16:48 / 04.08.2017
6 235

Milliy mafkurani qayta ko‘rib chiqish vaqti kelmadi...mi?

Milliy mafkurani qayta ko‘rib chiqish vaqti kelmadi...mi?
Mamlakatimizda kechayotgan beqiyos yasharish, buyuk evrilish har bir sohaga isloh kiritmoqda. Masalaga shu nuqtai nazardan qarasak, mafkuraviy soha birmuncha oqsab qolganini sezish qiyin emas.

Tariximiz og‘ir tarix. Qonli istilolar ruhimizda bitmas-tuganmas jarohat qoldirgan. Agar biz o‘sha bosqinlar zamiriga nazar tashlasak, o‘sha istilolar arafasida xalq o‘z holiga tashlab qo‘yilganiga, mislsiz xiyonatlarga guvoh bo‘lamiz.

O‘zbek xalqi iymoni butun xalq. Birinchi Prezidentimiz haq gapni aytgan: ichimizdan sotqin chiqmasa, hech kim bizni enga olmaydi!

Tarixning guvohlik berishicha, har bir istilo xalq xotirasida o‘nglanmas asorat qoldiradi. Hozirgi avlod buni oqposhsho istilosi, ayniqsa, sho‘ro siyosati, kommunistik mafkura zulmi misolida yaqqol ko‘rishi mumkin. Albatta, o‘tgan tarixiy silsilalar milliy o‘zligimizga etkazgan ziyon va tushunchalar hamon ong ostida yashab kelayotir. Haliyam millatning qoni toza, iymoni salomat ekanki, mudom aslini saqlab keldi. Holbuki, tarixda qanchadan-qancha xalqlar tillarini yo‘qotibgina qolmay, o‘zi ham yo‘q bo‘lib ketgan. Bunga bir misol. Hazar dengizi bo‘yida qadimda Hazar saltanati bo‘lgan. Undan bugun urvoq ham qolgan emas.

Bilasiz, lotin tili o‘z zamonida ko‘plab tamaddunga beshik bo‘lgan. Qani u, hozir? Ularni emirgan begona madaniyatlar, yot urf-odat, ya’ni ekspansion mafkuralar. Bugun tobora globallashib borayotgan, bizdan farzandlarimizni tortib olishga urinayotgan “virtual dunyo”da biz bir millat sifatida o‘zligimizni, ota-bobolarimiz tutgan tutimni saqlab qolishga ham ruhan, ham ma’naviy tayyormizmi?! Etti yot mafkuraviy tazyiqlarga qarshi qanday choralar qo‘llamog‘imiz kerak?

Ma’lumki, milliy maslak va bir butunlik avvalo, ommaviy axborot vositalari — gazeta-jurnal, radio va televidenie, shuningdek, adabiyot, teatr va maorif, ayniqsa, kinematografiya ta’sirida shakllanadi. Albatta, mo‘’tabar dinimiz, mumtoz navolar, kuy-qo‘shiq, tasviriy san’at shu maslakni tarannum etmog‘i lozim. Shundagina biz bir xalq, bir millat bo‘lib, Ozodlikni, Vatanni ardoqlab, uzoqlarni ko‘zlab yonib-yaratib yashaymiz. Maqolamiz bir necha qismdan iborat bo‘lib, unda milliy o‘zlikni ifoda etuvchi har bir yo‘nalishga alohida to‘xtalamiz. Quyidagi muxtasar qaydlardan ko‘zlangan maqsad shu tilak mevasi.

Ona tilimiz hukumat aralashuviga muhtoj
Bugun davlat tili hukumat aralashuviga muhtoj. Negaki, aynan davlat idoralarida hali-hamon rus tilida ish yuritiladi. Tabiiyki, bu hol ma’naviy jihatdan tugal ozod bo‘lolmayotganimizni ko‘rsatadi. Zero, til milliy davlatchilikning asosiy unsuri bo‘lib qolmay, xalqning, millatning o‘ziga bo‘lgan hurmati miqdorini ham ifoda etadi. Shu o‘rinda ma’rifatparvar bobomiz Alixonto‘ra Sog‘uniyning quyidagi fikri e’tiborga molik: “Arabcha, forsiychalarni yozish-so‘zlashgina emas, balki, bu ikki tilda kitob yozish, she’r aytish qobiliyati menda bo‘lsa ham, o‘z turkiy ona tilimni boshqa tillardan ortiqroq ko‘rdim. Chunki, qaysi bir millatning ona tili o‘z hojatini o‘tayolmay, boshqa yot tillar oldida mag‘lubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat ko‘p uzoqlamay, insoniy tuyg‘ularidan ajragan holda hayot daftari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir.

Unday millatlar yolg‘izgina Vatanlaridan emas, balki butun borlig‘i bilan tarix yuzidan yo‘qolishga majbur bo‘ladi”. Bu hayotda o‘z tasdig‘ini topgan haqiqatdir. Shu bois milliy manfaatlari to‘kis ta’minlangan deb aytiluvchi AQShda ham bu masalaga jiddiy e’tibor qaratilgan. Xususan, yirik siyosatshunos Patrik Byukenen Amerika inqirozi haqida gapirib, bir o‘rinda shunday deydi: “... Mamlakat maktablarida faqat ingliz tilida darslar borishini talab qilishimiz shart. Chunki ikki tillilik, ma’lum ma’noda bir davlat hududida ikki madaniyat, hatto ikki mamlakat borligini anglatadi.... ”.

Biz dunyo tillarini bilish, o‘rganish yaxshi fazilat ekanini qayd etgan holda, ona tili har bir millat uchun ulug‘ va mo‘’tabar ekanini ta’kidlamoqchimiz. Demak, har bir inson uning sofligini asrash va yanada boyitish uchun kurashmog‘i lozim.

XIX asrda Abulg‘ozi Bahodirxonning “Shajarai turk” asarini rus tiliga tarjima qilgan akademik Skobelev unga yozgan so‘zboshisida risolaning Peterburg matni nisbatan asliga yaqin ekanini ta’kidlaydi. Evropadagi uchta kutubxonada saqlanayotgan qo‘lyozmalar esa fors va arab so‘zlari bilan “boyitilgan”ini aytadi. Holbuki, Bahodirxon, deydi akademik, bu kitob hammaga tushunarli bo‘lishi uchun juda sodda va xalqchil tilda yozdim, deb izoh bergan...

Bunday hol hattotlar “o‘yini” bo‘lib, u g‘araz bilan qilinganini anglash qiyin emas, albatta. Mana shunday yo‘l bilan o‘tgan asr davomida tilimizga qanchadan-qancha so‘z va atama kirib kelishi, o‘ylamay-netmay uni istifoda etib yuborishimiz masala qay darajada jiddiy ekanini ko‘rsatadi. Eng yomoni, mazmuni mavhum yasama so‘z va atamalar haqiqiy turkiy so‘z, atama va iboralarni muomaladan sitib chiqarmoqda. Masalan, poyqadaming yoqdi, deyishadi. Nima degani, bu? Oyoq-qadaming yoqdi, demoqchimi? Qadaming qutlug‘ ekan, desa bo‘lmaydimi?

Hafta kunlarining nomlanishini olib ko‘ring... Nima turkiy xalqlar shuncha qadimiy bo‘lgan holda o‘z taqvimini yaratmaganmi? Kunlarni nomlash esidan chiqib ketganmi? Yoki forsiy til saroy tili, nazm va nafosat tili deb unga sehrlanib qolganmi?.. Holbuki, dunyodagi eng ko‘rkam va nafosatli til hazrat Navoiy, Shayboniyxon, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon, Rauf Parfining kamalakdek tovlanuvchi jozibali tilidir. Ammo bugun biz qo‘llayotgan taxta — ona tilimizda og‘och, paxta — momiq, g‘isht — kirpich deya atalishini yoshlarimiz deyarli bilmaydi. Bundan tashqari, bugun biz o‘zga tillardan “qarz”ga olib ishlatayotgan yuzlab so‘zlarning sof o‘zbekcha bir necha muqobili mavjud. Bu kabi holatlarning oldini uchun har birimiz ona tiliga mas’ul bo‘lmog‘imiz zarur.

Bir vaqtlar hukumat qoshida Atamaqo‘m bo‘lar edi. Bugun unga ehtiyoj yaqqol sezilmoqda. Shu ma’noda, til bilan shug‘ullanadigan maxsus komissiya tuzilib, uning zimmasiga matbuot va boshqaruvda ishlatilayotgan so‘zlarni nazorat qilish hamda mazkur jabhalar tilini soflashtirish vazifasi yuklansa, o‘ylaymizki, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Negaki, til masalasiga barcha zamonlarda ham millatning hayot-mamoti sifatida qarab kelingan. Navoiy bobomiz butun hayotini shu yo‘lga bag‘ishlagani, bu bejiz emas, albatta. Bu ulug‘ zot “Turk nazmida chu men tortib alam, ayladim ul mamlakatni yakqalam” deganida aynan o‘xshashi yo‘q ona tilimizga mehr-muhabbatini izhor etgandi.

Biz o‘z tilimizda so‘zlashdan istihola qiladigan darajaga tushib qolmasligimiz kerak. Shiddatli zamon esa bizning bu maylimiz bilan hisoblashib o‘tirmaydi. Til bobida jahonda kechayotgan globallashuv jarayoni jo‘n va beozor hodisa emas. Etakchi tillarning gegemonlashuvi nafaqat o‘zga tillar rivojiga, balki tub joy aholining ta’lim, madaniyat va ma’rifat borasidagi islohotlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Biz bunga guvoh bo‘lib turibmiz. O‘zbekcha talaffuz buzilib ketayapti. Tele va radio boshlovchilari o‘zbekcha talaffuz qoidalariga rioya etmaydi. Ular tilimizdagi lutf, samimiyat va latofat kabi inja san’at haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi.

Mana, bir necha yildirki, Sankt-Peterburgda “Govorite pravilno” degan loyiha ishlab keladi. Bu Moskvada ham keng qanot yoygan. Rossiya Federasiyasida nutq madaniyati bo‘yicha Kengash ham qat’iy faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘n ikki yildirki, so‘kinish ma’nosidagi so‘zlarni ishlatganlar jarimaga tortiladi. Shunday qonun mavjud.

Fransiyada esa, o‘ttiz yildirki, milliy tilni asrab-avaylash bo‘yicha qonun ish ko‘radi. Unga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatsa, kim bo‘lishidan qat’i nazar qonun oldida jarimaga tortiladi. Belgilangan tartibga ko‘ra, ko‘chadagi yorliqlar milliy tilda yoziladi. Davlat telekanallari deyarli Amerika kinolarini namoyish etmaydi, ularning qo‘shiqlarini bermaydi...

Bizda-chi?! Televizorni oching. Ertalabdan qora kechgacha Gollivud, Bollivud, koreys, xitoy filmlari. Nega shunday?.. Afsuski, bunga hammamiz ko‘nikib ketganmiz. Millat to‘laqonli bo‘lsa, tevarak-atrofda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarni idrok etish, notinch va dolg‘ali zamonda sodir bo‘layotgan kulfat va mislsiz fojialar ildiziga borib etish, undan ibratli xulosa chiqarish bobida ham uyg‘unlik va bir butunlik hukm suradi. Umumiylik asosini esa fikrimizni bayon etuvchi ona tili tashkil etadi. Har bir millat o‘z ona tilida o‘ylaydi, voqelikni mushohada etadi. Nuqtai nazar shunday shakllanadi.

Adabiyot va san’at ham, ilm-fan ham, davlat boshqaruvi tizimi takomili ham, umuman, taraqqiyot mazkur umumiylik va intilish hosilasidir. Shu o‘rinda “Izohli lug‘at”da “tafakkur” so‘ziga berilgan ta’rifni eslash joiz. Aytishlaricha, u — “tushuncha” va “o‘ylash”. Nahot tilimiz shunchalar qashshoq bo‘lsa? Mana, holimiz-ahvolimiz. Ozodlikka chiqqanimizga 26 yil bo‘lmoqda. Ammo tilimizning ilmiy-ifodaviy qatlami hamon shakllangan emas. Bu haqda o‘ylab ham ko‘rilmayotgani achinarli, albatta. Tan olaylik, bugun tilimiz adabiyot va san’at olamida mavjud, xolos. Bu tilda na falsafa, na tarix, na jurnalistika va na ilm-fan yaratilgani yo‘q.

Bizda tolerantlik, insonparvarlik tuyg‘ulari g‘oyatda kuchli. Bu kishilarimizning oqko‘ngil, mehridaryo va bag‘ributunligidan dalolat beradi. Bu ko‘p ijobiy fazilat.

Shu o‘rinda aytish kerakki, globallashayotgan hozirgi zamonda mentalitetimizga, milliy turmush tarzimizga, azaliy qadriyatlarimizga zid bo‘lgan turli “yangilik”lar, buzg‘unchi harakatlar ta’siri favqulodda kuchaymoqda, Bu ham milliyatga rahna soladi. Ayniqsa, u mafkura tashuvchi unsur bo‘lsa, yanada xatarli. Bunga 9 may bayrami – Xotira va Qadrlash kuni arafasida ko‘kraklarimizga taqib olgan Georgiy lentalarini misol tariqasida keltirishimiz mumkin. Uning tarixi XVIII asrda Chor Rossiyasi va Usmonli armiyasi o‘rtasidagi urushga borib taqaladi. O‘shanda ruslar Avliyo Georgiyni panoh bilib, mazkur lentaga topinib jangga kirishgan. U mutlaq xristian dini xarakteridagi totem (belgi) bo‘lgani uchun xudosiz kommunistlar o‘z vaqtida uni taqiqlagan. Sobiq Ittifoq inqirozga yuz tutgach, 1992 yili bir guruh millatchi shovinistlar uni Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘lab yana odamlar ongiga singdirdi. Demoqchi bo‘layotganimiz, har bir narsaning ildiziga qarab xulosa chiqarish lozim.

Jo‘g‘rofiy atamalar, mamlakatlar va o‘zga shaharlar nomini tilga olishda ham eski tushuncha hukmron. Masalan, Falastin, Isroil, Suriya kabi davlatlar joylashgan Osiyo qit’asining g‘arbiy qismini biz ham “Yaqin Sharq” deb kelamiz. Yoki “Sharqiy Evropa” va “O‘rta Sharq” atamalarini olaylik. Nima uchun “G‘arbiy Osiyo” yoki “Markaziy Evropa” demaymiz? Nazarimizda, bular axborot tilida qabul qilingan me’yor-etalonga o‘xshaydi. Aslida, milliy tafakkur shu oddiy narsalardan shakllanmaydimi?

OAV tilida “yaqin xorij”, “uzoq xorij”, “yangi xorij” iboralarini qo‘llash to‘g‘rimi? Ikkichidan, Rossiya uchun Boltiqbo‘yi jo‘g‘rofiy jihatdan “yaqin xorij” bo‘lishi mumkin. Ammo biz uchun “bir toshlik” yo‘l-ku!

Bu kabi masalalar jo‘n va oddiy tuyulishi mumkin, biroq milliy tafakkur kamol topishiga to‘sqinlik qiladi. Millat millat bo‘lsa, uning tili o‘z munosabati va nuqtai nazarini oydin ifoda eta olishi lozim. Biz dunyoga o‘z ko‘zimiz, o‘z so‘zimiz va o‘z fikrlash tarzimiz bilan nigoh tashlashimiz kerak.

Madaniyat va san’atda “o‘tin yorayapmiz”
... Jamoaga birlashgan odamlar xavfsizligi va turmush farovonligi hukumat, shuningdek, amaldagi qonunlar zimmasida. Din, ma’rifat, adabiyot va san’at, ilm-fan esa, garchi unchalik bosim o‘tkazmasa-da, aslida qonundan kuchliroqdir. Bular kishanlarni gullar bilan bezab turadi, erkinlik deb atalmish azaliy hissiyotni o‘t oldirmay, mute holidagi kishilarni ko‘rgan kuniga shukr qilib, hayotni sevib yashashga undaydi. Bu esa ularni madaniylashgan xalqlar qatoriga qo‘shadi... Bu istehzo Jan-Jak Russoga taalluqli. U san’at axloqning poklanishiga yordam bera olmaydi, degan qarash tarafdori edi. Qolaversa, u yashagan zamon va mavjud iqlim adib shunday qaror qabul qilishiga zamin yaratgan. Biroq oradan ko‘p o‘tmay buyuk Tolstoy ham musiqa haqida fikr yuritib, (bu o‘rinda gap bachkana musiqa va qo‘shiq haqida) u qalbni o‘tmaslashtiradi, deydi va kinoyali tarzda qo‘shib qo‘yadi: Galisiya knyazlaridan biri qayerda qul ko‘p bo‘lsin desang, u erda musiqaga kuch ber, degan. Lekin o‘layotib qullarni boshqarishdan charchadim, deya tan olgan... Bu o‘rinda ikki faylasuf yozuvchi ham xalq va millatning shakllanishida yuqoridagi unsurlarning rolini inkor etmagan holda bir xil fikrni aytmoqda. Ya’ni, Chingiz Aytmatov ta’biri bilan aytganda, manqurt bilan buyuk davlat ham, farovon jamiyat ham qurib bo‘lmaydi. Biz tiklamoqchi bo‘layotgan jamiyat negizini esa avom raiyat emas, ongli fuqarolar tashkil etmog‘i kerak. Shunday ekan bu jabhadagi islohotlar quyidagilarda ko‘rinadi. Musiqa, kino va shou-biznes.

“Yulduzlar” shirkati
Bugun musiqa va qo‘shiqchilikdagi siyosatimiz xiyla izdan chiqqan, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Xuddi qo‘ziqorinday bodrab chiqayotgan xonandalarning adog‘i ko‘rinmaydi. Sochi silliq taralgan, qulog‘iga halqa taqib, tor shim kiygan, jinsi odamda shubha uyg‘otuvchi bu toifa qayoqdan paydo bo‘layotir. Teleekranlar shu “boyvachcha”lar bilan band. Ko‘ngilochar gazetalar “zamonamiz qahramonlari”ni “estradamiz yulduzi” deb olqishlaydi. “Yulduz” esa behayolarcha sizga qadalib qaraydi va qo‘lini bigiz qilib beo‘xshov qo‘shiq aytadi.

Xo‘sh, ularni kim ilhomlantirmoqda? Gohida, bir paytlar biz milliy etalon sifatida qaragan Farhodmonan, jasoratli, kuchli-qudratli, yoki bo‘lmasa, Otabekdek tarbiya ko‘rgan va bu xislat yuz-ko‘zida silqib turgan yigitlar, nima, o‘tmishda qoldimi, deb o‘yga tolasan, kishi. Bolalarimizga bunday behayo qiliqlarni, chiroyli qilib ko‘rsatayotgan so‘xtasi sovuqlarga to‘zim bormi, deging keladi. Uch-to‘rt almoyi-aljoyi xonishi bilan ko‘rinish bergach, katta ekranga chiqib, aql o‘rgatadi. Tarixi necha ming yildan ziyod bu ulug‘ xalqqa qanday yashamoqdan “saboq” beradi, hatto alqab duoga qo‘l ochishga undaydi. Xo‘sh, bu “ommaviy madaniyat”ning nima haqqi bor bunday qilishga. U kimning arzandasi, o‘zi? Albatta, bunday g‘azab hozir aksariyat ko‘pchilikning yuragida to‘lib toshmoqda. Zerokim, pichoq borib suyakka qadaldi.

Bugun qo‘shiqchilik televidenie orqali o‘z atrofiga eng katta auditoriyani yig‘a olish imkonini namoyon etdi. Demak, yoshlar tarbiyasiga uning ta’siri juda katta. Shunday ekan, jamoatchiligimiz qo‘shiqchilik haqida ekran madaniyati, shou tadbirlar va radioto‘lqinlar, ayniqsa, arzongarov disklar orqali targ‘ib etilayotgan maynavozchiliklar haqida jiddiy o‘ylab ko‘rmog‘i lozim. Birinchidan, ijrochining ovozi, mahorati, axloq-odobi, qolaversa, badiiy tafakkurini ko‘rikdan o‘tkazib, undan so‘ng unga ruxsatnoma berish; Ikkinchidan, qo‘shiqqa solinayotgan matnning badiiy-estetik, g‘oyaviy-ma’rifiy qiymati mutaxassislar tomonidan albatta, ko‘rib chiqilishi kerak. Negaki, bugun aksariyat xonandalar, boshlovchi ham, xalq artisti ham kosib-shoirlar yozgan ma’no-mazmunsiz, ya’ni, ma’rifiy ahamiyati bir pulga qimmat matn bilan repertuarini “boyitayotir”. Bunday qo‘shiqlar odamlarning vaqtini olishdan o‘zgaga yaramaydi.

Soha islohotni talab etmoqda. Bu esa, shubhasiz, milliy axloq va tafakkurga ziyon etkazadi. Agar, biron-bir tadbirkor noto‘kis oyoq kiyimi ishlab chiqarsa, u sizning oyog‘ingizni mayib qilishi mumkin. Past saviyada yozilgan qo‘shiq esa million-million didlarni o‘tmaslashtiradi. Afsuski hozir O‘zbekistonimizda “yulduzlar” shirkati gullab yashnamoqda. Biz hatto, ekranga sig‘may qolmasin, degan xavotirda yangidan-yangi telekanallar ochmoqdamiz...

Qahramon boshiga do‘ppi kiysa “milliy kino” bo‘lib qolmaydi
Kino sohasini aytmasa ham bo‘ladi. Bizda bu sohada maktab bor edi, ammo u parokandalikka yuz burdi. O‘zbek kinochilari tomonidan o‘tgan 25 yil ichida “Baron”, “Ajal jodusi”, “Vatan”, “Quduq”, “18-kvadrat”, “Parizod”, “Qo‘rg‘oshin” va yana shularga o‘xshash to‘rt-beshta filmlarni aytmasa, arzirli yirikroq bir ish qilindi, deyolmaymiz. Ayrim o‘ynoqi rejissyorlar hamon “milliy kino” degani boshiga do‘ppi, egniga to‘n ilgan qahramon timsolidan iborat, degan tushuncha bilan yashayotir. Bu mohiyatan sosrealizm temir qoidasi bo‘lgan “shaklan milliy, mazmunan sosialistik” degan aqidaga juda hamohang. Holbuki, kino mafkuraviy ta’sir ko‘lami jihatdan eng ilg‘or soha.

O‘z vaqtida “proletariat dohiysi” “Barcha san’atlar ichida biz uchun eng muhimi kinodir” deb bejiz aytmagan. Kommunistlar hind kinoindustriyasi oyoqqa turishi uchun ko‘p ko‘mak bergan. Ma’lumotlarga ko‘ra, XX asrda Bollivud topgan daromadning 80 foizi Sobiq Ittifoq hissasiga to‘g‘ri kelgan. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor, albatta. Asosiysi, Bollivud ishlagan kartinalar sentimental ruhiyati bilan uydirma voqealarni pardalab tashlardi, ya’ni, sovet voqeligiga mos va monand edi. Chuchmal va xayoliy motivlar ustiga qurilgan bunday asarlar mazlum xalqlarni milliy ozodlik degan mo‘’tabar intilishdan chalg‘itib turardi. Va kommunizm xayoli bilan yashashga undardi...

Kino san’ati katta kuchga ega ekan, keling, biz ham endi undan milliy manfaatlarimiz yo‘lida foydalanaylik. O‘zbekiston ulug‘ allomalar, hadis ilmining, she’riyatning sultonlari, Ozodlik yo‘lida jon olib-jon bergan To‘maris, Afrosiyob, Jaloliddin, Amir Temur, Temur Malik, Madaminbek, Fayzulla Xo‘jaev kabi mislsiz vatanparvarlar Vatani. Bunday tarix, bunday millat dunyoda yo‘q. Lekin ularning birortasi haqida dunyoga chiqadigan asar yaratilmadi, hali. Qaytanga Gollivud kino ijodkorlari Ibn Sino va tarixiy qahramon Otilla haqida film ishlab, katta shuhrat topdi.

Shu o‘rinda bir mumtoz san’at namunasiga to‘xtalmasa bo‘lmaydi. Mel Gibson bosh rolni ijro qilgan “Sheryurak” filmi. Kamina shu yoshga kirib, inson erki, hamiyati, muhabbati va sadoqati bor bo‘yicha ulug‘langan boshqa bir filmni ko‘rgan emas. Asar qahramoni dunyoning jami ne’matidan Ozodlikni baland qo‘yadi.

Asar shotlandlarning yovuz va tuban bosqinchilarga qarshi kurash haqida. Holbuki, Mel Gibson irland farzandi. Irlandlar ham shu zulmni jonidan o‘tkazgan. Shuning uchunmi, dunyodagi hamma ne’matlarning onasi — Ozodlik deb dunyoga jar soladi.

Albatta, o‘zbek xalqi tarixini Shotlandlar tarixi bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Lekin ulug‘ san’atkor shu tarixdagi bir jangu-jadal vositasida dunyoga o‘z gapini aytgan. O‘lmas asar...

Endi siz suronli kechmishga bir nazar soling. To‘marisning shavkati o‘z vaqtida Evropani larzaga solgan. Qanchadan-qancha asarlar yaratilgan. Hatto o‘sha Janna d’Ark ham To‘marisday bo‘laman, deb maydonga chiqqan.

To‘maris haqidayam “Sheryurak”day film yaratish mumkin. Lekin qani shu, film. Yoki bo‘lmasa, Shiroq, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Temur Malik kabi yovqur vatanparvarlar, Imom Buxoriy, Moturidiy, Termiziy, Xorazmiy, Beruniy kabi mislsiz allomalar haqida nega film ishlamaymiz? Axir ular haqida yaratilgan asar, agar mukammal bo‘lsa, bugun biz joylarda o‘tkazayotgan “Milliy g‘urur va vatanparvarlik” mavzuidagi har qanday seminaru yig‘ilishdan ta’sirli va yashovchan bo‘lmaydimi?

To‘g‘ri, tan olish kerak, bugun milliy kino jabhasi tubdan isloh qilishga muhtoj. Hozirgi kino arboblari oldiga haligi talablarni qo‘yish adolatdan bo‘lmaydi. Avvalo, ularning qaddini ko‘tarib qo‘yish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash lozim. Shuning uchun ham qo‘shiqchilik va kino san’ati atrofida etuk tarixchilar, bastakorlar, qadimshunoslar, tilchilar, yozuvchi va shoirlar, adabiyotchilardan iborat maxsus komissiya tuzish, ishni hamkorlikda tashkil etish, mazkur sohalarni bosqichma-bosqich milliy ruhda shakllantirish maqsadga muvofiq.

