
O‘zgidromet 29–31 dekabr kunlari va 1 yanvar uchun mamlakat bo‘ylab kutilayotgan ob-havo prognozini e’lon qildi. Unga ko‘ra, o‘zbekistonliklar Yangi yil bayramini asosan o‘zgaruvchan, ayrim hududlarda yomg‘ir va qor bilan, ayrim joylarda esa nisbatan iliq va quruq ob-havo sharoitida kutib oladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida havo o‘zgarib turadi. 29 dekabr kuni ayrim hududlarda yengil yomg‘ir yog‘ishi mumkin, 30 dekabrda esa ba’zi joylarda yomg‘ir va qor aralash yog‘ingarchilik kuzatiladi. 31 dekabr hamda 1-yanvar kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Ayrim hududlarda tuman tushishi ehtimoli bor. Shamol g‘arbdan sharqqa o‘zgarib, 7–12 m/s tezlikda esadi. Harorat kechalari 2 daraja sovuqdan 3 daraja iliqqacha, kunduzi 29–30 dekabrda 5–10 daraja iliq, Yangi yil arafasida esa 3–8 daraja iliq bo‘ladi.
Buxoro va Navoiy viloyatlarida 29–31 dekabr kunlari ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin, 1 yanvar kuni esa yog‘ingarchilik kutilmaydi. Ayrim hududlarga tuman tushadi. Shamol sharq tomonga o‘zgarib, 7–12 m/s tezlikda esadi, 29 dekabrda esa ayrim joylarda 18 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat kunlar kesimida asta-sekin pasayadi: dastlab 13–18 daraja iliq bo‘lsa, Yangi yil kunlari 7–12 daraja iliq atrofida saqlanadi.
Toshkent, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida 29 dekabr hamda 1 yanvar kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. 30–31 dekabr kunlari esa ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Tuman tushishi ehtimoli saqlanib qoladi. Shamol sharqdan g‘arbga o‘zgarib, 7–12 m/s tezlikda esadi. Harorat 29 dekabrda kunduzi 13–18 daraja iliq bo‘lsa, Yangi yil kuni 5–10 daraja iliq atrofida bo‘ladi.
Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 29 dekabr va 1 yanvar kunlari yog‘ingarchilik kuzatilmaydi, 30–31 dekabr kunlari ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Harorat kunduzi 14–19 daraja iliqdan asta-sekin 7–12 daraja iliqqacha pasayadi.
Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida havo o‘zgaruvchan bo‘ladi. 30–31 dekabr kunlari ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Harorat kunduzi 10–15 daraja iliqdan 3–8 daraja iliqqacha tushadi.
Tog‘li hududlarda esa ob-havo nisbatan sovuqroq bo‘ladi. Vaqti-vaqti bilan qor yog‘adi, tuman tushishi va yo‘llarda yaxmalak paydo bo‘lishi mumkin. Harorat kechalari 7 daraja sovuqqacha pasayib, kunduzlari 0–5 daraja iliq atrofida saqlanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.