Ayni paytda O‘zbekiston va Angliyaning eng sovrindor klublari sotilmoqda. «Manchester Yunayted» aksiyalarining 25 foiz ulushini ser Jim Retkliff sotib olayotgan bo‘lsa, «Paxtakor» aksiyalari to‘lig‘icha sotuvga qo‘yildi.
Retkliff klub bilan uchrashuvda maqsadi moliyaviy foyda ko‘rish emas, klubni yana Yevropaning eng kuchlilaridan biriga aylantirish ekanini aytayotgan bo‘lsa, «Paxtakor»ni sotib oladigan xaridor akademiya va klub faoliyatini davom ettirishi, klub balansidagi barcha sport obyektlaridan, jumladan, futbol maydonidan faqatgina sport faoliyati yo‘nalishlarida foydalanishi kerak bo‘lishi aytilmoqda.
Ser Jim Retkliff allaqachon klub strukturasini o‘rganib chiqib, bir qator muhim pozitsiyalarga o‘z odamlarini tayinlashni boshladi, ba’zi rahbarlar ishdan bo‘shatildi ham. «Paxtakor»ning rasmiy bayonotiga ko‘ra esa, Jahongir Ortiqxo‘jayev klub raisi sifatida faoliyatini davom ettiradi.
Farqlar faqat shu yerda tugamaydi. «Manchester Yunayted»ning bozor narxi yetti milliard dollargacha chiqib ketdi. Ya’ni Jim Retkliff klub aksiyalarining 25 foizini sotib olish uchun 1,3 milliard funt pul sarflagani, shuningdek, klub infratuzilmasini yaxshilash uchun qo‘shimcha 300 million funt investitsiya kiritishi aytilmoqda.
«Manchester Yunayted» amerikalik Gleyzerlar oilasiga tegishli, ya’ni xususiy, klubni istagan narxiga, istagan shartlarda sotishi, xohlasa umuman sotmasligi mumkin. Hatto «Old Trafford»ni buzib yuborib, ser Aleks Fergyuson haykalini qismlarga bo‘lib sotsa ham, huquqiy jihatdan hech kim e’tiroz qila olmaydi. Muxlislar norozilik namoyishlari o‘tkazishi mumkin xolos. Albatta, bu noroziliklardan biznes ham yutqazadi, shuning uchun Gleyzerlar hech qachon bunday qilishmaydi, bu boshqa masala.
«Paxtakor»ni Davlat aktivlari agentligi sotayotganidan kelib chiqsak, klub davlatga tegishli, ya’ni xalqniki, jamoa muxlislari ham «xalq jamoasi» deyishni yaxshi ko‘rishadi. Ammo «xaridor akademiya va klub faoliyatini davom ettirishi, klub balansidagi barcha sport obyektlaridan, jumladan, futbol maydonidan faqatgina sport faoliyati yo‘nalishlarida foydalanishi kerak bo‘lishi» haqidagi shartlardan boshqa hech narsa ma’lum emas. Ertaga bu shartlar bajarilmasa, nima bo‘ladi, davlat «Paxtakor»ni olti yil oldin sotib, yana qaytib olganidek bo‘lishi mumkinmi yoki stadion buzilmasliga moratoriy huquqi qoladimi, unda tadbirkor nimani sotib olmoqda, noma’lum.
Iqtisodchi Otabek Bakirov o‘z telegram-kanalida shu boradagi xavotirlarini bildirdi.
«Lekin bu hozircha. Keyinchalik, egalik huquqi rasmiylashtirib olingach va aytaylik, shahar chetida boshqa stadion qurilgach, talablar osongina o‘zgartirilishini istisno etib bo‘lmaydi. Ayniqsa, klubga asosiy da’vogar deb hisoblanadigan oligarxiyaning qaror qabul qiluvchilarga ta’siri hisobga olinsa.
Shu ma’noda, klub akademiyasini davlat nazoratida qoldirgan holda, klubning asosiy aktivi stadion egallagan maydon 24,1 gektarni ochiq auksionga qo‘yib sotish ko‘proq iqtisodiy ma’noga ega bo‘lardi. Poytaxtning qoq markazidagi ushbu manzilda bir sotix yer 200 ming dollarga baholanishi inobatga olinsa, quruq yerning o‘zi bozor narxida 500 million dollargacha yetadi. Bunday yuqori qiymatdagi yer manzilida biznes, savdo markazlari va premium turar joylar qurish jozibasini to‘xtatib qolish juda qiyin bo‘ladi», deydi u.
Yana bir eng muhim jihat.
Yuqorida «Manchester Yunayted»ning bozordagi narxi 7 milliard dollarga yetgani aytildi. Agar klub ixtiyoridagi bazalar, akademiya, stadion, yer, mulk, umuman barcha moddiy qiymatliklarning umumiy narxi nari borsa 2 milliard dollar atrofida bo‘lishi mumkin. Unda xaridorlar nima uchun ortiqcha 5 milliard dollar to‘lashga tayyor?
Chunki, normal iqtisodiy va futbol sharoitida «Manchester Yunayted» eng avvalo, xalqaro brend hisoblanadi va uning shartnomalari, translyatsiya huquqlari, nomi, tarixi, fan bazasi, klub qatnashadigan musobaqalar, tarkibdagi futbolchilarning qiymati, istiqbolda moliyaviy foyda keltirishi mumkin bo‘lgan kelishuvlar uchun pul to‘lanadi. Biznes muhitida ushbu faktorlar juda muhim bo‘lib, daromad keltiradigan asosiy manba sifatida aynan mana shu aylanma boyliklar, istiqbolli kelishuvlar katta ahamiyat kasb etadi.
«Paxtakor»ning ayni paytdagi moddiy qiymatliklari, jumladan egallab turgan maydoni Bakirov aytayotgan 500 million dollar qiymatga ega bo‘lsa, klub necha pulga sotiladi, deb taxmin qilasiz? Albatta, ingliz klubi singari, 3 barobar ko‘p miqdorni kutmaymiz, ammo agar o‘sha 500 milliondan ko‘p yoki kamroq bo‘lsa, tadbirkor nimani sotib olayotgan bo‘ladi?
Nahotki «Paxtakor» futbol faoliyatida, o‘z brendi, qatnashayotgan musobaqalari, biznes shartnomalari, kelishuvlar istiqboli bo‘yicha katta pul tursa? Futbol faoliyati orqali qanday foyda ko‘rish mumkin? «Paxtakor»ning Superligadagi bir uy uchrashuvida chiptalardan tushgan pul stadionni tozalovchilar to‘lash uchun yetadimi? OTMK bilan safar o‘yinida translyatsiya uchun olinadigan mablag‘ Olmaliqqa borib kelish xarajatlarini qoplaydimi? Osiyo Chempionlar ligasida bir o‘yindagi g‘alaba uchun olinadigan mukofot puli futbolchilarning bir oylik maoshini qoplay oladimi? Ayniqsa, «xaridor akademiya va klub faoliyatini davom ettirishi, klub balansidagi barcha sport obyektlaridan, jumladan, futbol maydonidan faqatgina sport faoliyati yo‘nalishlarida foydalanishi kerak bo‘lishi» sharti qat’iy shaklda ishlasa, sog‘lom aql bilan klubni sotib olishdan qanday naf? Klubning futbol tomoni xuddi «Manchester Yunayted» singari, qiymatni bir necha barobarga oshirmaydi, aksincha, yillik xarajatlar shaklda manfiy tomonga o‘zgartiradi-ku? Agar shundan kelib chiqib, arzimagan pulga klub sotiladigan bo‘lsa, Toshkent markazidagi juda katta maydon xususiy qo‘lga o‘tgach, qachongacha u yerda umuman norentabel bo‘lgan futbol uchun saqlanib turiladi?
Umuman, klubning sotilishidan maqsad nimada? Agar maqsad «Paxtakor»ni klub sifatida rivojlantirish bo‘lsa, shart esa, « xaridor akademiya va klub faoliyatini davom ettirishi, klub balansidagi barcha sport obyektlaridan, jumladan, futbol maydonidan faqatgina sport faoliyati yo‘nalishlarida foydalanishi kerak» bo‘lsa, stadion va atrofini hokimiyatga, ya’ni xalqqa qoldirib, xaridorga klubni va stadiondan foydalanish huquqinigina sotish maqsadga muvofiqroq emasmi? Mohiyatan tadbirkor qaysi biriga pul to‘laydi ? «Paxtakor» klubigami yoki «Paxtakor» stadionigami?
Yuqorida Bakirov futbol klubni emas, stadionni bozor narxida sotish maqsadga muvofiq ekaniga ishora bermoqda. Men stadionni emas, futbol klubini sotishni taklif qildim, aslida bu fikrlar bir-biriga ziddek ko‘rinsa-da, aslida asosiy jihatda kesishadi – zinhor «Paxtakor» futbol klubi va «Paxtakor» stadionini qo‘shib sotmaslik kerak.
Avvalo ikkalasini ajratib qo‘yish lozim. Kimga «Paxtakor» stadionini egallab turgan falon gektar maydon kerak bo‘lsa, marhamat, bozor narxida sotib olib, tadbirkorlik qilsin. Kimga futbol kerak bo‘lsa, marhamat, «Paxtakor» futbol klubini mavjud bo‘lgan qiymatida sotib olib, rivojlantirsin. Marhamat.
Shuning uchun, toki futbolimizda qisman bo‘lsa-da, futbol faoliyatidan daromad kelishi, aytaylik, translyatsiya huquqlari, reklama, marketing, matchday daromadlari, transferlar orqali moliyaviy tushumlarni amalga oshirish imkoniyati bo‘lmas ekan, hech qanday xususiylashtirish futbolimizni qutqarib qola olmaydi.
Ungacha «Paxtakor» klubidagi eng qimmat boylik uning egallab turgan yer maydoni bo‘lib qolaveradi. Qancha berasiz?
Qahramon Aslanov
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring