahouddin Naqshband Buxoriy (Alloh uning sirini muqaddas qilsin)” nomli bobdan keltirilgan iqtibos nasta’liq xatida toshga o‘yib yozilgan:
Sikka, ki dar Yasribu Batho zadand,
Navbati oxir ba Buxoro zadand.
Az xati on sikka nashud bahramand,
Ҷuz dili benaqshi shahi Naqshband.
V-on guhari pok na har ҷo buvad,
Ma’dani on xoki Buxoro buvad.
Mazmuni esa quyidagicha: Alloh taolo avval Yasrib bilan Batho (Makka va Madina)ga, oxirida Buxoroga shariflik muhrini bosdi. Ushbu sharafdan bahramand bo‘lmoq hammaga ham nasib etmadi, bunga faqat Shoh Naqshband sazovor bo‘ldi. Bu pokiza gavhar har yerda uchramaydi. Uning koni Buxoro tuprog‘idadir.
Maqolamiz so‘ngida bir taklifni o‘rtaga tashlamoqchimiz. Shu kabi yozuvlar mazmun – mohiyati haqida uch – to‘rt tilda ixcham ma’lumotlar tayyorlanib, ular tegishli yodgorliklar yoniga qo‘yib qo‘yilsa ziyon qilmasdi. Bu sayyohlar qiziqishiga qiziqish qo‘shar, xususan, yoshlarimizning bilimini mustahkamlab, ularning boy milliy madaniy merosimizga mehru muhabbatini yanada oshirgan bo‘lar edi.
Istam IBROHIMOV
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Moskva aeroportlarida 1000 ga yaqin tojikistonlik qolib ketdi
Xose Venansio Lopes: Ba’zi vaziyatlarda o‘zimiz nazoratni yo‘qotdik
Ilon Mask Pekinga e’lon qilinmagan tashrif bilan keldi
Osiyo kubogi. O‘zbekiston penaltilar seriyasida Tojikistonni mag‘lub etdi va bronza medallarini qo‘lga kiritdi
Olmaotada o‘likxona qo‘riqchisi jasadlarni zo‘rlaganlikda gumon qilinmoqda
Toshkentda «prava» olib berish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi
Ukraina Qrimga ATACMS raketalari bilan hujum qildi
Husiylar Rossiya neftini olib ketayotgan kemaga raketalar uchirdi