
2025 yilda Oʻzbekiston soʻnggi yillarda kambagʻallikni qisqartirish bo‘yicha eng sezilarli natijalardan biriga erishdi. Milliy statistika qoʻmitasi va Jahon banki maʼlumotlariga ko‘ra, mamlakatda kambagʻallik darajasi 2024 yildagi 8,9 foizdan 2025 yilda 5,8 foizgacha pasaygan.
Bu o‘zgarish 302 mingta oilaning kambagʻallikdan chiqishiga xizmat qilgani qayd etildi. Eng katta ijobiy siljish Jizzax viloyatida (11,8 foizdan 5,8 foizgacha), Xorazm viloyatida (11,9 foizdan 6,7 foizgacha), Sirdaryo viloyatida (11,3 foizdan 6,2 foizgacha) hamda Toshkent shahrida (7,3 foizdan 3,5 foizgacha) kuzatildi.
Hududlar kesimida qishloq joylarda ham vaziyat yaxshilangani ko‘rinadi: bu yerda kambagʻallik 9,2 foizdan 6,4 foizgacha kamaygan. Shaharlarda esa ko‘rsatkich 8,6 foizdan 5,2 foizgacha tushgan.
Hozirda taxminan 2,2 mln kishi kambagʻallik chegarasidan past sharoitda yashamoqda. Aholi daromadining asosiy manbalari sifatida ish haqi (72,6 foiz), pensiya to‘lovlari (11,8 foiz) va qishloq xo‘jaligidan olinadigan daromadlar (10,1 foiz) ko‘rsatilgan.
Daromadlar tengsizligi ham qisqargan: boylar va kambagʻallar o‘rtasidagi tafovut 6,3 barobardan 5,7 barobargacha kamaydi. Eng kam ta’minlangan qatlam daromadlari 26 foizga oshgan bo‘lsa, yuqori daromadli guruhlar daromadi 13 foizga ko‘tarilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.