00:09 / 18.07.2020
2 859

BMT maxsus ma’ruzachisining O‘zbekiston prokuraturasi haqidagi xulosalari e’lon qilindi

BMT maxsus ma’ruzachisining O‘zbekiston prokuraturasi haqidagi xulosalari e’lon qilindi
Diyego Garsiya-Sayan
BMT Inson huquqlari kengashining sudlar va advokatlar mustaqilligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Diyego Garsiya-Sayanning O‘zbekiston sud tizimi haqidagi hisoboti e’lon qilindi.

Hisobot ma’ruzachining 2019 yil 19-25 sentabr kunlari hukumat taklifi bilan O‘zbekistonda bo‘lib, sud tizimi bo‘yicha o‘tkazgan kuzatuv xulosalariga asoslangan.
Hisobotda mamlakatda prokuror lavozimiga nomzodlarni tayinlash mexanizmi takomillashtirilishi zarurligi qayd etilgan.

«Prokuratura to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, bosh prokuror prezident tomonidan 5 yil muddatga tayinlanadi, nomzod Senat tomonidan ma’qullanadi. Na Konstitutsiya, na boshqa qonunlarda mazkur lavozim uchun ko‘rsatiladigan nomzod qanday malakaga ega bo‘lishi kerakligi, uni saralash va tayinlash tartibi haqida so‘z yuritilmagan. Xususan, bosh prokurorni lavozimidan chetlatish asoslari ham qonunda belgilab qo‘yilmagan.

Ma’ruzachining fikriga ko‘ra, joriy tartib bosh prokurorni tayinlash va lavozimidan chetlashtirish jarayonlariga hokimiyatning qonun chiqarish va ijro bo‘g‘inlari tomonidan ta’sir ko‘rsatilmasligini kafolatlamaydi. Ular prokuraturaning institutsional mustaqilligiga to‘sqinlik qilishi, jiddiy korrupsiya ehtimolini yuzaga keltirishi mumkin. Bosh prokuror nomzodini saralab olish va tayinlashning aniq va ob’ektiv mezonlarini ishlab chiqish, bunga fuqarolik jamiyatini ham jalb qilish jarayonning shaffofligini oshiradi va prokuraturaning siyosiylashishi riskini kamaytiradi.

Maxsus ma’ruzachi prokuror lavozimiga nomzodlar tanlov asosida ko‘rib chiqilishini olqishlaydi, ammo afsus bilan qayd etadiki, nomzodlarni tanlab olish mezonlari ham, ushbu jarayon ham nomzodlar nomaqbul motivlar asosida tanlab olinishi riskini minimum darajaga tushirishga kafolat bera olmaydi.

Bundan tashqari, barcha prokurorlarning bosh prokuror tomonidan 5 yil muddatga tayinlanishi prokuratura organlari mustaqilligi bo‘yicha xalqaro standartlarga mos keladi, deb bo‘lmaydi.

Prokuratura organlarining mustaqilligini ta’minlash uchun Prokurorlar kengashi kabi tuzilmaning tashkil etilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi
», – deyiladi hisobotda.
Shuningdek, hujjatda prokurorlar sudlarning kuchga kirgan qarorlari bo‘yicha protest bildirishi huquq prinsiplariga mos kelmasligi ta’kidlangan.

«Prokuratura to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, prokurorlar sud jarayonlarida ishtirokidan qat’i nazar, sud qarorlarining va sud ishi bo‘yicha jamlangan materiallarning qonuniyligini tekshirish, ma’muriy, fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy ishlar bo‘yicha yuqori turuvchi sud organiga protest kiritish huquqiga ega. Shuningdek, bu huquq kuchga kirib bo‘lgan qarorlarga nisbatan ham amal qiladi.

Maxsus ma’ruzachining fikricha, sobiq ittifoq huquq tizimini eslatuvchi bunday vakolatlar hokimiyatning bo‘linish prinsipi va sudlar mustaqilligiga xilofdir va korrupsiya ehtimolini paydo qiladi.

Sudlarning xatolari apellyatsiya va kassatsiya tartibida yoki istisno hollarda faqatgina ishga doir yangi holatlar yuzaga chiqqandagina qayta ko‘rib chiqilishi lozim
», deya bayon qilingan hisobotda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy sud raisi va Bosh prokurorning protest keltirish huquqini bekor qilish bo‘yicha taklif bilan chiqqan edi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » BMT maxsus ma’ruzachisining O‘zbekiston prokuraturasi haqidagi xulosalari e’lon qilindi