
Sir emaski, yaqin-yaqingacha fuqarolar sudlarga murojaat etishda turli byurokratik holatlarga duch kelar, sodda qilib aytganda, mazkur idoralarda kuzatilishi mumkin boʻlgan ovoragarchilik, sansalorlik va qogʻozbozliklardan bezib qolgandi. Bu esa jamiyatda odil sudlovga, qonun hamda adolat ustuvorligiga boʻlgan ishonchga putur etkazishi tabiiy edi.
Binobarin, Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining virtual qabulxonasiga, Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar orasida sudda ishlar koʻrilishi va sudyalar faoliyatiga daxldor shikoyatlar ham oz emasligi yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi.
Bunday holatlar davlat rahbari tomonidan bir necha bor tanqid qilindi. Sudlar faoliyatida ochiqlikni, shaffoflikni ta'minlash, murojaatlarni koʻrib chiqishda yuzakilik hamda befarq munosabatlarga uzil-kesil chek qoʻyish, odil sudlovni qaror toptirish yuzasidan muhim topshiriq va tavsiyalar berildi. Xoʻsh, bunga javoban respublika sud organlari tizimida qanday oʻzgarish hamda yangilanishlar koʻzga tashlanmoqda?
“Xalq soʻzi” nashri Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi oʻrinbosari, fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hay'ati raisi Xolmoʻmin Yodgorov bilan shu haqda suhbat uyushtirdi.
Uning soʻzlariga koʻra, oʻtgan vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan birga, “Oʻzbekistonda qonun ustuvorligi yoʻlida hamkorlik” qoʻshma loyihasi doirasida “E-SUD” milliy elektron sudlov axborot tizimi yaratildi hamda fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar faoliyatiga tatbiq etilyapti.
— Har qanday yangilik birinchi galda fuqarolar manfaatiga xizmat qilishi kerak. Shu ma'noda, “E-SUD” milliy elektron sudlov axborot tizimining qanday qulayliklari bor?
— Birinchidan, ushbu tizim orqali jismoniy va yuridik shaxslarga sud idorasiga bormasdan, internet orqali masofadan turib oʻz murojaatlarini, ya'ni da'vo arizalari, arizalar, iltimosnomalar hamda ularga ilova etiladigan hujjatlarni elektron tarzda joʻnatish, sudlarda esa hujjatlarni elektron tarzda qabul qilib olish imkoniyati yuzaga keldi. Bu holat taraflarning ovoragarchiliklariga, ortiqcha qogʻozbozlik hamda sarf-xarajatlarga ham chek qoʻyadi. Shuningdek, murojaat etgan shaxs, uning arizasi boʻyicha koʻrilayotgan ishda taraf sifatida qatnashayotgan javobgarlar va ularning vakillari, prokurorlar, advokatlar hamda boshqa shaxslar protsessual jarayonlarni, ya'ni ishning koʻrish uchun tayinlanganligi, qoldirilganligi, toʻxtatilganligi yoki koʻrish natijasi haqidagi ma'lumotlardan internetdagi shaxsiy kabineti orqali xabardor boʻlib boradi.
Sudlarga kelib tushayotgan murojaatlarni, turli xat-xabarlarni, ariza va shikoyatlarni roʻyxatga olish, ularni sudyalar hamda sud xodimlariga taqsimlash, tayyorlangan javob xatlarini, chaqiruv qogʻozlarini, sud hujjatlarini taraflarga, tegishli davlat organlariga va tashkilotlarga joʻnatish ishlari avtomatlashtirildi. Sudga yuboriladigan da'vo arizalari, arizalar, shikoyatlar, iltimosnomalar hamda boshqa turdagi murojaatlar, qolaversa, sud tomonidan chiqariladigan qarorlar, ajrimlar, hal qiluv qarorlari va boshqa hujjatlarning namunaviy nusxalari elektron tizimga joylashtirildi. Bu esa taraflarga, sudyalar hamda sud xodimlariga shunday hujjatlarni qonun talablariga mos tarzda, kam vaqt sarflagan holda, bir xilda va sifatli shakllantirishga yordam beradi. Tizimga kiritilgan “Davlat boji kalkulyatori” xizmati esa sudga murojaat etishda oldindan toʻlanishi lozim boʻlgan davlat boji miqdorini koʻrsatadi.
Ayni damda “E-SUD” milliy elektron sudlov axborot tizimi respublikamizdagi barcha fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo va tuman (shahar) sudida amal qilmoqda. Ahamiyatlisi, birgina 2017 yilda 550 mingdan ortiq arizalar hamda da'vo arizalari elektron shaklda qabul qilinib, koʻrib chiqildi. Darvoqe, “E-SUD” milliy elektron sudlov axborot tizimida ishlash boʻyicha foydalanuvchilarning bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida metodik qoʻllanma, videoroliklar tayyorlanib, Oliy sud veb-saytiga joylashtirilgan.
