2030 yilga borib O'zbekiston aholisining 85 foizi ichimlik suvi xizmatidan uzluksiz foydalanadi

Yangilangan “O'zbekiston–2030” strategiyasi loyihasida 2030 yilga borib aholining 85 foizini ichimlik suvi ta'minoti xizmatlariga doimiy va barqaror ulash maqsadi belgilandi. Reja shaharlar bilan bir qatorda qishloq hududlarini ham qamrab oladi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Hujjatga ko'ra, qamrov bosqichma-bosqich oshiriladi: 2026 yilda 82 foiz, 2027 yilda 83 foiz, 2028 yilda 84 foiz, 2029 yilda 84 foiz va 2030 yilda 85 foizga yetkazish ko'zda tutilgan. Gap aynan ichimlik suvidan uzluksiz foydalanish imkoniyatini yaratish haqida bormoqda.
Asosiy yo'nalishlardan biri sifatida Tuyamo'yin suv omborini kengaytirish rejalashtirilgan. Ombor hajmini qo'shimcha 1 milliard kub metrga oshirish hisobiga 1,2 million gektar maydonda suv ta'minotini yaxshilash hamda ichimlik suvi zaxirasini shakllantirish maqsad qilingan.
Shu bilan birga, suvdan oqilona foydalanish choralari kuchaytiriladi: 2030 yilgacha suvdan foydalanish samaradorligini 25 foizga oshirish rejalashtirilgan. Qishloq xo'jaligi yerlarining 100 foizida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, tomchilatib sug'orish maydonini 500 ming gektarga kengaytirish va bunday texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar yillik quvvatini 300 ming gektarga yetkazish vazifasi qo'yilgan.
Loyihada ichimlik suvi iste'molini hisobga olish masalasi ham alohida qayd etilgan: barcha iste'molchilarni suv hisoblagichlari bilan 100 foiz ta'minlash ko'zda tutilgan.
Suv xo'jaligidagi tizimli muammolarni kamaytirish uchun yer osti suvlari darajasi muammoli bo'lgan yerlar maydoni 773,4 ming gektargacha qisqartiriladi. Magistral va xo'jaliklararo kanallarning beton qoplamali qismi 13,1 ming kilometrga yetkazilib, bu ularning umumiy uzunligining 46 foizini tashkil etishi rejalashtirilgan. Davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berilgan suv xo'jaligi ob'ektlari sonini 2 mingtagacha oshirish ham nazarda tutilgan.
Shuningdek, Toshkent shahri va Jizzax viloyatida ichimlik suvi tariflari qayta ko'rib chiqilishi mumkin. Bunga 2025 yil mayida elektr energiyasi narxlari oshgani asosiy sabab sifatida keltirilmoqda. Yangi tariflar hanuz tasdiqlanmagani bois “O'zsuvta'minot” korxonalari 128 milliard so'm zarar ko'rgani aytilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!