date

To‘rt hokimga nisbatan intizomiy chora qo‘llanishi mumkin

To‘rt hokimga nisbatan intizomiy chora qo‘llanishi mumkin

2025 yil Ochiqlik indeksi bo‘yicha eng past natijalarni Andijon viloyati hamda Toshkent shahar hokimligi qayd etdi. Shu bilan birga, ro‘yxatdan Toshkent viloyati va Sirdaryo viloyati hokimliklari ham joy olgani ma’lum qilindi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2025 yilda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahlili, xususan, Ochiqlik indeksi yakuniy natijalariga bag‘ishlangan axborotda aytib o‘tilgan.

Eng past ko‘rsatkichlarni namoyon etgan subyektlar qatorida bank tizimidan “Aloqabank” ATB, “Toshshahartransxizmat” AJ, Sudyalar oliy kengashi, O‘rmon va yashil hududlarni kengaytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ham borligi qayd etildi. Ushbu tashkilotlar ham yuqorida sanab o‘tilgan hokimliklar bilan birga indeksning “qizil” toifasiga kiritilgan.

“Qizil” toifada baholanganlar qatorida, jumladan, Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev hamda Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov intizomiy javobgarlikka tortilishi ehtimoli borligi bildirilgan.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, “qizil” toifaga kirganlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy jazo choralarini qo‘llash yuzasidan takliflar kiritish, ochiqlikni ta’minlashdagi tizimli kamchiliklarni o‘rganish va ularni bartaraf etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda faoliyatni yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish ham ko‘zda tutilgan.

Gap shundaki, 2025 yil yakuniga ko‘ra o‘tkazilgan baholashda jami 97 ta vazirlik, idora, muassasa va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati qamrab olingan. Baholash jarayoni 84 ta mezondan tashkil topgan 8 ta asosiy indikator asosida amalga oshirilgan. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 66 ta davlat organi “yashil”, 22 tasi “sariq”, 9 tasi esa “qizil” toifada qayd etilgan.

E’tiborga molik jihat shundaki, joriy yilgi baholashda o‘tgan yilga nisbatan “yashil” toifadagi idoralar soni 34 % ga oshgan, “sariq” toifa 36 % ga, “qizil” toifa esa 31 % ga qisqargan.

Ochiqlik bo‘yicha eng yuqori natijalarni “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”, “O‘zbekgidroenergo”, “O‘zavtosanoat” AJlari, Transport nazorati inspeksiyasi, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Adliya vazirligi namoyon etgan.

Shuningdek, “qizil” toifada baholangan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining ochiqlik sohasida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha rejalari Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi, Vazirlar Mahkamasi va Oliy Majlis Senati yig‘ilishlarida alohida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » To‘rt hokimga nisbatan intizomiy chora qo‘llanishi mumkin