date
views 5 275

«Yor-yor» koʻrsatuvi tanqidlardan soʻng oʻzgardimi?

«Yor-yor» koʻrsatuvi tanqidlardan soʻng oʻzgardimi?
Foto: Videolavhadan skrinshot
Oʻtgan yili noyabr oyida Prezidentning Shayxontohur tumaniga tashrifi chogʻida «Nuroniy» jamgʻarmasi Toshkent shahar kengashi raisi Rustam Kalonov «Mahallada duv-duv gap» va «Yor-yor» koʻrsatuvlarini tanqid qilgan edi: «Umuman bizning an'analarimizga zid. Qanday qilib oila davrasida tomosha qilish mumkin, hayronman. Unda chiqqan xotinlar er topaman deydi, erkaklar xotin. Yaxshi erkak boʻlsa, oʻzi xotin topib oladi». Prezident tadbirda ishtirok etayotgan Bosh vazirga bu masalani nazoratga olishni tayinlagan edi.

Shundan soʻng OʻzEOAVMA Bosh direktsiyasi va Ekspertlar kengashining qoʻshma yigʻilishi boʻlib oʻtgan, teleradiokanallarda media mahsulotlar tayyorlashda ma'naviy-ma'rifiy jihatiga e'tiborni kuchaytirish, oila qadriyatlarini, xalq an'analarini koʻrsatuvlar mazmuniga chuqur singdirish singari masalalar koʻrilgan.

Yigʻilishda «Zoʻr TV» telekanali bosh muharriri Feruza Yusupova «Yor-yor» koʻrsatuvining ijtimoiy mazmuni va yukini kuchaytirish yuzasidan zarur choralar koʻrilayotgani, mamlakatimiz jamoatchiligi va tomoshabinlar bildirayotgan taklif va tavsiyalar, albatta, inobatga olinishini aytib oʻtgan.
Biz tanqidlardan soʻng dastur haqida soʻrab-surishtirdik.

Xonbibi Himmat qizi, koʻrsatuv ishtirokchisi, jurnalist:
– 2020 yilning oxirlarida «Zoʻr TV» telekanalida «Yor-yor» koʻrsatuvi namoyish etila boshladi. Shu paytgacha andisha qilib, dardini birovga aytolmagan yolgʻizlar, bevalar, turmushga chiqmaganlar oʻz baxtini va juftini izlab kelishdi. Bunday dasturlar Rossiya, Turkiya, Qozogʻiston telekanallarida borligini bilardim. Lekin bizning mentalitetimizga toʻgʻri kelarmikin, deb ikkilangandim.

Jurnalist Muhabbat Hamroeva, hoji ona Omina Karimova va soʻz ustasi Toʻxtamurod Azizov koʻrsatuvga kelganlarga oʻzlarini qiziqtirgan savollarni berishdi. Shu bahona yurtimizda sha'riy nikoh orqali qurilgan koʻplab oilalar tez orada parokandalikka yuz tutgani butun elga oshkor boʻldi. Ularning hayoti boshqalarga saboq boʻlishi kerak.

Ayrim ota-onalar oʻgʻlining ajrashishini kutib oʻtirmasdan darhol boshqa qizga uylantirib qoʻyib, keyin attang deb qolishlarini ham koʻrdik, eshitdik. Ba'zi erkaklarning otalik mas'uliyatini unutgani achinarli hol. Oila bilan bogʻliq koʻp sirlar fosh boʻldi. Orzulari sarobga aylangan kelin, ayoliga xiyonat qilgan erkak, ikki bolasiga mehr bermagan ota, eri oʻzidan 20 yosh katta xotinga uylanib olgan ayol hasrati, qaynakasi tufayli turmushi buzilgan kelinchak, etti oylik chaqalogʻi bilan baxtini izlab kelgan juvon, qizi bilan koʻchada qolgan ona, uch kun yashagan kelinning ogʻir qismati, kuyovga mebel yoqmagani uchun ajrashgan, qaynonasi urgan kelinlarning dardu hasratidan tutun chiqadi.

Ammo keyingi paytlarda bu koʻrsatuvdagi gap-soʻzlardan koʻpchilik ranjiy boshladi. Ayrim sabablarga koʻra turmushga chiqmasdan ishlayotgan yoki uyda oʻtirgan yoshi katta qizlarga «Nega uydagilarga turmushga chiqaman, deb aytmadingiz? Shu yoshgacha oʻtiraverdingizmi?» degan savollar beriladi. Oʻzbek oilasida tarbiya topgan qaysi qiz ota-onasiga «Men erga tegaman» deb aytadi.

Gohida ishtirokchilarni televidenie ostonasiga bosh urib borganiga pushaymon qildiradigan savollar ham berilishi oʻrinlimikan? 44 yoshli oʻqituvchi qizga «Nimaga shu paytgacha turmushga chiqmadingiz? Endi 50 yoshniyam oʻtkazasiz. Uylangan, bolasi bor erkak sizga oq koʻylak kiydirib, toʻy qilishni xohlamaydi-da, uyaladi», deyishdi. Buning nimasi uyat? Axir uning ham orzu-havaslari bor-ku. Toʻysiz uyidan chiqib ketishi kerakmi? Xullas, koʻrsatuvga najot istab borganlarni hurmat-izzatini joyiga qoʻyish lozim. Kim nima desa desin-u, lekin hamma ham baxtli boʻlishga haqlidir.

Muhiddin Omon, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir:
– Fikrimcha, oila qurish TV orqali amalga oshirilishi milliy mentalitetimizga toʻgʻri kelmaydi. Rivojlangan davlatlarda bu ish bilan rasman roʻyxatdan oʻtgan, faoliyati davlatning amaldagi qonunchiligiga muvofiq keladigan nikoh agentliklari shugʻullanadi. Bizda ham shunday boʻlishi lozim.

Oila masalasining, inson taqdirining shou qilinishi baribir qadriyatlarimizga salbiy ta'sir etadi. Balki koʻrsatuv tufayli kimlarningdir oilasi butlanayotgan, kimlardir oʻz baxtini topayotgandir. Aniq fikr aytish uchun mavjud statistikani ham bir oʻrganib chiqish kerak, deb oʻylayman.

Koʻrsatuvda boshlovchilarning muomala madaniyati, ishtirokchilarga munosabatini ham huquqiy jihatdan baholash kerak. Xullas, ayni shakldagi koʻrsatuvni men ma'qullay olmayman. Bu shaxsiy fikrim, albatta.

Muhabbat Hamroeva, «Yor-yor» koʻrsatuvi boshlovchisi:
– «Yor-yor» koʻrsatuvini «er topdi», «xotin topdi» deb oʻylaydiganlar ishtirokchilarning bu erga qay ahvolda kelishiyu va ishtirok etgandan soʻng qay holatda chiqib ketayotganini koʻrishsa, fikrlari butunlay oʻzgaradi. Dasturda juftliklar bir-birini sovchilar orqali emas, balki uch boshlovchi maslahatlari, turli hayotiy hikoyalari asosida bir-birini topadilar.

Bundan tashqari, «Yor-yor» dasturida oilaviy byudjet, oilaviy hayotning dastlabki bosqichidagi qiyinchiliklarning oldini olish, muammolarga qanday yondashish, murakkab vaziyatlardan qanday chiqib ketish yoʻllariga ham toʻxtalib oʻtiladi. Yoshlarga yuridik maslahatlar, hayotiy oʻgitlar berib boriladi. Bu erda nafaqat oilalar qurilyapti, balki ajralish arafasida turgan juftliklar ham yarashtirilyapti. Oʻnga yaqin oila ajralib ketishining oldi olindi, bolalari bagʻriga qaytarildi. Hokimliklarga murojaat qilinib, bir nechta oilalar uy-joy bilan ta'minlandi.

Hozirga qadar bir yarim ming taqdir koʻrilgan boʻlsa, shundan 421 nafarining toʻyi boʻldi. Dastur haqidagi tanqidlardan keyin biz toʻxtab qolmadik, ammo hushyor tortdik. Tanqid, albatta, kelajak mevasi, balki ayrim oʻrinlarda ishtirokchilarga oʻta samimiy boʻlgandirmiz, balki qattiqroq gapirgandirmiz, «ZAGSing bormi?», «Aliment olasanmi?» deb dangal soʻragandirmiz. Lekin bu gaplarni, avvalo, ularning foydasini, qolaversa, oila qurish ostonasida turgan yoshlar bilib qoʻyishlari uchun aytdik. Chunki keladigan oʻnta ishtirokchidan sakkiztasida FHDYo guvohnomasi yoʻq. Koʻrsatuvimiz doirasida imkon darajasida shunday holatlarga chek qoʻyishga urinyapmiz.

Bir quvonarli holat, Omina opam 85 yoshda, Toʻxtamurod akam 75 yoshdan oshganiga qaramasdan, respublikamizning qaerida boʻlsa ham, ishtirokchilarning qonuniy nikohdan oʻtgani, oilaviy baxtiyor ekaniga ishonch hosil qilish maqsadida birgalikda toʻylariga boryapmiz. Hokimliklarni, mahallalarni hamkorlikka chaqirganmiz, mahalla posbonlari biz bilan hamkorlikda ishlayapti, yolgʻiz qolgan insonlarga «Yor-yor»ga borishni maslahat beryapti.

Ayrim odamlar «Yor-yor» koʻrsatuviga qanaqa gʻalati odamlar keladi-ya, deb gapirishadi, lekin biz odam ajratmaymiz. Ishtirokchilar orasida oliy ma'lumotlilar ham, maktabni bitirolmaganlar ham bor, ularning saviyasi har xil. Biz ularni kamsitmagan holda suhbatlashamiz va toʻgʻri yoʻl koʻrsatishga harakat qilamiz. Masalan, Oksfordda oʻqigan Zilola, Rossiyada ta'lim oladigan IT-mutaxassis Adhambek, Koreyada tahsil olgan yurtdoshimiz qatnashdi. Misr, Qozogʻiston, Gruziya kabi mamlakatlardan ham mehmonlar kelyapti. Demak, koʻrsatuv bugun dunyo sari yuz tutgan, bu esa bizning yutugʻimiz, albatta.

Oddiy insonlarning taqdiri hamma uchun qiziq boʻlgani bois bu koʻrsatuv auditoriyani televideniega qaytardi. Dastur besh daqiqa kechikadigan boʻlsa, dunyoning turli chekkalarida yashaydigan yurtdoshlarimiz qoʻngʻirogʻidan «Zoʻr TV» telefonlari tinim bilmaydi. Hozirda biz koʻrsatuv ijodkorlarini Amerikaga taklif qilishib, shu erda yashaydigan oʻzbeklarga ham juftini topishga yordam beringlar, 35-40 yoshli qizlarimiz oila qurishga kechikyapti, deyishyapti.

Urf-odatlarimizga zid boʻlgani uchun koʻrsatuv yopilsin, deb ikki bora taklif qilindi. Ammo xalqqa bu dastur yoqyapti, faqat ayrim kimsalarga ma'qul boʻlmayapti, shekilli. Chunki mahalla va oila boʻyicha boshqaruv organlari yaxshi ishlamayapti. Kimlar yolgʻiz yashayapti, qaysi qizlar turmushga chiqolmayapti – bilishmaydi. Masalaning yana bir minus tarafi ochilib qolyapti: kelin-kuyovlar FHDYodan oʻtmasidan, imom-xatiblar ularga nikoh oʻqishyapti.

Ishtirokchilarimiz orasida keksa odamlar ham bor, 85 yoshli jizzaxlik, 74 yoshli toshkentlik otaxonni uylantirdik. «Oʻlimimizni kutib yashardik, umrimiz ma'nosiz oʻtayotgandi», deyishgandi ular. Bu yoshda uylanib nima qiladi, deydigan odamlar topiladi. Ammo qariganda ham insonga darddosh, hamroh, umr yoʻldoshi kerak boʻladi Masalan, chet elda keksalar yigʻilib dardlashadigan qariyalar klubi bor. Bizda esa keksalarning koʻnglini kim eshitadi? Hozir ayollarimiz orasida koʻkrak saratoni xastaligi ortgan, bu yolgʻizlik, tushkunlik oqibati ekani shubhasiz.

Abdulaziz Muborak, jurnalist:
– Buvim Inombibi tom ma'noda qishloqning Farmonbibisi edilar. Hech kim u kishidan bemaslahat toʻy qilmas, qozon osmasdi. Kim kimga munosib, kim kim bilan uvali-juvali boʻlib ketadi, qaysi oila qaysisiga toʻgʻri kelmaydi, buvim masalani osongina echib berardilar. Biror qiz yoki juvon oʻtirib qolsa, darrov joyini topib, toʻy boshlatib yuborardilar. Qoʻli kalta oilalarni mahalla ayollari bilan oʻrtaga olib, sarpo-surugʻiga yordamlashib, toʻyini oʻtkazib berishardi. Sovchilik boʻyicha professional edilar.

Qozilikni ham qotirardilar. Qishloqning asosiy oilaviy gʻavgʻosi bizning hovlida echilardi. Bir gaplari qulogʻimda qolgan: «Bolam, uylanish bozorga borib mol olish emas: puling boʻlsa darrov borib, yoqqanini tanlab kelaversang. Nikoh koʻpchilikning ishi, oiladagilar, mahalla-koʻy birgalikda amalga oshiradigan ish». Darhaqiqat, shunday.

Alloh ham Qur'oni karimda qoʻl ostingizdagilarni nikohlab qoʻying, degan. Sovchilik an'anasi ham ayni shu asosda shakllanib qolgan boʻlsa, ajab emas. Ammo oxirgi yillarda kayvoni onaxonlarimiz kamayib ketdi yoki oʻz vazifalarini toʻla ado etishmayapti. «Yor-yor» koʻrsatuvi menga yoqmaydi, ammo jamiyatda shunga ehtiyoj bor.

Mahalla faollari, kayvonilar oqsayotgan ishda televidenie ijodkorlari gʻayrat qilishyapti. Oʻsha koʻrsatuvda ishtirok etayotgan hamyurtlarimiz bizga oyna tutyapti. Basharang qiyshiq boʻlsa... degan maqolni unutmaylik, telejurnalistlardan oʻpkalamaylik.

Turmushga chiqish umidida koʻrsatuvga kelayotgan qizlarimiz, opa-singillarimizni koʻrib, yuragim eziladi. Ularga chin dildan baxt-saodat tilayman. Erkak kishilarning ishi nisbatan oson. Lekin ularniyam malomat qilmayman. Agar millatimiz sovchilik, mahalla ishlarida bosh-qosh boʻlishday savobli ishlarda astoydil boʻlsa, oʻz-oʻzidan bu kabi dasturlarga ehtiyoj qolmaydi, deb oʻylayman.

Nodira Ibrohimova
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » «Yor-yor» koʻrsatuvi tanqidlardan soʻng oʻzgardimi?
-->