O'zbekiston elektr ishlab chiqarishni keskin oshirmoqda

O'zbekiston Energetika vazirligi 2025 yil yakunlari bo'yicha jamlanma statistikasini e'lon qildi. Hisobotda mamlakat energiya balansida sezilarli o'zgarishlar kuzatilgani aytiladi: bir yil davomida elektr ishlab chiqarish 6,38 foizga oshib, 81,5 mlrd kVt⋅soatdan 86,7 mlrd kVt⋅soatga yetdi. Bu haqda upl.uz xabar beradi.
Eng qiziq nuqta shundaki, yakuniy iste'molchilarga yetkazib berish ishlab chiqarishdan ham tezroq o'sdi: ko'rsatkich 14 foizga ko'tarilib, 77 mlrd kVt⋅soatni tashkil etdi. Tizim samaradorligi ham yaxshilandi — yalpi ishlab chiqarish bilan real yetkazib berish orasidagi tafovut 14 mlrd kVt⋅soatdan 9,6 mlrd kVt⋅soatgacha qisqardi (umumiy hajmning qariyb 11 foizi).
Sanoatlashtirish va shaharlashuv fonida abonentlar soni ham kengaymoqda. Aholi orasida iste'molchilar 3,2 foizga oshib, 8,21 mln nafarga yetgan bo'lsa, biznes sektorida yuridik shaxslar soni 519,7 mingtagacha ko'payib, 7,4 foizlik o'sishni qayd etdi.
Yilning asosiy trendi — energiya manbalarini faol diversifikatsiya qilish. GESlar hissasini ham o'z ichiga olgan “yashil” generatsiya 29 foizga o'sib, 16,8 mlrd kVt⋅soatni berdi. Natijada qayta tiklanuvchi manbalar respublikaning elektr ehtiyojlarining qariyb 20 foizini ta'minlay boshladi.
Quyosh va shamol energetikasi esa alohida e'tiborga loyiq: bu yo'nalishdagi ishlab chiqarish 2,1 baravar oshib, mamlakat tarixida ilk bor 10,5 mlrd kVt⋅soatlik marradan o'tdi.
Ushbu burilish iqtisodiy va ekologik jihatdan ham foyda keltirdi: muqobil energiya hisobiga 3,2 mlrd kub metr tabiiy gaz tejaldi. Shuningdek, atmosferaga 4,7 mln tonna ifloslantiruvchi moddalar va issiqxona gazlari chiqishi oldi olindi.
2025 yilda tarmoqdagi investitsion faollik 42 ta obyekt ishga tushirilgani bilan namoyon bo'ldi — umumiy quvvat 4647 MVt. Yangi quvvatlar tarkibida 5 ta fotoelektr stansiya (1413 MVt), 4 ta shamol parki (752 MVt) va 10 ta akkumulyatorli energiya saqlash tizimi (1245 MVt) bor. Bundan tashqari, 1065 MVtli bitta issiqlik elektr stansiyasi hamda 2 ta kogeneratsiya qurilmasi ham ishga tushirildi.
Bunga parallel ravishda yana 21 ta loyiha start oldi: ularning umumiy quvvati 3508 MVtni tashkil etadi. Ro'yxatda 4 ta quyosh stansiyasi, 2300 MVt quvvatli 2 ta yirik shamol majmuasi, shuningdek energiya saqlash va kogeneratsiya tizimlari ham bor.
Generatsiya o'sishi infratuzilmani yangilash bilan birga bormoqda: yil davomida 2050 km elektr uzatish tarmoqlari va 285 km gaz tarmoqlari bo'yicha qurilish-ishlari olib borildi.
Mavjud quvvatlar ham modernizatsiyadan chetda qolmadi: 787 km magistral va qariyb 30 ming km taqsimlash tarmoqlarida kapital ta'mir bajarildi. 10 mingdan ortiq transformator punktlari hamda o'nlab podstansiyalar yangilandi.
Amaliy natija sifatida 954 ta mahallada energiya ta'minoti sifati yaxshilanib, bu 800 mingdan ortiq xonadonga ta'sir qildi. Yil yakunida energiya tejamkorligi 2,7 mlrd kVt⋅soat elektr va 2 mlrd kub metr gazni tashkil etgani qayd etildi.
Hisobotda yana bir muhim ustunlik eslatiladi: O'zbekistonda yiliga o'rtacha 300 kundan ko'proq quyoshli ob-havo kuzatiladi. Bu esa quyosh panellari deyarli butun yil davomida yuqori samaradorlikda ishlashiga sharoit yaratadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!