
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 dekabr kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurib, atom elektr stansiyasi qurilishi bilan tanishdi. Qurilish maydonida allaqachon quvvati kichik bo‘lgan ikki reaktor va yirik ikki reaktor uchun kotlovan qazish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, qurilish bazasi tashkil etilib, ishchilar uchun vaqtinchalik yashash shaharchasi barpo etilmoqda. Shu bilan birga, mamlakat ichida AES uchun zaruriy materiallarni yetkazib berish va mutaxassislarni tayyorlash ishlari ham davom ettirilmoqda.
Kelgusida AES xodimlari uchun 10 ming aholiga mo‘ljallangan alohida monoshahar qurilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Prezident yangi yo‘l o‘tkazgich va to‘rt kilometrlik yo‘lni foydalanishga topshirdi.
Endi Jizzaxga yo‘l 25 kilometrdan 4 kilometrga qisqardi. Yangi yo‘ldan kuniga 14 mingdan ortiq avtomobil harakatlanishi mumkin, bu esa transport oqimini yengillashtiradi.
Zamonaviy texnologiyalar asosida qurilgan yo‘l o‘tkazgichning xizmat muddati 100 yil deb belgilangan va u transport vositalarining poyezdlar harakati paytida ham to‘xtovsiz yurishini ta’minlaydi. Prezidentga shuningdek, shaharning yangilanish loyihalari ham taqdim etildi: eski turar joy fondini rekonstruksiya qilish, yangi uylar qurish, IT-markaz, hunarmandchilik markazi tashkil etish va markaziy ko‘chalarni obodonlashtirish rejalari bilan tanishtirildi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.