23:14 / 04.02.2022
3 855

O‘zbekistonda sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasi yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekistonda sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasi yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonda yaqin orada sun’iy yomg‘ir yog‘dirish tajribasini sinab ko‘rish rejalashtirilyapti. Dehqonchilik yerlarida 1 millimetr yomg‘ir yog‘ishi natijasida g‘alla va boshoqli ekinlar miqdorini 4 kilogrammgacha oshirish mumkin.

O‘zbekistonda atmosferaga faol ta’sir qilish orqali yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasi yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zgidromet bosh direktor o‘rinbosari Ibratjon Karimov ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda ilk bor sun’iy yomg‘ir yog‘dirish 1963 yilda Gidrometeorologiya ilmiy–tadqiqot instituti tomonidan amalga oshirilgan. Eng oxirgi tadqiqot va ilmiy izlanishlar 90 yillarda olib borilgan.

Afsuski, bu ilm 30 yil tashlab qo‘yilgan. Institutimiz jamoasi yana qaytadan shu ishga bel bog‘ladi. Bu masala bo‘yicha respublikadagi eng katta tashkilotlardan biri bilan muzokara jarayonidamiz. Sun’iy yomg‘ir yog‘dirishga oid loyihaga 10 mlrd so‘m mablag‘ ajratishni taklif qilishyapti. Ular buyurtma qilayotgan joylarga yomg‘ir yoki qor chaqirish ishlarini bajarib beramiz”, – dedi Ibratjon Alijonov iqlim o‘zgarishiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.

Qayd etilishicha, lalmi dehqonchilik qilinadigan joylarda 1 millimetr yomg‘ir yog‘ishi g‘alla va boshoqli ekinlarni 4 kilogrammgacha oshirishi mumkin. 90 yillarda Bo‘stonliqda sun’iy yomg‘ir yog‘dirilganda 300 million litr kub ortqicha suv yig‘ilgan.

Sun’iy yomg‘ir chaqirish jarayoni qanday usullar yordamida amalga oshirilishini Gidrologik jarayonlarni modellashtirish laboratoriyasi kichik ilmiy xodimi Akmal G‘afurov tushuntirib berdi.

Atmosferaga faol ta’sir ko‘rsatish bu sun’iy qor, yomg‘ir yog‘dirish yoki do‘lni bostirish, ya’ni do‘lni boshqa joyga ko‘chirish yoki yomg‘ir ko‘rinishida yog‘dirish hisoblanadi. Jahon meteorologik tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda 56ga yaqin davlatlar bulut ekish texnologiyasidan foydalanadi. Xitoy, Indoneziya va AQSH kabi mamlakatlar bu usuldan qurg‘oqchilikka qarshi keng foydalanmoqda. BMTning 1977 yildagi “Atmosfera muhitini o‘zgartirish” konvensiyasiga ko‘ra, yomg‘ir yog‘dirishdan faqat tinchlik maqsadidagina foydalanishga ruxsat berilgan”, – dedi u.

Ma’lum qilinishicha, yomg‘ir yog‘dirishning bir necha xil usullari bor. Masalan, samolyot yordamida bulutlarga kumush yodit sepish, quruq muzni bulutga sepish, maxsus generatorlar yordamida kimyoviy elementlarni purkash orqali yoki dronlar yordamida ham yomg‘ir yog‘dirish mumkin.

Biz bu bilan yomg‘irni ko‘paytirishimiz mumkin va qish kunlari yog‘in qor ko‘rinishida kelishi ham mumkin. Yog‘inning qor ko‘rinishida yog‘ishi yoz faslida suv kerak bo‘ladigan paytda suv zaxirasi bilan ta’minlashga yordam beradi. Sun’iy yomg‘ir yog‘dirishning salbiy ta’siri yo‘q”, – dedi G‘afurov.

Uning ma’lumot berishicha, O‘zbekistonda 1963-1968 yillarda Pskom, 1985-1991 yillarda Qashqadaryo, 1989-1990 yillarda Chirchiq, 1990-1991 yillarda Shimoliy Farg‘onada sun’iy yomg‘ir yog‘dirish amalga oshirilgan. Qashqadaryo loyihasida 6-10 foiz, Chirchiq va Shimoliy Farg‘ona loyihasida 10-15 foizgacha yomg‘ir ortgani qayd etilgan. Ob-havoni boshqarishdan maqsad qishloq xo‘jaligi ekinlarini muhofaza qilish bo‘lgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasi yo‘lga qo‘yiladi