15:00 / 26.11.2021
6 213

Fahsh sahnalar, «konfet» aktyor-aktrisalar, saviyasiz ssenariylar yoxud o‘zbek seriallari haqida

Fahsh sahnalar, «konfet» aktyor-aktrisalar, saviyasiz ssenariylar yoxud o‘zbek seriallari haqida
O‘zbekiston aholisining aksariyat qismini serialsevar desak, sira mubolag‘a bo‘lmaydi. 90 yillar oxirida Janubiy Amerikaning «Morena Klara», «Muhabbat qahvasi», «Yolg‘on asirasi», «Kamila» nomli seriallarini ko‘rishga odatlangan tomoshabinlar vaqt o‘tib, yapon va koreyslarning «Oshin», «Saroy javohiri», «Jumong», «Dengiz hukmdori», «Qish sonatasi» singari telemahsulotlari bilan vaqt o‘tkazdi. Keyinchalik «Kumush», «Hinoli qor», «Aliya», «Ishkomli uy» kabi turk seriallari o‘zbek telekanallari dasturlaridan joy oldi.

Bu davr ichida o‘zbekistonlik rejissyorlar tomonidan «Ko‘ngil ko‘chalari», «Shaytanat», «Qirq tog‘oraning, qirq nog‘orasi», «Qaytar dunyo», «Hayot jilg‘alari», «Mehmonjonlardan aylanay», «Jiyda guli», «Opa-singillar» kabi ko‘p qismli filmlar yaratildi. Ammo xorij kinolarini sevib ko‘rishga o‘rgangan tomoshabinlarga yana chet el seriallarini namoyish etish odat tusiga kirdi.

Yaqin bir necha yil ichida «Sevgi iztirobi», «Hovli», «Qora niyat», «So‘yla, Qora dengiz», «Fazilatxonim va qizlari» kabi turk seriallaridagi ayrim sahnalar va aktyorlarning xatti-harakati ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqargani ko‘pchilikka ma’lum. Milliy mentalitet, ma’naviyat va o‘zbekchilikka to‘g‘ri kelmasligi haqida bong urilgach, ba’zi seriallarni namoyish etish to‘xtatildi. Xuddiki shu orqali muammoga yechim topilgandek bo‘ldi.

Oxirgi yillarda ekranlarda xorij seriallari o‘rnini o‘zbek seriallari egalladi. Deyarli barcha telekanalda chet el serialini efirga uzatish to‘xtatildi. Davlat kanallari qatori xususiy telekanallarda ham milliy seriallarni namoyish etish an’anaga aylandi. Bu, albatta, quvonarli holat. Lekin serial bozorida sifatli telemahsulotlar soni tobora kamayib boryapti.

«Ayol qasosi», «Kundosh», «Mardikor ayol», «O‘jar homilador», «Qodirxon», «Qo‘rqma, yurak», «Ali va Aliya»... Bular ayni paytda o‘zbek telekanallarida efirga uzatilayotgan seriallar nomi. Ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin. Milliy mahsulot, deya millionlab tomoshabinlarni ekran qarshisiga «mixlayotgan» bu kabi seriallar soni tobora ortib bormoqda. Ularning turfa nomda turli rejissyorlar tomonidan suratga olinishi quvonarli. Ammo aksariyat telemahsulotlarni sifat jihatdan maqtab bo‘lmaydi. Biz bugungi o‘zbek seriallari yuzasidan soha mutaxassislarining fikrlariga qiziqdik.

«Shevada gapirishlarini hazm qilolmayman»
«Gulxan atrofidagilar», «Tutash taqdirlar», «Opa-singillar» seriallari rejissyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zamira Begimqulovaning qayd etishicha, bugun nafaqat xususiy, balki davlat telekanallaridagi o‘zbek seriallarida ham qahramonlarning shevada gapirishi odatga aylangan.

Rejissyor Zamira Begimqulova
Foto: Shaxsiy arxivdan

«Rejissyor sifatida bu holatni hech hazm qilolmayman. Bir oilaning ikki, uch nafar a’zosi bir qancha shevada gapirayotganini ko‘p kuzatyapman. Ssenariy mualliflari va rejissyorlar adabiy til me’yorlariga amal qilsa yaxshi bo‘lardi.

