Hafta boshida qor yog‘ishi kutilmoqda

“O‘zgidromet” 18–25 yanvar kunlari uchun ob-havo prognozini e’lon qildi. Unga ko‘ra, yangi hafta boshida O‘zbekistonning bir qator hududlarida yog‘ingarchilik, asosan qor ko‘rinishida kuzatilishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanadi, biroq 21 yanvar kuni ayrim joylarda qor yog‘ishi va tuman tushishi ehtimoli bor. Havo harorati kechalari −5…−13 darajagacha pasayishi, kunduzi esa −6 darajadan +3 daraja iliqqacha bo‘lishi kutilmoqda.
Buxoro va Navoiy viloyatlarida ham ob-havo o‘zgaruvchan bo‘ladi. Ayrim kunlari, xususan 21 va 25 yanvarda ba’zi hududlarda qor yog‘ishi mumkin. Kechalari sovuq kuchayib, −8 darajagacha tushishi, kunduzi esa 0…+5 daraja iliq atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida 21 yanvar kuni ayrim joylarda yomg‘ir-qor yog‘ishi mumkin. Qolgan kunlari asosan quruq va salqin ob-havo kuzatiladi. Tuman tushishi ehtimoli saqlanib qoladi.
Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida ham 21–22 yanvar kunlari qisqa muddatli yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkin. Keyingi kunlarda esa barqaror va nisbatan iliq ob-havo kutilmoqda.
Andijon, Namangan va Farg‘ona vodiysi hududlarida 18 yanvar kuni ayrim joylarda biroz qor yog‘ishi mumkin. Keyingi kunlarda yog‘ingarchilik kamayib, havo salqin bo‘ladi.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan qor yog‘ishi kutilmoqda. 18–19 yanvar kunlari ayrim joylarda qor ko‘chishi xavfi saqlanadi.
Mutaxassislar yanvar oyining ikkinchi yarmida havo harorati bosqichma-bosqich pasayib borishini, oy oxiriga kelib respublika shimolida kuchli sovuqlar qayd etilishi mumkinligini ma’lum qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing