19:09 / 31.05.2023
959

Uslubsiz va "murabbiysiz" "kichik mundial"da ishtirok etgan terma jamoamiz

Uslubsiz va "murabbiysiz" "kichik mundial"da ishtirok etgan terma jamoamiz
Pep Gvardiola "Leypsig"ga qarshi uchrashuvda penta-trik qilgan Xolandni zahiraga olib tashlaydi. Bundan norvegiyalik futbolchining jahli chiqadi. Uchrashuvdan so‘ng Pepdan o‘zgarishning sababini so‘rashganida: "U hozirdanoq hamma rekordlarni yangilab tashlasa, motivatsiyasi qolmaydi", deya javob bergandi. To‘g‘ri gap va oqilona qaror.
 
Asosiy va o‘zimizni mavzuga qaytamiz. 20 yoshlilarimizga muxlislik qilishimiz kerak, ammo natijani u qadar ham yurakka yaqin olish shart emas. Bu futbolchilar hozirdan katta yutuqlarga, mashina va rag‘batlarga to‘yib qolsa, futbolimizda doimgidek ijrochilar tanqisligi davom etaveradi. O‘zingiz bilasiz, bunday holatning ko‘p bora guvohi bo‘lganmiz.
 
Avvalambor, hammani xotirjam bo‘lishga chaqirmoqchiman. Bu 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionati. Tushunyapsizmi? Jahon chempionati! Nimchorak final. Yomon ko‘rsatkich emas. Ikki Osiyo vakili guruh bosqichida ham qolib ketdi. O‘zimizni boshqalar bilan solishtirmoqchi emasman, ammo ba’zan noshukr ekanligimiz ham bor gap. Ha, futbolchilarimiz charchab qoldi. Jismoniy tomondan kuchimiz yetmadi va raqib ayorlik evaziga bizni taslim etdi. Meni boshqa savol qiynayapti. Nahotki, bizdagi bir shaxs shu holatni inobatga olmagan bo‘lsa, deb hayron qolyapman. Axir, ko‘p emas 2-3 kun oldin Isroil Yaponiyaga qarshi o‘yinda ham nimalar qilganini bilar edi-ku?
 
Bu termamizdagi futbolchilarning potensialini e’tirof etish darkor. Har bir pozitsiyada o‘ziga ishonchi yuqori bo‘lgan iqtidor egalari bor. Abbosbek Fayzullayev, Umarali Rahmonaliyev, Po‘latxo‘ja Xoldorxonov, Shahzod Ne’matjonov, Nodirbek Abdurazzoqov kabi texnik tomonlama kuchli futbolchilar Osiyo Kubogida ham va Argentinadagi "kichik mundial"da ham asqatdi. Aynan butun o‘yin ularning hujumdagi kreativi ustiga qurildi. Himoyachilarning hujumga o‘tish holatlari va jamoaviy futbol elementlari juda kam.
 
Buning uchun men Ravshan Haydarovni yaxshigina tanqid qilgan bo‘lardim. Ha, hozir aynan shunday qilaman. To‘g‘ri, futbolchiga erkin o‘ynash imkonini bergani yaxshi, ammo bu erkinlik kimningdir foydasiga ishladi va kimningdir zarariga. Misol uchun, Abbosbek haqiqiy talantligi bilan bir qatorda katta o‘yinlar tajribasini ham ko‘rgan yigit. Qayerda qanday harakat qilishni biladi. Po‘latxo‘ja Xoldorxonov va Nodirbek Abdurazzoqovga bo‘layotgan munosabatni esa o‘zingiz ko‘rib turibsiz.
 
Agar bu futbolchilar ruhan kuchli bo‘lmasa, sinib ketishi hech gap emas. Menimcha, bu erkinlik qandaydir uslub qorishmasi bilan amalga oshganda, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Biroq Osiyo Kubogida ham, Jahon chempionatida ham natijalar fonida muammolar qolib ketaverdi. Murabbiy jamoani o‘z holiga solib qo‘ygan.
 
Natijalarda murabbiyning o‘rni katta. Jamoaga u o‘z qarashlari va taktik sxemasini singdirishi kerak bo‘ladi. Shunchaki, to‘g‘ri tarkib tanlab berishni mana shu maqolaga komment yozayotgan (futbolni yaxshi tushunadigan) muxlis ham eplay oladi, nazdimda. Hozirdanoq bu futbolchilar uslublarga moslashuvchan bo‘lishi lozim. Shuningdek, tartibning ahamiyatini ham his qilishi kerak. Sababi, katta futbol umuman boshqa daraja.
 
Termamiz yigitlarini zarracha ayblamoqchi emasman. E’tirozlarimning barchasi futbolchilarni xalqqa "qora" ko‘rsatib qo‘ygan murabbiy va kecha g‘alabalardan zavq olib, bugun og‘zini to‘ldirib, "shirin so‘zlar" aytayotgan unutuvchi muxlisga. Kim uchun qanday bilmadim, men uchun bu yigitlar Osiyodagi tengqurlari orasida eng talantlilari. Agar ular o‘z ustida ishlashda davom etsa va haqiqiy murabbiylardan futbol saboqlarini olsa, kelajagimizdan ko‘nglimizni to‘q qilsak ham bo‘laveradi.
 
Xudayqulov Karim

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Uslubsiz va "murabbiysiz" "kichik mundial"da ishtirok etgan terma jamoamiz