Shuningdek, aktrisalarning haddan tashqari pardoz qilinishi, aktyorlarning ko‘pchiligi soqol bilan ekranda ko‘rinishi ham meni ajablantiradi. Soqolga bu darajada ruju qo‘yilishining sababini bilmayman, ochig‘i. Soqolga qarshi chiqmoqchi emasman. Lekin har narsada chegara bo‘lishi kerak, asalning ham ozi shirin.

Shishirilgan lab, ulama kiprik va kuchli pardoz qilingan aktrisalar kambag‘al, qiynalgan, mardikor, mahkuma ayollar rolini o‘ynashi ham g‘alati. Bugungi zamon tomoshabini bunga ishonmaydi, ularni aldashga urinish katta xato.

Pardoz, soqol tufayli aksariyat aktyor va aktrisalar tashqi ko‘rinishi jihatdan bir-biriga juda o‘xshab ketyapti. Bir qancha aktyorlar bir qator seriallarda ko‘rinish beryapti. Shuning uchun oddiy tomoshabin seriallarni ajratib olishga qiynalmoqda. Pardoz masalasiga jiddiy ahamiyat qaratilmayapti. Seriallarda urush, janjal va qonli sahnalar ham ko‘p.


«Opa-singillar» serialini suratga olish jarayoni
Foto: Rejissyor Zamira Begimqulovaning shaxsiy arxividan

Aslida, O‘zbekistonda azaldan yaxshi ssenaristlar deyarli bo‘lmagan, hozir ham xuddi shunday. Seriallar ichida saviyasiz ssenariy asosida ishlanganlari talaygina. Lekin o‘zbek yozuvchilarining yaxshi hikoya, qissa va romanlari ko‘p. Rejissyorlar mana shulardan foydalanib, serial olsa, muvaffaqiyatli loyihalar yaratiladi.

So‘nggi uch yil ichida faqat «Sizsiz o‘tmas kunlarim» serialini tomoshabin sifatida boshidan oxirigacha qiziqib ko‘rdim. Professional aktyorlar ijrosi, ssenariy juda yoqdi. Aktrisa Shodiya Abduqodirovani o‘zim uchun qaytadan kashf qildim. «Meni asra» nomli serial haqida ham ko‘plab kinoijodkorlardan iliq fikrlar eshitdim. Lekin o‘zim hali ko‘rganimcha yo‘q
», — deydi Zamira Begimqulova.

«Serial biznesi urfga kirdi»
«Sevimli» telekanalida namoyish etilgan «Qadam» va «Meni asra» seriallari rejissyori Baxtiyor Safarovning fikricha, hozirgi kunda serial olishdan asosiy maqsad katta daromad topish bo‘lib qolmoqda.

«O‘zbek seriallarining ko‘payib ketgani sabab bu yo‘nalishda biroz tanaffus qilishimga to‘g‘ri keldi. Ikkita serial suratga olib, ma’lum miqdorda tajriba to‘plagan bo‘lsam-da, ammo hozirgi serial bozoriga kirmaslikka qaror qildim. Gap raqobatdan cho‘chishda emas. Shunchaki, san’atni sanoatga aylantirishga hissa qo‘shish niyatim yo‘q.

Rejissyor Baxtiyor Safarov
Foto: Shaxsiy arxivdan

Bugun serial olishdan ko‘zlangan birinchi maqsad daromad ishlash bo‘lmoqda, buni yashirishning hojati yo‘q. Agar eslasangiz, 2008–2010 yillarda xususiy kinolar biznesi ancha kuchaygan edi. Keyinchalik har bir telekanalda aktrisa va xonandalarning boshlovchi sifatida ekranga chiqishi, ko‘rsatuv tayyorlash biznesi avj oldi. Hozir esa serial biznesi urfga kirgan.

Men bu biznesga aralashsam, ijodimni ikkinchi planga qo‘yishga majbur bo‘laman. Yashirmayman, ssenariysi tayyor seriallarga rejissyorlik qilishga ko‘p takliflar tushyapti. Lekin rad javobini beryapman. Sababi inson qiladigan ishidan, avvalo, o‘zi zavqlanishi kerak
», — deydi Baxtiyor Safarov.

Prodyuserning qarindoshi, «konfet» aktyorlar...
Uning ta’kidlashicha, seriallarning aksariyatida joy va kiyimlar masalasiga jiddiy ahamiyat qaratilmayapti.

