
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. U Chirchiq daryosi ustidan yangi ko‘prik va metro bekati bilan birlashtirilgan avtoturargoh qurilish jarayonini ko‘rib chiqdi.
Mazkur loyihalar Poytaxt va Yangi Toshkent o‘rtasidagi transport aloqalarini yaxshilash, transport oqimini samarali boshqarish va aholi uchun qulay harakat muhitini yaratishga qaratilgan. Yangi ko‘prik bir sutkada 40-50 mingta avtomobilni o‘tkazish quvvatiga ega bo‘ladi. Qurilish ishlari joriy yil oxirida boshlangan va loyihaning dastlabki qismi amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida atrof-muhitga alohida e’tibor qaratilgan. Sohil hududlari ko‘kalamzorlashtiriladi, energiya tejamkor yoritish tizimlari o‘rnatiladi, piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etiladi. Shuningdek, ko‘prik orqali ikki tasmali tramvay yo‘li yotqizilishi rejalashtirilgan.
Metro liniyasi uzunligi 21 kilometrni tashkil etadi va 9 ta zamonaviy bekatni o‘z ichiga oladi. Liniya kuniga 230 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi va poytaxt metrosi tarmoqlari bilan to‘liq integratsiya qilinadi. Metro bekati bilan birlashtirilgan avtoturargoh 20 ming kvadrat metr maydonda quriladi. Qurilish ishlari hozirda yer ishlari va beton quyish bilan davom etmoqda, majmua 2027-yilda foydalanishga topshiriladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.