Mirziyoyev: «O'zimizda yo'q texnikaga bojni kamaytirish kerak»

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish va urbanizatsiya sohasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan yig'ilish o'tkazildi. Unda qurilish sohasi vakillari mamlakatda ishlab chiqarilmaydigan maxsus texnikalarni olib kirishdagi bojxona to'lovlari va utilizatsiya yig'imlari bo'yicha muammolarni ko'tardilar. Bu haqda Spot.uz xabar beradi.
"Lux City Houses" korxonasi rahbari Vohidjon Mirzayevning ta'kidlashicha, O'zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan qurilish texnikalariga nisbatan qo'llanilayotgan ushbu majburiy to'lovlarni kamaytirish kichik va o'rta biznes uchun katta yengillik yaratadi. Bu esa o'z navbatida qurilish tannarxini va yakuniy turar-joy narxini pasayishiga olib keladi.

Davlat rahbari ushbu masalaning muhimligini e'tirof etib, qurilish hajmlarini oshirish va buning uchun sharoit yaratish maqsadida tegishli choralar ko'rish zarurligini ta'birladi. Prezident O'zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, ayniqsa, qimmat texnologiyalarga ega bo'lgan texnikalar uchun import bojlarini kamaytirish yoki hatto dastlabki bosqichda ulardan to'liq ozod qilish bo'yicha qaror loyihasini tayyorlashni topshirdi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vaziri Sherzod Hidoyatovning ma'lum qilishicha, avvalroq, 2017-yilda ham maxsus qurilish texnikalarini import qilish uchun imtiyozlar joriy etilgan edi. Bu chora-tadbirlar o'sha paytda sohaga ijobiy ta'sir ko'rsatgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!