«Hozirgi seriallarga aktyorlar noto‘g‘ri tanlanmoqda. Tomoshabin e’tiborini tortish uchun ikki-uch nafar taniqli va professional aktyorlar jalb qilinyapti, xolos. Qolganlarini surishtirsangiz, prodyuserning qarindoshi yoki gonorar olmasdan tekinga rol o‘ynayotgan havaskorlar, «konfet», ya’ni pul berib ekranga chiqish orzusida yurganlar ekani ma’lum bo‘ladi. Baribir tanish-bilishchilik va pul berib rol o‘ynaydiganlar bor, buni san’at vakillari juda yaxshi biladi. Mana shu holat g‘ashimni keltiradi.

Ular serialdagi xatti-harakati bilan bu soha odami emasligini yoki aktyorlik qobiliyati yo‘qligini bilintirib qo‘yadi. Rejissyor aktyorlar jamoasini shakllantirishda san’at sohasida o‘qib, tanilmagan aktyorlarni, iste’dodli yoshlarni tanlov asosida saralab olsa bo‘ladi. Ammo hamma narsa borib mablag‘ga taqaladi, ilojsizlikdan tanish-bilishlarga rol berilyapti
», — deya ta’kidladi rejissyor.

«Professional aktyorlarning darajasi tushib ketyapti»
Safarov seriallardagi kamchiliklar haqida gapirarkan, aholining ziyoli qatlami serial ko‘rmasligini aytdi.

«O‘zbek seriallari ko‘payishining eng katta plyus tomoni shuki, xorij seriallaridagi yot g‘oyalar bizga kirib kelmaydi. O‘zimizning milliy mahsulotlar yaratilishi quvonarli holat. Lekin minus taraflari ham yo‘q emas.

Hayotiy mavzular deb, tomoshabinni qiziqtirish uchun jinsiy va oilaviy zo‘ravonlik, fahsh va vahshiylik aks etgan sahnalar ko‘payib ketmoqda. Natijada odamlarda haddan tashqari agressiya hosil bo‘lyapti, tomoshabinlarning ko‘zi shunga moslashib, bundan-da vahshiy yoki dahshatli manzaralarni ko‘rgisi keladi, diydasi qotadi, didi sayozlashadi va hayratlanish tuyg‘usi yo‘qoladi
.

«Qadam» serialidan kadr
Foto: Baxtiyor Safarov

Rejissyorlarni ham to‘g‘ri tushunaman. Chunki ular shunday sahnalar orqali tomoshabinlarni ekran qarshisiga chorlashga, qiziqish uyg‘otishga harakat qilyapti. Lekin serial ko‘rgan odam ma’naviy tomonlama ham dam olishi, maza qilishi kerak-ku. To‘g‘ri, yuqorida aytib o‘tilgan holatlar jamiyatda uchrab turibdi. Lekin ularni ochiq-oydin ekranga olib chiqmay, badiiylik bilan tasvirga tushirsa ham bo‘ladi-ku!

Tan olish kerak, seriallarimizda tarbiyaviy ahamiyatga ega sahnalar, ta’sirli dialoglar ham bor. Lekin odamni asabiylashtirib, jazavaga tushiradigan epizodlar bisyor.

Gonorari qimmat va qadri baland bo‘lgan aktyorlar ham sifatli filmlar yo‘qligi hamda pul uchun seriallarda suratga tushishga majbur bo‘lmoqda. Ular ham oilasini boqib, tirikchilik qilishi kerak, yaxshi kinolarga taklif kutib, vaqtini o‘tkazmaydi-ku. Shu sabab ko‘plab professional aktyorlarning darajasi tushib ketyapti.

Hozir «o‘zbek seriallarini ko‘rmayman», degan gapni ko‘pchilikdan eshitamiz. O‘zini hurmat qiladigan, o‘z ustida ishlaydigan, vaqtini qadrlaydigan auditoriya, ya’ni ziyoli qatlam o‘zbek serialini ko‘rmayapti. Bu — haqiqat!

Shuning uchun ham biz ijodkorlar o‘z ustimizda izlanib, sifatli va badiiy jihatdan saviyali mahsulotlarimiz bilan didi nozik har qanday yoshdagi tomoshabin ko‘nglini zabt etishimiz zarur
», — deydi Baxtiyor Safarov.

«Bosh qahramon taqdiri tomoshabin yodida qolmayapti»
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shodiya Abduqodirova o‘zbek seriallarining ko‘payib borayotganini ijobiy baholarkan, ammo sifatsiz mahsulotlar ham talay ekanini qayd etdi.

«O‘zbek seriallarining ko‘payishi, albatta, yaxshi holat. Chunki telekanallar o‘rtasida raqobat paydo bo‘ladi. Tomoshabinlarda esa tanlov imkoniyati kengayadi. Seriallarning son jihatdan ko‘pligi va suratga olish ishlarining tezligi aktrisa sifatida meni quvontiradi.

Aktrisa Shodiya Abduqodirova
Foto: Shaxsiy arxivdan

Lekin soni ko‘p bo‘lsa-da, ular orasida saviyasiz, puxta bo‘lmagan mahsulotlar ham talay ekanini alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Sifatdan ko‘ra, songa katta ahamiyat qaratilishiga qarshiman.

Ilgari sanoqli telekanallar bo‘lardi. O‘sha davr uchun juda yaxshi mavzular ekranga olib chiqilardi. Professional rejissyor va aktyorlar jamoasi jalb qilinardi. Ssenariylar har jihatdan pishiq bo‘lgani bois ekran qarshisidagi odamlar qahramonlar bilan birga yashardi, ibrat olishga harakat qilardi, ta’sirlanar edi. Bugungi kunda kuchli piar qilinayotgan seriallarning mavzusi, undagi muammo va asosiy qahramonning taqdiri tomoshabin yodida qolmayapti
», — deydi u.

«Havaskorlar professionallarning orqasiga berkinmoqda»
«Qaytar dunyo», «Tutash taqdirlar», «Mehmonxona», «Sizsiz o‘tmas kunlarim» kabi o‘nlab milliy seriallardagi rollari bilan ham tanilgan aktrisaning ta’kidlashicha, badiiy kengashlar faoliyatini kuchaytirish zarur.

«Seriallarga juda ko‘p takliflar kelib tushadi, deyarli har hafta. Lekin qahramonlarimdan jo‘yali ma’no topa olmayapman. Bosh rol bo‘lganda ham, u ezgulikka xizmat qilishi kerak. Afsuski, oxirgi uch-to‘rt yil ichida birorta serialda qatnashganim yo‘q. Sababi men kutayotgan, ko‘nglimdagi taklif va ssenariylar kelmayapti.

Hozirgi seriallarning ssenariysida saviyaning pastligi va «tosh yo‘qligi» g‘ashimga tegadi. Sohaga aloqasi yo‘q havaskorlar ko‘payib ketgan. Oddiy tomoshabin uning aktyor yoki havaskorligini ham bilmaydi. Qisqasi, professionallik yetishmayapti. Hamma o‘z ishini bajarsa va sidqidildan uddalasa, albatta, sifatli seriallar yaratiladi.

Havaskorlar tomonidan yozilgan va ular suratga olayotgan seriallarda deyarli 70 foiz «konfet»lar rol ijro etmoqda. E’tiborli jihati shundaki, ular bilan bir qatorda professional aktyorlar ham rol o‘ynayapti. Havaskorlar professionallarning orqasiga berkinmoqda.

Avvallari har bir telekanalda badiiy kengash bo‘lardi. Hozirgi kunda bormi yoki yo‘q, bilmayman. Agar mavjud bo‘lsa, ularning faoliyatini kuchaytirish kerak. Negaki, bugungi seriallarning badiiy jihatdan saviyasini, etika-estetika va mentalitetga to‘g‘ri kelmaydigan sahnalarini nazorat qilish zarur. Saviya juda ham pasayib ketgan. Bir xil mavzular, fahsh va vahshiylik tasvirlangan sahnalar tomoshabinni zeriktiradi, diydasini qotiradi.

Shu o‘rinda bir narsani unutmaslik kerakki, har doim talabga yarasha mahsulot yaratiladi. O‘zbek tomoshabinlarning aksariyati jiddiy mavzulardagi kino va seriallarni ko‘rishni xohlamaydi. Bunga bir ermakdek qarashadi
», — deydi Shodiya Abduqodirova.

O‘zbekistondagi reytingi baland xususiy telekanallarda ayni kunlarda quyidagi seriallar efirga uzatilmoqda:
- «Sevimli» telekanali — «Mardikor ayol», «Qo‘rqma, yurak», «Ishq o‘yinlari», «Ko‘k ko‘z»;
- «Zo‘r TV» telekanali — «Qodirxon. Baxt shakli», «Kundosh», «Ko‘ngil»;
- «Milliy» telekanali — «Baxt ovchisi», «O‘jar homilador», «Ayol qasosi»;
- «Mening yurtim» telekanali — «Ali va Aliya», «Jurnalist».

Hukumat qarori o‘z kuchini yo‘qotgan
Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 12 iyunda «Milliy serial kompleks ijodiy-ishlab chiqarish dasturi to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingach, «O‘zbektelefilm» DUK mazkur hujjatga asosan, ichki nizom ishlab chiqqan. Nizomga ko‘ra, milliy seriallar badiiy kengashda muhokama qilingan. Ammo hukumatning 2006 yildagi ushbu qarori 2021 yil 22 fevralda o‘z kuchini yo‘qotgan.

Bundan anglash mumkinki, davlat va xususiy telekanallarda efirga uzatilayotgan seriallar kuchli mutaxassislar muhokamasidan o‘tkazilmaydi. Agar har bir telekanal qoshida badiiy kengash bo‘lganida, hozirgi kunda mazmunan sayoz seriallar qo‘ziqorindek bolalab ketmas edi.

Kinematografiya agentligi nima deydi?
Kinematografiya agentligi axborot xizmati rahbari Nozim Safarovning qayd etishicha, agentlik faqat davlat buyurtmasi bilan suratga olinadigan yoki hamkorlikda ishlab chiqariladigan seriallarni nazorat qiladi.

«Prezidentning 2021 yil 7 apreldagi ‘Kino san’ati va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida’gi farmoniga muvofiq, xususiy telekanallar bilan hamkorlikda seriallar suratga olish ko‘zda tutilgan. Ushbu tartib bo‘yicha yaratiladigan va agentlik moliyalashtiradigan boshqa seriallar badiiy kengash tavsiyasiga ko‘ra suratga olinadi.

Xususiy telekanallarning o‘zi mustaqil ishlab chiqaradigan va boshqa xususiy studiyalar tomonidan ijtimoiy tarmoqlar, internet kanallari uchun suratga olinadigan seriallarning agentlikka aloqasi yo‘q. Kinematografiya agentligi faqat davlat buyurtmasiga asosan ishlab chiqariladigan yoki hamkorlikda suratga olinadigan loyihalarni nazorat qiladi.

O‘tgan vaqt mobaynida ‘Mening yurtim’ telekanali bilan birgalikda 120 qismli ‘Qodirxon’ seriali suratga olindi. ‘Zo‘r TV’ telekanali bilan hamkorlikda sog‘liqni saqlash xodimlari to‘g‘risida hikoya qiluvchi ‘Najotkorlar’, ‘Sevimli’ telekanali bilan esa ‘Orzular palatasi’ seriallari ekran yuzini ko‘rdi. Shuningdek, ‘Ibrat’, ‘Avloniy’, ‘Mahmudxo‘ja Behbudiy’, ‘Sabr-u sadoqat’ kabi badiiy filmlar ham serial ko‘rinishida qayta ishlandi.

Xususiy telekanallar bilan hamkorlikda seriallar olish amaliyoti joriy yil ham davom etib kelmoqda. Bir qator telekanallardan loyihalar bo‘yicha takliflar kelib tushgan. Hozirda ular badiiy kengash tomonidan ko‘rib chiqilmoqda
», — deydi Nozim Safarov.

Biz mazkur maqola orqali bugun suratga olinayotgan o‘zbek seriallarining barchasini sifatsiz mahsulotlar deyishdan yiroqmiz. Ammo saviyali seriallardan ko‘ra, reyting uchun ishlab chiqarilayotgan ma’no-mazmunsizlari ko‘pligi oydek ravshan. Bu kabi seriallarni har tomonlama elakdan o‘tkazuvchi badiiy kengashlarni tashkil qilish, mavjudlarining faoliyatini qayta ko‘rib chiqish zarur deb hisoblaymiz. Zero, shundan keyin tom ma’nodagi milliy teleseriallar soni ortsa!

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Fahsh sahnalar, «konfet» aktyor-aktrisalar, saviyasiz ssenariylar yoxud o‘zbek seriallari haqida