
28 oktyabr kuni Toshkent shahridagi Ko‘ksaroy qarorgohida muhim diplomatik voqea bo‘lib o‘tdi — Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich va rafiqasi Tamara Vuchich rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva Serbiya Birinchi xonimi Tamara Vuchich bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ushbu muloqot ikki davlat o‘rtasidagi insoniy, madaniy va ma’naviy aloqalarni yanada chuqurlashtirish yo‘lida muhim qadam sifatida baholandi.

Norasmiy suhbat davomida ikki mamlakat xalqlarini bog‘lab turuvchi umumiy qadriyatlar, xususan, madaniyat, ta’lim va gumanitar sohalardagi hamkorlik mavzularida fikr almashildi. Suhbat davomida Ziroat Mirziyoyeva O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-ilmiy tashabbuslar haqida so‘zlab berdi, Tamara Vuchich esa Serbiyada ayollar faolligi va bolalar huquqlarini himoya qilish yo‘nalishidagi ishlar bilan tanishtirdi.

Tomonlar O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ta’kidlab, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, ishonch va anglashuvni yanada mustahkamlash muhim ekanini ta’kidlashdi.

Uchrashuvdan so‘ng Ziroat Mirziyoyeva va Tamara Vuchich O‘zbekiston xalq amaliy san’ati va milliy an’analar namoyishida ishtirok etishdi. Mehmonga mahalliy hunarmandlar tomonidan yaratilgan gilamlar, zargarlik buyumlari va atlas-adraslar kolleksiyasi taqdim etildi. Shuningdek, milliy liboslardagi raqs va qo‘shiqlar ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Uchrashuv samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi. Ikki mamlakat birinchi xonalari kelgusida ham madaniy va ijtimoiy hamkorlikni yanada kengaytirishga intilishini bildirishdi.

Bu muloqot nafaqat diplomatik, balki insonparvar do‘stlikning ramzi sifatida tarixda qolishi shubhasiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!