
Alter Ego mediaproektiga bergan katta intervyusida Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva islohotlar bugun hali endi “start” olganini ta'kidladi. Uning fikricha, yangilanishlar to'xtab qolgani yoki “platoga chiqqani” haqidagi gaplar haqiqatdan yiroq — jarayon uzoq muddatli va hali yakuniga yetmagan. Bu haqda upl.uz xabar beradi.
Mirziyoeva oraliq natijalarni baholar ekan, biznes muhiti bo'yicha ijobiy siljishlar amalda sezila boshlaganini aytdi. Biroq manzara hamon bir tekis emas: hududlar kesimida muammolar ko'p, joylarda davlat duch kelayotgan obyektiv cheklovlar ham mavjud.
Asosiy to'siqlar sifatida geografik yopiqlik tilga olindi — okeanga chiqish uchun kamida ikki davlat hududidan o'tishga to'g'ri keladi. Shuningdek, moliyaviy resurslar tanqisligi va infratuzilmaning jiddiy eskirgani ham islohotlar sur'atiga ta'sir qilayotgan omillar qatorida qayd etildi.
Ta'kidlanishicha, O'zbekistondagi muhandislik va ijtimoiy tarmoqlarning salmoqli qismi 1950–1970-yillarda barpo etilgan. Sovet davridan qolgan tizimlarni yangilash ulkan sarmoya talab qilgani uchun hukumat infratuzilma loyihalarini bosqichma-bosqich amalga oshirish yo'lini tanlamoqda.
Prezident administratsiyasi ishida beshta asosiy yo'nalish aniq belgilangan. Ro'yxatning birinchi qatorida suv masalasi turibdi: Mirziyoeva suv resurslari muammosini yaqin kelajakda eng keskin tus oladigan hayot-mamot darajasidagi chaqiriq sifatida baholadi.
Qolgan ustuvorliklar orasida ta'lim, sog'liqni saqlash, tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash va sud-huquq tizimini isloh qilish bor. Sud tizimidagi o'zgarishlar esa, uning ta'biri bilan aytganda, shaffoflik va adolatni boshqa sohalarda ham ta'minlaydigan poydevor vazifasini bajaradi.
Suhbatda boshqaruv uslubi va topshiriqlar ijrosi nazorati masalasiga ham alohida urg'u berildi. Mirziyoeva Administratsiyadagi vazifasi “hisobot uchun chiroyli manzara” yaratishga emas, real natijaga qaratilganini aytib, joylardagi ma'lumotlarni buzib ko'rsatishga nisbatan keskin pozitsiyasini bildirdi.
Uning so'zlariga ko'ra, ichki tekshiruv tizimi va muqobil axborot kanallari rahbariyatga vaziyatni xolis ko'rish imkonini beradi. Shu bois, noto'g'ri ma'lumot berish urinishlari samarasiz ekani qayd etildi.
Hozir amalda uchrayotgan “qo'lda boshqarish” — ya'ni mahalliy muammolarni hal qilish uchun yuqori rahbarlarning bevosita aralashuvi — o'tish davriga xos holat sifatida baholandi. Har bir bunday holat jamoa tomonidan alohida voqea sifatida emas, tizimdagi nosozlikni topish va kelgusida takrorlanmasligi uchun qonunchilik hamda me'yoriy bazani to'g'rilash imkoniyati sifatida tahlil qilinadi.
Mirziyoeva turli yo'nalishlar bir-biri bilan chambarchas bog'liqligini ham eslatdi — gender tenglik masalasidan tortib, biznesning sud orqali himoyasi samaradorligigacha bo'lgan zanjir bir tizimda ishlaydi.
Yakunda u shaxsiy motivatsiyasi haqida ham to'xtalib, xalqaro diplomatiyaga qiziqishi uzoq yillardan beri davom etishini aytdi. Uning qarashida, aloqalarni yo'lga qo'yish — eng muhim ko'nikmalardan biri, boshqaruvdagi asosiy tamoyil esa proaktivlik bo'lib, har bir muammo tizimni kuchaytirish uchun o'sish nuqtasi bo'la oladi.
Shuningdek, O'zbekiston dunyodagi “double-landlocked” — okeanga chiqish uchun kamida ikki davlat hududidan o'tishi kerak bo'lgan ikki mamlakatdan biri ekani (Lixtenshteyn bilan birga) eslatildi. Bu holat eksport-import xarajatlarini oshiradi, shu sabab logistika va transport yo'nalishlarini rivojlantirish islohotlar muvaffaqiyatida hal qiluvchi omillardan biri sifatida ko'rilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.