— Oliy sudning rasmiy veb-saytida “E-SUD” elektron sudlov axborot tizimidan foydalanishdan tashqari, fuqarolar uchun yana qanday interaktiv xizmatlar yoʻlga qoʻyilgan?
— www.oliysud.uz veb-saytiga elektron kutubxona, sudlarning interaktiv xaritasi, sud hujjatlari namunalarini yuklab olish kabi qator xizmat turlari kiritilgan. Ushbu elektron manzil orqali foydalanuvchilar sud faoliyatiga oid qonunlar hamda qonunosti hujjatlari, Plenum qarorlari, yoʻriqnomalar, koʻplab oʻquv materiallari va adabiyotlar bilan tanishishlari, lozim boʻlganida ulardan nusxa olishlari mumkin. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi rahbariyati nomiga ariza, shikoyat hamda boshqa turdagi murojaatlarni yuborish va ularga tegishli javoblarni olish imkoniga ega.
Veb-saytga har oyda oʻrtacha 3,5 mingdan ortiq foydalanuvchilar kiryapti. Ular orasida xorijiy davlat fuqarolari ham bor.
Shu oʻrinda sudlar faoliyatida ochiqlikni ta'minlash maqsadida qilingan yana bir amaliy ishni keltirsak. Gap shundaki, fuqarolarga, tadbirkorlik sub'ektlari, advokatlar hamda turli tashkilotlar vakillariga sudga murojaat qilish tartibi, davlat boji va sud xarajatlarini qaerga hamda qancha miqdorda toʻlashi kerakligi, sudlarning manzillari, aloqa telefonlari, bank rekvizitlari, koʻrib chiqilayotgan fuqarolik ishlari roʻyxati, ish koʻriladigan zal raqami, ishni koʻrayotgan sudyaning familiyasi va ism-sharifi kabi zarur ma'lumotlardan xabardor boʻlib turishlari uchun infokiosklar tashkil etildi. Hozirgi paytda bunday infokiosklar Oliy sud hamda ayrim tumanlararo sudlarning qabulxonalariga, kutish zallariga oʻrnatilgan.
— Sudlar faoliyatiga zamonaviy AKT, jumladan, “E-SUD” tizimi joriy etilishi bilan sohaga doir amaldagi qonun hujjatlariga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar haqida ham toʻxtalib oʻtsangiz?
— Siz nazarda tutayotgan ana shunday oʻzgartish hamda qoʻshimchalar yaqinda qonun bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining yangi tahririda oʻz ifodasini topdi. Unga koʻra, fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarda ishlarni videokonferentsaloqa rejimida koʻrish tartibi qonuniy mustahkamlandi. Bu tizim joriy etilgach, bordi-yu, taraflardan biri bir hududda, boshqasi esa boshqa hududda yashayotgan boʻlsa, ularning har biri sud majlisida qatnashish uchun oʻzi yashayotgan tumandagi sudga tashrif buyuradi va sud muhokamasi videokonferentsaloqa orqali oʻtkaziladi. Natijada fuqarolarning sudda ishtirok etishi uchun sarflanadigan transport hamda boshqa turdagi xarajatlari tejaladi, ovoragarchiliklarga chek qoʻyiladi.
Aytish oʻrinliki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hay'ati tomonidan 2017 yilning ikkinchi yarmida nazorat tartibida koʻrilgan fuqarolik ishlarining 70 foizi fuqarolarni poytaxtga chaqirmasdan, oʻzlari yashab turgan joydagi sudlarda videokonferentsaloqa orqali ularning ishtirokini ta'minlagan holda hal qilingan.
Sud muhokamasini audio shaklida yozib olish va videotasvirga olish tartibi yoʻlga qoʻyilishi taraflarga jarayondan toʻla boxabar boʻlgan holda, e'tiroz bildirish imkonini beradi.
Umuman, sudlarda ishlarni toʻliq elektron tarzda shakllantirish tartibi qoʻl mehnatini qisqartirish bilan birga, ishlarni saqlash, ularni yuqori instantsiya sudlariga yuborish, ish materiallari bilan taraflarni tanishtirish, ulardan nusxalar olish kabi protsessual jarayonni sezilarli ravishda soddalashtiradi.
Hozirgi paytda Oliy sud tizimidagi sudlarda mavjud elektron sudlov axborot tizimini Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining axborot tizimi bilan integratsiyalash boʻyicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu yumushlar nihoyasiga etgach, sudlar tomonidan ijro varaqalari hamda sud buyruqlari davlat ijrochilariga elektron shaklda toʻgʻridan-toʻgʻri yuboriladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar