15:30 / 28.11.2019
4 335

Qashqadaryodagi tarixiy sardoba xavf ostida qolmoqda

Qashqadaryodagi tarixiy sardoba xavf ostida qolmoqda
Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi “Qamashi” qishlog‘ida joylashgan Sardoba bugungi kunda qarovsiz va ayrim qismlari ta’mirtalab holga kelib qolgan. Buning ustiga Sardoba muhofaza hududida tadbirkorlar tomonidan noqonuniy qurilish ishlari olib borilgan.
Qishloqning qadimiy tarixini o‘zida aks ettiruvchi bu obektga hech kim e’tibor qaratmayapti. “Nasafnews” fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish maqsadida cardoba joylashgan hududga bordi.

Qamashi qishlog‘iga kiraverishda shundoqqina yo‘l chetida joylashgan sardoba atrofi yog‘ochlar bilan o‘rab tashlangan. Atrofida obodonlashtirish ishlari olib borilib, hududi bog‘ga aylantirilgan. Lekin sardoba devorlariga har xil so‘zlar yozib tashlangan, devorlarning ma’lum qismlari o‘pirilib ko‘rimsiz holga kelgan.

-Asosiy muammo sardobaning eski ekanligida emas, balki uning muhofaza hududi asta-sekinlik bilan aholi tomonidan egallab olinayotganida, - deydi Ergash Jalilov. – 2005 yildan beri shu sardobani obodonlashtirib kelaman. Chunki bu yodgorlik qishlog‘imizning tarixi bilan chambarchas bog‘liq. Ammo hamqishlog‘imiz Murodilla Eshonqulov sardoba hududida qurilish qildi. Bunga boshida qarshilik ko‘rsatdik, tushuntirdik. Lekin bizning aytganimizni hech kim inobatga olmadi.

- Odamlarni e’tirozlarini inobatga olib, viloyat Madaniy meros boshqarmasiga xat yubordik, - deydi mahalla raisi Sardor Nuraliyev.
- Boshqarmaning xulosasiga ko‘ra, tadbirkor qurgan qurilish sardobaga zarar yetkazmaydi deyiladi. Shundan so‘ng, ularning aytgani to‘g‘ri bo‘lsa kerakda deb qishloq oqsoqollariga tushuntirdim. Baribir sardoba hududida qurilish ishlari olib borilganiga ko‘pchilik qarshilik ko‘rsatmoqda.

Ma’lumotlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, mazkur Sardoba XIX asrda Eshqulboy hoji tomonidan Buxoro amirligidan ruxsat olib qurilgan va aholini ichimlik suvi bilan ta’minlab kelgan.
Qishloq oqsoqollaridan birining so‘ziga ko‘ra, aholi 1975 yilgacha sardobadan suv toshib iste’mol qilgan.
Sardoba haqida ma’lumotlar juda kam uchraydi. Shunga qaramay hozirgi kunga mazkur tarixiy ob’ekt davlat muhofazasiga olingan.

Muhofazaga olingani-ku mayli, lekin bu muhofaza mustahkam emas.
Kasbi tuman hokimligining 2016 yil 29 aprelda chiqargan xatida fuqaro Eshqulov Murodilla tomonidan noqonuniy ravishda o‘zboshimchalik bilan bino poydevori va avtomoyka qurgani aniqlangani yoziladi va bu bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritilgani aytiladi.
Keyingi voqealar bizga qorong‘u.

Murojaatchilarning qo‘shimcha qilishicha, so‘nggi bor 2015 yil mart oyida sobiq viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev va sobiq tuman hokimi sardobaning holatini kelib o‘rganib ketgan va ta’mirlash ishlari olib borish, atrofida muhofaza devorlari qurishga va’da bergan. Ammo oradan 4 yil o‘tdi, yuqorida aytilgan ishlarning hech biri bajarilmagan.

Shu o‘rinda murojaatchilarni tinglab yana bir savol tug‘iladi.
Madaniy meros Departamenti Qashqadaryo viloyat Madaniy meros boshqarmasi nega yodgorlik hududida noqonuniy qurilishlar bo‘lganiga ko‘z yumgan va bu sardobaga hech qanday zarar keltirmasligi haqida xulosa bergan?

Demak, davlat muhofazasiga olingan yodgorliklar hududida har kim har qanday obektlarni qurishi mumkin ekanda?
Mazkur masala bo‘yicha Madaniy meros Departamenti Qashqadaryo viloyat Madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Xalilov bilan bog‘landik:
- Qanday xulosa berganim hozir esimda yo‘q, aniq bir gap aytolmayman. Lekin tadbirkorlarga qurilish ishlarini noqonuniy qilingani haqida ogohlantirish berganmiz.

Endi hamma gap tarixni asrab qolish, madaniy ob’ektlarni qayta tiklash haqida bong urayotgan «Milliy tiklanish»ga borib taqaladi. «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining yuqorida aytib o‘tilgan muammolardan xabari bor ekanmi? Ular bunday yodgorliklarni saqlab qolish uchun nima ish qila oladi?

Saylov yaqin. Saylovdan keyin ”unday qilamiz, bunday qilamiz” degandan ko‘ra saylovdan oldin o‘zingizni ko‘rsating, shunda odamlar ozgina bo‘lsa ham partiyalarga ishongan bo‘lar edimi?

“Nasafnews” partiyaning viloyat kengashidan emas, markaziy kengashidan bu borada tayinli va aniq izoh kutadi. Chunki viloyat kengashlaridan bunday muammolar bo‘yicha bir sado chiqishi amrimahol…

Dilshod Nabiyev tayyorladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston