Oʻzbekistonlik ikki futbolchi "Braga" klubiga yoʻl olishi mumkin

Oʻzbekistonlik ikki futbolchi "Braga" klubiga yoʻl olishi mumkin
Qisqacha

O'zbekistonlik yosh futbolchilar Sadriddin Hasanov va Sayfiddin Sodiqov Portugaliyaning "Braga" klubiga o'tishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. 17 yoshli iste'dodlar dastlab bir yillik ijara asosida "Braga"ning U-23 jamoasi bilan mashg'ulot o'tkazib, murabbiylarga yoqib tushgan. Kelishuvda futbolchilarning 18 yoshga to'lganidan so'ng sotib olish huquqi ham nazarda tutilgan. Ushbu transfer o'zbekistonlik yosh iqtidorlar uchun Yevropa futboliga kirib borishda muhim qadam bo'lishi kutilmoqda.

Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi vakillari Sadriddin Xasanov hamda Sayfiddin Sodiqov Portugaliyaning "Braga" klubiga oʻtishi mumkinligi haqida maʼlumotlar paydo boʻldi.

Xabarlarga koʻra, portugaliyalik mutaxassislar 17 yoshli isteʼdodlarni “Bunyodkor” hamda Odil Ahmedov futbol akademiyasi bazasidan bir yillik ijara asosida jalb qilishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, futbolchilarning “Andijon” klubidagi ijarasi muddatidan avval tugatilishi ehtimoldan xoli emas.

Rejaga koʻra, yosh iqtidorlar 2026 yil yozida, 18 yoshga toʻlganidan soʻng rasman yangi jamoaga qoʻshiladi. Bu esa ularning Yevropa futboliga ilk qadamlaridan biri boʻlishi mumkin.

Maʼlumotlarga koʻra, "Braga" skautlari ularni Qatarda oʻtkazilgan U-17 Jahon chempionatida kuzatgan va shundan soʻng koʻrikka chaqirgan. Keyinroq futbolchilar klubning U-23 jamoasi bilan ikki hafta mashgʻulot oʻtkazib, murabbiylar shtabida ijobiy taassurot qoldirgan.

Eng muhimi, shartnomada sotib olish huquqi ham nazarda tutilgan. Xasanov uchun taxminan 250 ming yevro, Sodiqov uchun esa 300 ming yevro miqdori belgilangan. Agar ushbu imkoniyat ishga tushsa, har ikki futbolchi 5 yillik shartnoma imzolashi mumkin.

Shu bilan birga, “Bunyodkor” va Odil Ahmedov akademiyasi ham kelgusi transferdan maʼlum foiz ulush olishi koʻzda tutilgan. Bu esa mahalliy futbol akademiyalari uchun ham qoʻshimcha motivatsiya boʻlishi mumkin.

Agar barcha jarayonlar reja boʻyicha amalga oshsa, bu transferlar oʻzbekistonlik yosh futbolchilarning Yevropa maydonlariga chiqishida muhim bosqich boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar