date

Afg‘oniston va Pokiston chegarasida qonli to‘qnashuv sodir bo‘ldi

Afg‘oniston va Pokiston chegarasida qonli to‘qnashuv sodir bo‘ldi

12 oktyabr, yakshanba kuni tushdan keyin Afg‘oniston va Pokiston chegarasida vaziyat yanada keskinlashdi, deb xabar berdi AFP har ikki davlat manbalariga tayanib. Ma’lumotlarga ko‘ra, ikki tomon o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar natijasida o‘nlab odamlar halok bo‘lgan, ammo aniq raqamlarni mustaqil tarzda tekshirish imkoni yo‘q.

Kobuldagi hokimiyatni qo‘lga olgan “Tolibon” harakati rasmisi Zabiҳulloh Mujohidning bildirishicha, to‘qnashuvlarda 58 nafar Pokiston askari halok bo‘lgan. Islomobod bu ma’lumotni rad etdi. Tolibon bayonotida ta’kidlanishicha, Afg‘oniston kuchlari qo‘shni davlatning 20 ta chegara postini vaqtincha egallab olgan. Mujohid bu harakatni “javob chorasi” deb atadi va to‘qqiz afg‘on askari ham halok bo‘lganini qayd etdi.

Shu bilan birga, Pokiston OAV xavfsizlik manbalariga tayanib, afg‘on tomonida ham ko‘p sonli qurbonlar borligi haqida xabar tarqatdi. Ularga ko‘ra, Pokiston qo‘shinlari 19 ta afg‘on chegara postini o‘z nazoratiga olgan. Bu haqda ham AFP agentligi ma’lum qildi.

Kecha ikki davlat chegarasidagi mojaro yana kuchaydi — “Tolibon” va Pokiston armiyasi o‘rtasida shiddatli otishmalar bo‘lib o‘tdi. Bu voqealardan ikki kun avval Kobul Islomobodni Afg‘oniston hududiga havo zarbalari berganlikda ayblagan edi.

9 oktyabr kuni Kobul va janubiy-sharqiy hududlarda sodir bo‘lgan portlashlardan so‘ng Afg‘oniston Mudofaa vazirligi Pokistonni mamlakat suverenitetini buzishda aybladi. Pokiston esa bu ayblovlarni rad etib, Kobulni “o‘z hududida Pokiston toliblari uchun boshpana berishni to‘xtatishga” chaqirdi.

Pokiston hukumati “Tolibon” bilan bog‘liq qurolli guruhlarni 2021 yildan beri yuzlab pokistonlik askarlarni o‘ldirganlikda ayblab kelmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Pokistonlik tolillar Afg‘onistonda tayyorgarlikdan o‘tadi va afg‘on hamfikrlarining g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Pokiston razvedkasidan dpa agentligiga ma’lum qilishlaricha, Islomobod amalga oshirgan zarbalar Pokiston tolillari yetakchisi Nur Vali Mehsubga qaratilgan.

Kuzatuvchilarning fikricha, ikki davlat o‘rtasidagi bu ziddiyat nafaqat harbiy jihatdan, balki siyosiy darajada ham yangi xavfli bosqichni boshlab berishi mumkin. Afg‘oniston–Pokiston chegarasidagi beqarorlik butun mintaqada tinchlik uchun jiddiy tahdid bo‘lib qolmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Afg‘oniston va Pokiston chegarasida qonli to‘qnashuv sodir bo‘ldi