Tariximiz qachondan boshlanadi?
Bu sohayam yaqin o‘tmishdan to‘la oyog‘ini uzib olgani yo‘q. Bizning oldimizda turgan eng mushkul vazifa ona sutiday toza, xolis va haqqoniy milliy tarixni yaratishdir. Bunda nimalarga rioya etilishi lozim? Birinchidan, tarixni davrlarga bo‘lish, chegaralash, tarixiy shaxslarni hukmron mafkura elagidan o‘tkazish o‘tmishimizga nisbatan haqsizlik bo‘ladi. Bunday deyishimizga asos shuki, bolshevoylar bizga tarixing 1917 yildan boshlangan, biz seni odam qildik, deya uqtirgan. Mustaqil bo‘lgach esa bizda milliy davlatchilik tarixi Amur Temurdan boshlangan, degan tushuncha shakllandi. Ya’ni, bizning tariximiz 600-700 yildan iborat, go‘yo. Bunga sabab...

Ikkinchidan, tarixiy shaxslarga xolis yondashuv zarur. Tarix shunday hodisaki, uning ustida eksprement o‘tkazib bo‘lmaydi. Bir kun kelib u baribir aslicha namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda, tarixiy shaxsga nisbatan shaxsiy mehr yo adovat unda rol o‘ynamasligi kerak. Misol sifatida tarixda yirik davlat arbobi va shoir sifatida mashhur bo‘lgan Shoh Shayboniyga bo‘lgan munosabatimizni keltirishimiz mumkin. Holbuki, u Temurdan so‘ng qudratli markazlashgan saltanat tuzgan. Uning nazmiy devoni ham nihoyatda bebaho. Afsuski, bu ulug‘ ajdodimiz shaxsiga haligacha yotsirab qaraymiz.

O‘tgan asr boshida sodir etilgan Oktyabr to‘ntarishi, mamlakatimizni chulg‘ab olgan milliy ozodlik harakati ham hali xolis va haqqoniy bahosini olgan emas. Nima emish, bosmachilik harakati emish. Jadidlar harakati-chi? Bizga shunday bir tushuncha berildiki, Behbudiy, Munavvar Qori, Fitrat, Cho‘lpon, Qodiriy, Alixonto‘ra Sog‘uniy kabi milliy ozodlik yo‘lida fido bo‘lgan ma’rifatparvarlar ortiqcha targ‘ib qilinsa, milliy ehtiroslar junbishga kelib, olomon bosh ko‘taradi, go‘yo. Hatto jadid deyishni ham cheklab qo‘yishdi.

Uchinchidan, millatimizning kelib chiqish tarixini yoshlarga ochib bersak, g‘oyat o‘rinli bo‘ladi. Nimagadir bizda “turkiy” degan atama buzg‘unchi diniy oqimlar nomidan ham noxush kayfiyat qo‘zg‘aydi. O‘z vaqtida “xalq dushmanlari”ga shunday hadiksirab qarashgan. Menimcha bunday hol G‘arbdagi ijtimoiy institut va markazlar ishlab chiqqan “panturkizm” degan ayblov tamg‘asi bilan bog‘liq. Holbuki, bugun slavyanlar slavyanchasiga, forslar forschasiga, sionistlar esa sionistchasiga o‘z manfaatini himoya qilayotir. Hech kim ularni “sen slavyanparast”, “sen forsparast” yoki “sen sionistsan”deya ayblayotgani yo‘q. Demokratiya umuminsoniy qadriyatmi?! Ha xuddi shunday...

Tarix bilan bog‘liq bunday qarash, mavhum va xavotirli tushuncha, hayiqib tamsallash qayoqdan kelib chiqqan, deb o‘ylarsiz.

Yodimda, to‘qsoninchi yillar oxirida boshida Birinchi Prezidentimiz huzurida tarixga yondashuv masalasi muhokama etilgan. O‘shanda aytgan, u kishi, xalqimizning kelib chiqish tarixini ochib berish kerak. Milliy Ozodlik harakatini oydinlashtirish lozim, deb. Mazkur yig‘ilishga televidenieda namoyish etilgan qadim turkiylar, ochiqroq aytadigan bo‘lsak, Ko‘kturk Otilloning shavkatli yurishlari haqidagi ko‘rsatuv sabab bo‘lgan. U turkiy qavmlar bayroqdori sifatida Rimgacha borgan. Evropada unga varvar deb nafrat bilan qaraydilar, buniyam unutmaslik kerak, degan Islom Karimov. (O‘sha yig‘ilish tafsilotlari haqidagi ko‘rsatuv MTRK arxivida saqlanadi)

Xullas, u bo‘ldi-bu bo‘ldi, o‘sha yig‘ilishdan so‘ng, tarixiy qarashlar o‘zgardi-ketdi. Pastdagi mas’ullar Otilloning bizga hech qanday aloqasi yo‘q, deb qora chiziq tortishdi. Tariximizni Amir Temur davridan belgilash ham o‘shanda boshlangan. Xullas, o‘shanda tarixga yondashuvimiz xiyla o‘zga tomonga og‘ib ketdi... Shunday ta’sirlar o‘laroq biz hamon tariximizga eskicha — sovet davrida bo‘lgani kabi yondashib kelayapmiz. Hamon o‘zbek atamasining paydo bo‘lishini bahs etamiz. Gohida turkiyligimizdan “or” ham qilamiz. Holbuki, Birinchi Prezidentimiz tarix bilan bog‘liq muammolarga oydinlik kiritish uchun maxsus ilmiy tadqiqot instituti tashkil etish g‘oyasini ilgari surgandi o‘shanda... Qani shu, tarix?..

Kishilik jamiyatiga oid qadim Xitoy manbalarini, umuman, sharqning dono muarrixlari yozib qoldirgan barcha kitoblarni chuqur tadqiq etish, tarjima qilish va nashrdan chiqarish vaqti keldi. Uni hatto “kishilik jamiyati tarixi” degan turkum ham qilish mumkin. Shuningdek, Qoshg‘ariyning “Devonul lug‘atit turk”, Rabg‘uziyning “Qissasul anbiyo”, Abulg‘ozi Bahodirxonning “Shajarai turk”, shuningdek, Ahmad Donish asarlarini mukammal holida nashrga tayyorlash — bugunning talabi. Biz bilgan va bilmagan qo‘lyozmalar qancha. Yosh tarixchilarimiz belni bog‘lab ishlashi, ularni tadqiq etish va aslni noasldan ajratib vatandoshlarimizga taqdim etishi suv bilan havodek zarur.


Din to‘g‘ri o‘rgatilayaptimi?
Mustabid zamonda bizni “to‘kilib” ketishdan saqlagan, mustaqillik yillarida qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlarimizga zamin yaratgan mo‘’tabar dinimizdir, degan edi Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov. Yaqinda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ona-Vatan va kelajak avlod taqdiri, tinchlik-omonlik ham, orzu-havas bilan yonib yashash ham, yurt obodligi va taraqqiyot ham muqaddas dinimizga bo‘lgan munosabatimizga bevosita bog‘liq ekanini ta’kidlab, har birimizni uning sofligini asrashga undadi. Bizning oldimizga qo‘yilgan talab-jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish.

Hurmatli domlalarimiz ma’ruzarida namoz o‘qiyotganda qo‘lni qanday tutish yoki soqolni necha santimetr o‘stirish haqida emas, dinimizning mohiyati haqida mufassalroq pandu nasihat qilsa, islomning ma’rifat va ezgulik dini ekanini ochib bersa ayni muddao bo‘lardi. Bu juda chuqur ma’noga ega. Agar biz O‘zbekiston “demografik portlash”ga moyil ekanini, yaqin 50 yil ichida aholisi 60-70 millionga etishini, ham buning ustiga xalqimiz tabiatan yaxshilikka, qurish-yaratishga o‘ch bo‘lib, shundan kuch olishini, yomonlikdan hazar qilib urush-qirg‘in oldida namozshomgulday so‘lib qolishini inobatga olsak, bu hayot-mamot masalasi ekani kunday ravshan bo‘ladi. Bu har bir mo‘min-musulmon islomning insonparvar din ekanligini yurakdan anglamog‘i zarur, degani. Nega?

Bilasiz, aholimizning asosiy qismi — yoshlar, o‘smirlar va bolalar. Demak, har birimiz tarbiyachi, muallim bo‘lishimiz, bolalarimizga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata olishimiz lozim. Dunyo hayoti ostin-ustin bo‘lib, manfaatlar to‘qnashuvi hal qiluvchi pallaga kirgan bugungi kunda yo‘limizni kesib chiqqan har qanday muxolif bilan bahsga kirishib, haqlikni joyida qaror toptirishimiz kerak. Zero, haqiqat quyosh nuriday o‘tkirki, u jaholatni tilka-pora etib tashlaydi.

Shuni faxr bilan aytish kerakki, mo‘’tabar islom dini nozil bo‘lishidan avval ham, ya’ni, azal-azaldan xalqimiz tabiati islomiy bo‘lgan. Qur’oni Karimda undalgan sifatlar — tinchlikparvarlik, yaxshilik, mehr-oqibat, himmat va saxovat, ota-ona va ayol zotini ardoqlab yashash uning qonida bor. Ota-bobolarimiz vatanni jonidan ortiq ko‘rmasa, bu mo‘’tabar zamin ham, bu xalq ham allaqachon oyoqosti bo‘lib yo‘q bo‘lib ketardi. Jamol Kamol yozgan-ku: Avval Vatan, keyin jon, deb...Bugun bizda islomiy adabiyotlar etarlicha topiladi. Birgina Shayx Muhammad sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining necha jildlik kitoblari nashr etildi. Farzandlarimiz nega shularni o‘qimasdan, qayoqdagi xudobezorning qutqusiga uchib, adashib-uloqib yuradi. Bunga ham o‘zimiz aybdor. Zamon shiddatini, O‘g‘il-qizlarimiz, kelajak oldidagi burchni his etish yo‘q.

Soatni to‘g‘rilab oladigan vaqt keldi. Qarang, arab mamlakatlarida, ko‘hna qit’ada nimalar bo‘layapti? Nega? Nima uchun? Buni kim tushuntirib bera oladi? Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, dinimiz tarixini chuqur bilishimiz, voqelikni anglab, idrok etib yashashimiz lozim. Bolalarimizni ham shu yo‘lga boshlash vaqti keldi. Birinchidan, bolang bog‘chadan kelib, “svoloch” deb tursa, undan nima kutish mumkin? (shu erga tarbiya metodikasi, bog‘cha opalarning tarbiyasiz tarbiyasi to‘g‘risida) Shuning uchun bog‘chaning katta guruhlarida salomlashish, odob-axloq bo‘yicha muxtasar saboq berilishi lozim. Maktablarda, lisey va kollejlarda, oliy o‘quv yurtlarida dinimiz tarixi va falsafasiga doir ta’lim berish zarur. Dars diniy oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olgan malakali mutaxassislar tamonidan olib borilmog‘i kerak. Bu shuning uchun kerakki, islom tinchlik va ma’rifat, pokizalik va yaxshilik, himmat va mehr-oqibat dini. Shuni anglab, shu ruhda tarbiya ko‘rgan yosh ertaga adashmaydi, haq yo‘ldan ozmaydi.

Islom tarixi — ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurash tarixi. Buni bilgan yosh o‘zining pozisiyasini aniqlashtirib oladi. Zaminga mustahkam oyoq qo‘yib, yorug‘ tilaklar bilan yashaydi.

Adabiyot yashasa — millat yashaydi
Adabiyot millatning ruhiyatini o‘zida ifodalaydi. U milatning takomilida ona tili va tarix bilan bir maqom kasb etadi. U kuy-qo‘shiq, san’at va tasviriy san’at kabi ko‘ngil torlarini chertib ruhga qanoat bag‘ishlaydi, ezgu orzu istaklarini ro‘yobga chiqarishga undaydi. Bugun adabiyotga e’tibor kuchaydi, ammo yaxshi asarlar juda kam. Borigayam yo‘l yo‘q. Bir misol. Iste’dodli shoirlarimizdan biri mashhur allomalarimizdan biri haqida drama yozgan. Asarini olib boobro‘ teatrga borsa, uning adabiy emakdoshi eshik oldida turgan ekan. “Tarixiy asarlar qo‘ymanglar!” – degan ko‘rsatma bor, deb o‘sha erdan qaytaribdi.

O‘sha teatrdagi ahvol haqida Munavvara Abdullaeva yozgan maqolani o‘qidim “Darakchi”da. O‘lik qo‘lyozmaga jon bag‘ishlaylik, deb iqtidorli san’atkorlar iste’dodini qurbon qilmoqda, deb kuyunadi taniqli olima va rejissyor.

Eng achinarlisi, ozodligimizga 26 yil bo‘layotir. Biroq bizda haligacha adabiyot nazariyasi yaratilmadi. Adabiyotshunosligimiz, adabiy tanqid xonanishinlikka mubtalo bo‘lgan. Nashriyotlar potirlatib kitob bosayotir, uning saviyasi, g‘oyaviy mazmun-mundarijasi bilan birov qiziqmaydi. Bir adabiyot ixlosmandi sifatida Yozuvchilar uyushmasi atrofidagi gap-so‘zlardan diling xufton bo‘ladi. Axir shu tashkilot emasmi, qalamkashlarni yozishga ruhlantiradigan, uning ijodiga qanot bo‘ladigan. Bizda aksi bo‘layotir. Hurmatli yozuvchilarimiz internetda yashirin imzo bilan bir-birini badnom qilish bilan ovora. Xalq kimga ergashishi kerak?!

Odamzod hamisha yoniq so‘zga ehtiyoj sezgan. O‘tgan asrning 60-yillarida O‘ljas Sulaymonning hali siyohi qurib ulgurmagan “Zaminga ta’zim qil inson” dostoni aeroplandan tarqatilgan, odamlar shuni talashib olib o‘qishgan. O‘sha mahallar shu dostonni yozgan shoirning shuhrati oyga uchgan Gagarinnikidan hech kam bo‘lmagan. Bu so‘zning qudratini ko‘rsatadigan bir misol, albatta. Bugun bizda inqilobiy o‘zgarishlar bo‘lmoqda, ijodkorlarimiz esa jim. Yaqinda televidenie bir fermer opaning intervyusini berdi:

— Men, — deydi opa, — Prezidentimizning faoliyatini kuzatib o‘zimdan uyalib ketdim. Rasmiy davlat tashriflari unga izma-iz ulanib ketayotgan joylardagi uchrashuvlar... Hatto respublikamizning eng olis ovullarida tizzasigacha changga belanib dala kezishi, quyoshning tig‘ida turib odamlarning turmushi bilan qiziqishini ko‘rib ochig‘i, qalbimda shularni ko‘rib turib, qanday qilib xotirjam o‘tirish mumkin, degan o‘y kechdi, — deydi opa.

Xo‘sh, bunday o‘y-xayol bugun qaysi birimizni bezovta qilmoqda. Biz hatto oddiy insoniy burchimizniyam unutib qo‘ymoqdamiz. Masalan, men iste’dodli shoir Qambar O‘taevning dunyodan o‘tganini bir necha oydan keyin ko‘chadan eshitdim. Holbuki, u o‘zbek bolalar adabiyotining zabardast vakili edi. Shoir vafoti haqida markaziy nashrlarimizda bir enlik xabar berilganiga ko‘zim tushmadi. Haqli savol tug‘iladi. Nima, mayitning hurmatini joyiga qo‘yish uchun u, albatta, qahramon bo‘lishi kerakmi?!.

Ahvol shunday. Televidenie kun ora uch-to‘rt filmni aylantiradi. Barakalla, tomoshabin sabriga “Dod!” deb yubormaganini qarang.

“Mirzo Ulug‘bek” spektakli, “Diyonat”, “Ichkuyov”, “Girdob”, “Ko‘ngil ko‘chalari”, “Ulug‘bek xazinasi”, “Navoiy” kabi ko‘pdan-ko‘p videofilmlar qaytib hayotning yuzini ko‘rgan emas.
Nega?

Bugungi kunning shoiri deganda Sulaymon Rahmon, Abdulla Sher, Yo‘ldosh Eshbek, Shukur Qurbon, Usmon Qo‘chqor, Usmon Azim, Tohir Qahhor, Ikrom Otamurod, Bahrom Ro‘zimuhammad, Halima Ahmad kabilar xayolga keladi. Ular katta auditoriyaga yaqinlasha olmay xunob. Qachon qarasang, ... ..., .... Yozuvchilar uyushmasining qo‘li kaltalik qilayotgandir, lekin televideniening o‘z yo‘li bor. Bir vaqtlar Moskva televideniesi “Ostankinoda uchrashuvlar” degan turkum she’riyat kechalari namoyish etar edi. Deylik, shunday she’riy kechalarini tashkil etsa bo‘lmaydimi?

Qarang, atoqli shoirimizdan birining 80 yilligi Bokuda, Evroosiyo universitetida keng nishonlandi. Ozarboyjon adabiyotiga qo‘shgan hissasi uchun u universitetning faxriy doktori etib saylandi va diplom bilan taqdirlandi. Bizda esa …

Ta’lim-tarbiya ishida ko‘ngil bo‘shlik ketmaydi
Bugungi kunga kelib ta’lim tizimida ham ayrim kamchiliklar ko‘zga yaqqol tashlanayotir. Buning hayotiy asoslari bor albatta. Birinchidan, moddiy ta’minot. Murabbiy va o‘qituvchi maoshini, jilla qursa, harbiylar yoki ichki ishlar xodimlari oladigan miqdorga olib chiqish zarur. Shunda ular o‘zini to‘rt tarafga urmasdan berilib ishlaydi. Berilib ishlagan odamlar esa mo‘’jiza yaratadi. Hozir maktabdagi ta’lim-tarbiya ishi asosan xotin-qizlar qo‘lida. Kasbi muallim bo‘lgan erkaklar esa ro‘zg‘or tebratish uchun boshqa sohaga urgan, o‘zini. Ularni o‘z sohasiga qaytarish kerak yana. Ta’lim-tarbiya ishida ko‘ngil bo‘shlik ketmaydi. Yosh avlodga talabchan bo‘lib keng tushuncha bilan maroqli saboq berish, uni kelajakka tayyorlab borish juda muhim, deb o‘ylaymiz.

Pasportli go‘dak
Ikkinchidan, ayni paytda umumta’lim maktablariga 11 yillik ta’limn qaytayotgani juda to‘g‘ri ishlardan biri bo‘layapti. Negaki 16 ga to‘lib-to‘lmagan o‘smirga fuqarolik pasporti berib, uni kollej yoki liseyga kirgazib, endi mustaqil hayotga qadam bos, deyish ko‘p hollarda unda aksil kayfiyat tug‘dirmoqda. Bunday holda u o‘zini birdan ulg‘ayib qolgandek sezadi va o‘zini qo‘yib yuboradi. Ko‘chada esa uni “ovlash” ilinjidagi makkorlar, buzg‘unchi oqim va “ommaviy madaniyat” kutib olayotir. Fojianing ildizi shunda.

Oliy ta’lim tizimida kechki bo‘limlar ochilsa yomon bo‘lmas edi. Sababi, shartnoma asosida o‘qish degani ko‘p oilalarni qiynab tashladi. Agar talaba kunduzi ishlab, kechqurun o‘qisa, ota-onasiga og‘irligi tushmaydi. Boz ustiga, bugungi internet zamonida oliy ta’lim tizimida onlayn o‘qishlar imkoniyatidan nega foydalanmayapmiz?

Matbuotdan oqsoq sohaning o‘zi yo‘q
OAV aslida jamiyatning ko‘zgusi bo‘lishi kerak. Bizda esa bundan oqsoq sohaning o‘zi yo‘q. Hamon undan yaqin o‘tmishning “muattar” bo‘yi anqib turadi.

Yaqinda “O‘zbekiston-24” informasion telekanal ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan brifingda taniqli jurnalist Quddus A’zam juda to‘g‘ri aytdi. “Axborot”, ham “Davr” teledasturi ham vazirlik va idoralarda o‘tkazilgan majlislar haqidagi xabarlardan iborat, deydi u. Holbuki, bu hisobotlarning hech kimga keragi yo‘q. Shuning uchun odamlar telekanallardan bezib ketgan. “Rossiya-24”, “Evronyus” orqali dunyoda bo‘layotgan ishlardan xabardor bo‘ladi. “O‘zbekiston-24” ham “Axborot”day siyqa bo‘ladimi? – deb masala qo‘ydi, u.
Bu gapda jon bor.

Davlatimiz rahbarining bizda ham shunday bir telekanal bo‘lsin, chet ellarda ham muxbirlari ishlasin, bo‘layotgan har bir yangilikni xalqimizga etkazib tursin, deb qilayotgan jonkuyarligi o‘z yo‘li bilan, “O‘zbekiston-24” o‘z yo‘li bilan. “O‘zbekiston-24” xalqaro informasion telekanallar bilan bellasha olishi uchun avvalo jurnalistlarning oyog‘idagi tushovni olib tashlash kerak. Qolaversa, jurnalistlarimiz ham endi qimillashlari kerak. Birgina misol: qarang, Prezident yaqin uch-to‘rt oy ichida Turkmaniston va Qozog‘istonda ikki marta Rossiya Federasiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi va Saudiya Arabistonida bo‘ldi. Safar chog‘i AQSh prezidenti, Hindiston bosh vaziri, Qirg‘iziston Prezidenti va boshqa o‘nlab davlat rahbarlari bilan uchrashdi, muzokaralar olib bordi. Qancha shartnomalar imzolandi. Ayni paytda u viloyatlarda bo‘lib har bir viloyatda bunyod etilayotgan ellikka yaqin ob’ekt va yangi loyihalar bilan tanishdi.

Buni biz “Axborot”da ko‘rib, gazetada o‘qidik. Matbuotda ham televidenieda ham xronologik tafsilotdan tashqari bir og‘iz gap aytilgan emas. Deylik, Prezidentimizning Rossiyaga tashrifi chog‘ida ikki davlat o‘rtasida qariyb 15 milliard dollarlik shartnomalar imzolandi. Bu O‘zbekiston tarixida bo‘lmagan hodisa. Yoki shu tashrif samarasi o‘laroq yuzaga kelgan yangi loyihani oling. Jizzax viloyatida neftni qayta ishlash korxonasi bunyod etilmoqda. Mazkur korxona ishga tushgach, 20 ming odam ishli bo‘ladi. Undan ham muhimi, ishlab chiqarish sohasida yangi sahifa ochiladi, lekin shu haqda biron bir gazetada tahliliy maqola chiqdimi? Yo‘q!

Janubiy Koreya bilan birga Ustyurtda neft va gazni qayta ishlaydigan gigant korxona, ishchilar shaharchasi, maktab va bog‘chalar bunyod etildi. Korxonaning loyiha qiymati 4 milliard dollar edi. Shuni qaydadir eshitganman, mana, O‘zbekistonimiz ham shunday marralarga ham etib keldi, deb g‘ururlanib yuraman. Lekin bu korxona, ulkan qurilish jarayoni, ishchilarning sohaning o‘zlashtirishdagi mashaqqatlari, ishchilar shaharchasi, u erda yashyotgan odamlar hayoti ochib berilgan bir maqola biron-bir gazetada chiqqan emas.

Davlatimiz rahbari Buxoro viloyatiga tashrif buyurganida Qandimda barpo etilayotgan chinakam yirik majmua qurilishi bilan atroflicha tanishdi. Qarang, bir vaqtning o‘zida Ustyurt va Hisorda uning filiallari ham qad rostlayotir. Korxona neft va gazni qayta ishlab, jahonda eng xaridorgir mahsulot ishlab chiqaradi.

Loyiha qiymati – 5 milliard 600 million dollar.

Ehtimol, bu xabar ko‘plarning diliga hayajon solgandir? Ammo biron bir jurnalist miq etgan emas.

Jurnalistlar juvozchi otdan ham tang ahvolda
O‘tgan 26 yil davomida aytilaverib, yozilaverib siyqasi chiqib ketgan 3-4 mavzu bor. Hamma shuni aylantirgani aylantirgan.

Ehtimol, boshqa ob’ektlar strategik ahamiyatga molikdir? Harbiy sirni ochib bo‘lmas, balki?

Aytib qo‘yay, “Minor” jome masjidi ham ana shular sirasiga kiradi. Bu muazzam ibodatxona qad rostlayotgan vaqt Toshkentda qancha g‘alamisona mish-mish ivirsimadi, deysiz. “Masjidni qurdirgan boshqasi bo‘lsa, nega uning ochilishiga Islom Karimov bordi?!”

Mana, biz qanday xalqmiz. Bir odam axir unday emas-ku, bu mumtoz obida Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan, hukumat qarori asosida bunyod etildi, degan emas.

Ko‘p ming sonli gazetalar ham, ko‘p kanalli televidenie ham uydirmaga munosabat bildirgani yo‘q.

Bu masalada jurnalistlarni ayblab bo‘lmaydi. Rahbariyat esa tepaning qoshu-qavog‘iga qaraydi.

“Ruxsat bo‘lishi kerak, ruxsat”.

Keyingi chorak asr shu ko‘yda o‘tdi.

Qarang, hatto kommunal sohadagi ayb-nuqsonniyam tanqid qilish mumkin emas. Muxbir yozadi, ammo u stolda chang bosib yotadi. “Qachon chiqadi bu, aka? Faktlar eskirib qolmasin”, desang tepadan ruxsat bo‘lsin, beramiz degan mujmal javobni eshitasan va...

Shunaqa.
Mana shu sharoitda matbuot Prezident talab qilayotgan vazifani uddalay oladimi? Yo‘q, albatta. Bugunga kelib, matbuot juvozchi otdan ham tang ahvolda. Uni erkiga qo‘yib yuborsang ham bir joyda aylangani-aylangan. Shu bois yangi davr barcha matbuot nashrlariga yangi vazifalar qo‘ymoqda. Ular esa quyidagicha bo‘ladi:

1. Jamiyatning qon tomiriga toza va yangi qon olib kirish. Demokratiya va so‘z erkinligini namoyish etish.
2. Prezident ko‘zlagan, bugungacha matbuotdan pinhon tutilgan maslak va maqsadlarni jamoatchilikka etkazish.
3. Vatanimiz, xalqimiz va tariximizga otilayotgan tuhmat toshlariga munosib va asosli javob berish.


Shuni ham aytish kerakki, mustaqil nashr bevosita davlat rahbari g‘oyalarini elga etkazish, mamlakatdagi ulkan bunyodkorlik ishlarini, ishlarimizning yaratuvchilik fazilatini ochib berish bilan shug‘ullanadi. Bu nashr xalqimizning, rahbariyatning yuragidagi gaplarni yuzaga chiqarsin. Milliy manfaatlar himoyachisi bo‘lsin! Gapimiz yurakda armon bo‘lib qolmasin.

Men fikrimni muhtaram Birinchi Prezidentimizning bir xitobi bilan yakunlashni istayman: “Xalqimiz faqat jisman emas, ruhan ham uyg‘oq bo‘lmog‘i darkor. Ruh bedorligiga uning rahbaru rahnamolari, olimu ulamolari, barcha farzandlari mas’uldir”.

O‘rol Sodiq



Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Milliy mafkurani qayta ko‘rib chiqish vaqti kelmadi...mi?