15:11 / 26.11.2016
9 369

Zamonaviy bilim va yuksak intellektual salohiyatga ega yoshlar — buyuk kelajagimiz kafolati

Zamonaviy bilim va yuksak intellektual salohiyatga ega yoshlar — buyuk kelajagimiz kafolati

Mamlakatimizda saylov kampaniyasining muhim bo‘g‘ini — saylovoldi tashviqoti o‘zining hal qiluvchi pallasiga kirdi. Bugun Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekis​ton Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturi keng jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda.

Xalqimiz hayoti, orzu-umidlarini, mamlakatimizni rivojlantirishning bugungi bosqichidagi asosiy vazifalarni o‘zida mujassam etgan mazkur dastur xalqchilligi, jamiyat hayotining barcha jabhalarini to‘liq qamrab olgani bilan ham saylovchilarimiz qalbidan chuqur joy olmoqda. Xususan, ijtimoiy sohani rivojlantirish, “Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun” degan tamoyilni amalga oshirish borasida nomzodimiz tomonidan bugungi kunda o‘zining echimini kutib turgan masalalarni hal qilish uchun mamlakatimiz miqyosidagi qator maqsadli dasturlarni amalga oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Jumladan, aholi uchun arzon uy-joylar qurish, odamlarning hayot darajasini yanada oshirish maqsadida ichimlik suvi tarmoqlarini kengaytirish va modernizasiya qilish, elektr va issiqlik energiyasi ta’minotini tubdan yaxshilash, yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish, ta’lim-tarbiya, oliy o‘quv yurtlari tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan vakillari, olimlar, ijodkor ziyolilar uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratish, cog‘liqni saqlash sohasini isloh etish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotimizdagi nufuzini izchil oshirish, madaniyat va sport muassasalari, teatr va muzeylarning moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilash kabi qator vazifalar belgilab berildi.

Raqamlarga murojaat qilsak: qishloq joylarda 2017 yilda 15 mingta zamonaviy uy-joy barpo etish; 2017-2020 yillarda shahar joylarda 945 ta ko‘p qavatli uylar qurib, 50 mingga yaqin uy-joyga muhtoj oilalarni arzon uylar bilan ta’minlash; 9 ming kilometr ichimlik suvi tarmoqlari, 1 ming 400 ta quduq va 3 ming 600 ta suv inshootini qurish va rekonstruksiya qilish, qo‘shimcha 3 million 200 ming nafar aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash; 25 ming 300 kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish, 5 ming 600 ta transformator podstansiyalarini almashtirish; 1 ming 700 kilometr avtomobil yo‘llarini, 10 ming 400 kilometr xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarini, shaharlar, tuman markazlari, kichik shaharchalar va qishloq joylardagi mahalla ko‘chalarini kapital va joriy ta’mirlash; 74 ta avtovokzal va avtostansiyalarni rekonstruksiya qilish, 300 dan ortiq yangi avtobus yo‘nalishlarini ochish kabi aniq vazifalar belgilab olingan.

Shu o‘rinda Dasturda tanlagan yo‘limiz – mashhur besh tamoyilga asoslangan taraqqiyot strategiyasi, ya’ni “o‘zbek modeli” asosida demokratik islohotlarni izchil davom ettirish, xalqimiz uchun tinch va osoyishta, munosib hayot darajasini yaratish maqsadi mujassam bo‘lganligini ta’kidlash joiz. Zotan rivojlanishning “o‘zbek modeli” naqadar to‘g‘ri ekanini, og‘ir sinovlardan o‘tib, mamlakatimiz rivoji uchun mustahkam zamin bo‘lib qolganini hayotimizning o‘zi isbotlab bermoqda. Buning tasdig‘ini mustaqillikka erishganimizning dastlabki kunlaridan boshlab eng o‘tkir va hal qiluvchi masala — zamon talabiga javob beradigan yangi avlod kadrlarini tayyorlash vazifasi misolida yaqqol kuzatish mumkin.

Modomiki, bundan bir necha yil oldin eski qolip va asoratlardan voz kechib, Kadrlar tayyorlash milliy das​turi va uning uzviy davomi bo‘lgan Maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy dasturini qabul qilib, ta’lim-tarbiya tizimi tubdan o‘zgartirilmaganida, buning uchun davlatimiz va butun jamoatchiligimiz kuch va imkoniyatlari safarbar etilmaganida, bugun murakkab ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan bo‘lar edik.

Ushbu dasturlar asosida mamlakatimizda 9+3 sxemasi bo‘yicha 12 yillik uzluksiz umumiy ta’lim tizimiga o‘tildi, yangi tipdagi, zamonaviy maktab, kollej va liseylar qurildi, oliy ta’lim tizimi jahon tajribasi va iqtisodiyotimiz, jamiyatimiz va davlatimizning barqaror o‘sish talablaridan kelib chiqib qaytadan barpo etildi, ularning moddiy-texnik bazasi, saboq berish standartlari butunlay yangilandi.

Istiqlol yillarida mamlakatimizda oliy ta’lim sohasida ham tub islohotlar amalga oshirildi, bakalavr va magistrlar tayyorlashning Evropa tizimiga o‘tildi, oliy o‘quv yurtlari soni 2,5 barobar ko‘paydi. O‘zbekistonda dunyoda tan olingan qator xorijiy oliy ta’lim muassasalarining, xususan, Xalqaro Vestminster universiteti, Turin politexnika instituti, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Inha universiteti, M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, M.I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti, G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti filiallari faoliyat olib bormoqda. Bugungi kunda oliy o‘quv yurtlarimizda 260 ming nafardan ziyod talaba hayotning o‘zi talab etayotgan 850 dan ortiq yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha bilim olishmoqda.

Birgina joriy yilning o‘zida oliy ta’lim tizimi rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan 10 dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti va Toshkent davlat pedagogika universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish, oliy ta’lim tizimini xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlar bilan ta’minlashga qaratilgan qator farmon va qarorlarning qabul qilinishi yoshlarimizning jahonning rivojlangan mamlakatlaridagi ta’lim standartlariga to‘la mos keladigan bilimlarni egallashlariga, ularning ijodiy va intellektual salohiyatlarini oshirishga xizmat qilmoqda.

Xalq ta’limi tizimidagi bolalar va o‘smirlar sport maktablarida 266 ming atrofidagi o‘quvchilarga sportning olimpiya va milliy turlaridan mashg‘ulotlar o‘tilayotganligi, 2 milliondan ortiq yoshlar sport turlari bilan muntazam shug‘ullanayotganligi natijasida sportning 24 turi bo‘yicha xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etgan 480 nafardan ortiq o‘quvchi-yoshlarning 310 nafari oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritganligi O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emasligi va kam bo‘lmasligining takror va takror isboti bo‘ldi.

Nomzodimizning dasturida ushbu yo‘nalishdagi islohotlarni nafaqat uzviy davom ettirish, balki uni yangi bosqichga olib chiqishga birinchi darajali vazifalar qatorida e’tibor qaratilgan. Jumladan, ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishi bo‘lgan maktabgacha ta’lim-tarbiya tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, davlatga qarashli 1 million 109 ming o‘rinli 2 ming 200 ta bolalar bog‘chasini qurish, kapital ta’mirlash va jihozlash masalalari nomzodimizning e’tibor markazida bo‘ladi.

Bugungi kunda respublikamizdagi 5025 ta maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanayotgan bolalar soni 668 ming nafarni tashkil etadi. Bu jami bolalarning 27 foizga yaqini maktabgacha ta’lim muassasalari tomonidan qamrab olinganligini anglatadi. Demak, nomzodimiz tomonidan belgilab olingan bu boradagi vazifalar ta’lim sohasidagi islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lishi bilan bir qatorda, minglab ota-onalarning dilidagi niyati ijobat bo‘lishiga hizmat qiladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuning uchun ham bolalar bog‘chalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ilgari surilgan taklif elektoratimiz tomonidan quvonch bilan qarshi olindi.

Ma’lumki, O‘zbekistonni haqli ravishda “yoshlar mamlakati”, deb atashadi. Bu bejiz emas. Chunki bugun mamlakatimiz aholisining 60 foizdan ortig‘i aynan yosh yigit-qizlardir. Yoshlar bunyodkorlik salohiyatiga ega bebaho resurs, mamlakat kelajagining negizini tashkil etuvchi ulkan kuchdir. Ammo mazkur salmoqli qatlam yurt taqdiri va kelajagini hal qiluvchi katta qudratga aylanishi uchun dastavval ularni ijtimoiy, ma’naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, o‘z huquq hamda majburiyatlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishi, jamiyatda munosib o‘rnini topishiga qulay sharoit yaratish kerak.

Nomzodimiz Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek, dunyo shiddat bilan o‘zgarib, barqarorlik va xalqlarning mus​tahkam rivojlanishiga rahna soladigan turli yangi tahdid va xatarlar paydo bo‘layotgan bugungi kunda ma’naviyat va ma’rifatga, axloqiy tarbiya, yoshlarning bilim olishi, kamolga etishga intilishiga e’tibor qaratish har qachongidan ham muhimdir.

Shu sababli nomzodimizning saylovoldi dasturida ma’naviy-ma’rifiy sohada oldimizda turgan eng muhim va dolzarb vazifamiz – yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan yoshlarni tarbiyalash, ularda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat hissini yuksaltirish, farzandlarimizning qalbi va ongida mafkuraviy immunitetni shakl​lantirishdan iborat ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Bu vazifalarni amalga oshirishda asrlar mobaynida shakllangan milliy an’analarimizga, ajdodlarimizning boy ma’naviy merosiga tayanamiz.

Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev o‘z dasturida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati barcha yoshlar intiladigan, ularning qobiliyat va iqtidorini ro‘yobga chiqaradigan va manfaatlarini haqiqiy himoya qiladigan tashkilotga aylanishi zarur, deb hisoblaydi. Bu borada alohida e’tiborni uyushmagan yoshlar bilan ishlashga va ularni tashkilot faoliyatiga jalb etishga qaratadi.

Nomzodimiz 2017-2021 yillarda oliy o‘quv yurtlari tizimini yanada rivojlantirishdagi mavjud muammolarni bartaraf etishga, oliy ta’lim tizimini yangi sifat bosqichiga ko‘tarishga qattiq bel bog‘lagan.

Xulosa o‘rnida aytganda, Dasturda ilgari surilgan ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish, xususan, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar mamlakatimiz yoshlarining kamolotiga, ularning o‘z salohiyat va iste’dodlarini ro‘yobga chiqarishiga xizmat qiladi.

Bo‘lajak saylovda ana shunday ezgu vazifalarni samarali hal etishga bel bog‘lagan, yoshlarimizning bilim va yuksak intellektual salohiyatga ega bo‘lishlari buyuk kelajagimiz kafolati ekanligini ta’kidlayotgan nomzodimiz Shavkat Mirziyoyevga ovoz berishga chaqiramiz.

Har bir saylovchimizning ovozi biz uchun yuksak ahamiyatga ega. Barchamiz uchun Vatan bitta! Bitta maqsad bizni birlashtiradi, u ham bo‘lsa: Vatanimiz taraqqiyotidir!

Odina JAMOLDINOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi,

Farmon AMINOV,
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi a’zosi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Zamonaviy bilim va yuksak intellektual salohiyatga ega yoshlar — buyuk kelajagimiz kafolati