21:44 / 02.02.2022
1 121

Sohibqironni haqorat qilish turistik salohiyatni targ‘ib qiladimi?

Sohibqironni haqorat qilish turistik salohiyatni targ‘ib qiladimi?
Shu kunlarda Turizm va sport vazirligining feysbukdagi sahifasida va YouTube'dagi «Mendirman Jaloliddin» kanalida taqdim etilgan «Indiana Jons O‘zbekistonda» nomli qisqa metrajli videorolik keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ushbu filmga quyidagi izoh ilova qilingan: «AQSHlik videobloggerlar jamoasi Indiana Jons ruhidagi qisqa video suratga olishdi. Filmga o‘zbekistonlik Behruz Hamzayev prodyuserlik qilgan, rejissyori esa Devin Grexem».

Videorolik boshlanishida ushbu jumlalar keltirilgan: “Timur, Tamerlan – dunyodagi eng mashhur bosqinchilardan biri bo‘lib, u haqidagi barcha hikoyalar qonli daryolar bilan tugaydi. Uning qo‘lida 17 milliondan ortiq odam halok bo‘lgan. U XIV asrda Yer yuzidagi barcha aholining 5 foizini qirib tashladi. “O‘lim otasi” sifatida ham tanilgan. Dafn etilganida qabr toshiga la’nat o‘yib yozilgan: “Kim mening qabrimni ochishga jur’at etsa, mendan ham qattol bosqinchiga yo‘liqadi”. 1941 yili SSSR hukumati uning qabrini ochdi va bir necha soatdan keyin Adolf Gitler qo‘shinlari SSSRga bostirib kirdi. Jasad joyiga qaytarildi, urush to‘satdan tugadi...”.

Bu film yuzasidan O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron o‘zining feysbuk sahifasida shunday izoh qoldirgan: “Nahotki, O‘zbekistonni dunyo odamlariga tanitish uchun o‘zbek milliy davlatchiligining timsollaridan biriga aylangan Sohibqiron bobomizni yerga urish, toptash kerak bo‘lsa?
Nahotki, biror bir jiddiy va ilmiy jihatdan tadqiq etilmagan, asosan islom olamining dushmanlari bo‘lmish g‘arb va armani “tarixchi”larning yolg‘onga to‘la asarlaridan ko‘r-ko‘rona olingan soxta ma’lumotlardan foydalanish mumkin bo‘lsa?!
Nahotki, mazkur ishga boshu qosh bo‘lgan o‘zbekistonlik vakillar buning uyalmasdan tuzluqqa tupurish ekanini tushunishmasa?!
” – deb yozgan taniqli shoir. Ushbu holat yuzasidan Xurshid Davron Turizm va sport vazirligidan izoh so‘ragan.

Azon.uz jamoasi ham ushbu film borasida tegishli tashkilotlar fikri bilan qiziqdi. Jumladan O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov bu film haqida qisqa qilib «menga ma’qul bo‘lmadi» deb javob berdi.

Shuningdek ushbu film xususida tarix fanlari doktori, professor, Temuriylar davlat muzeyi bo‘lim mudiri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Abduraim Madraimov shunday fikr bildirdi:

«Ayni kunlarda hammani e’tiborini o‘ziga qaratayotgan bu qisqa metrajli filmni boshida keltirilgan Amir Temur haqidagi ma’lumotlar g‘irt tuhmatdan iborat. Amir Temur nafaqat O‘zbekistonning faxri, balki yigirma yettita davlatni birlashtirgan buyuk sarkardadir. Bu filmda Amir Temur haqida yolg‘on, tuhmat gaplarni keltirilishi haqiqatga to‘g‘ri emas. Bu film chiqqandan keyin biz yana bir bora tarixiy manbalarga murojaat qildik. O‘z davrida yetuk olimlar o‘rgangan manbalarni yana bir bora ko‘rib chiqdik. Bu manbalar filmda keltirilgan gaplarni faqatgina tuhmat ekanligini yana bir bora isbotladi. Biz Amir Temur to‘g‘risida bu kabi yolg‘onlarni tarqalishiga qarshimiz».

Shuningdek, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi matbuot kotibi Razzak Shaymardanov: «Bu ish TV, Madaniyat vazirligi, AOKA, Din ishlari qo‘mitasi, OAV xodimlari bilan muhokama qiladigan masala. Faqat matbuotda yoritish emas, oxirigacha yetkazish kerak. Muqaddas maskanlarga loqaydlik, urf-odat, qadriyatlarimizga bepisandlikdir. Yoshlarimizni yot g‘oyalar qurshoviga tashlaydi. Bir to‘xtamga kelib, masalani jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak», degan mulohazalarini aytdi.

Ushbu masala yuzasidan Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘landik, lekin matbuot xodimi bu filmga rahbariyat bilan maslahat qilgandan so‘ng munosabat bildirishi mumkinligini aytdi.

Nihoyat videorolikka munosabat bildirgan Turizm va sport vazirligi videorolik uning tashabbusi bilan tasvirga olinmaganini ma’lum qildi.
Xabar berilishicha, rolik mualliflari bilan bu bo‘yicha hech qanday kelishuv ham bo‘lmagan.

«Vazirlik videorolik avvalida sohibqiron Amir Temur haqida aytilgan fikrlarga xayrixoh emas. Shunday bo‘lsa-da, qayd etish joizki, videoroliklarda tomoshabinning e’tiborini jalb qilish uchun ham “badiiy to‘qima” qo‘llangan bo‘lishi mumkin, bu auditoriyani jalb qilish maqsadida tez-tez ishlatiladigan uslubdir. Videorolikning o‘zini umumiy oladigan bo‘lsak, bu kabi videolar mamlakatimizning turistik salohiyatini targ‘ib qilishda ijobiy xizmat qiladi», — deyiladi vazirlik munosabatida.

Qiziq, buyuk Sohibqiron bobomizga tuhmat qilingan, uni o‘nlab million kishining qotili deyilgan so‘zlar qanday qilib “mamlakatimizning turistik salohiyatini targ‘ib qilishda ijobiy xizmat qilishi” mumkin?! Qani mantiq, qani farosat? “Auditoriyani jalb qilish maqsadida” Amir Temur bobomizni “o‘lim otasi” deyish shartmidi?!

Nurbek G‘ofurov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Sohibqironni haqorat qilish turistik salohiyatni targ‘ib qiladimi?