
Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-noyabr kuni Vashingtondagi amaliy tashrifi doirasida AQSH Eksport-import banki — Eksimbank rahbari Jon Yovanovich bilan uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur uchrashuv ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida o‘tdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Eksimbank AQSH hukumatining rasmiy eksport-kredit agentligi hisoblanadi. Uning asosiy vazifasi — Amerika kompaniyalarining xalqaro iqtisodiy faoliyatini sug‘urta, kafolat va kredit vositalari orqali qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Eksimbank o‘rtasida energetika, muhim minerallar, transport, qishloq xo‘jaligi va axborot texnologiyalari sohalarida yirik hamkorlik loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Ayniqsa, AQSHning nufuzli moliyaviy institutining O‘zbekiston aviaparkini modernizatsiya qilish, yangi avlod Boeing samolyotlarini xarid qilish va yetkazib berishdagi ishtirokiga alohida e’tibor qaratildi. Prezident bu sohadagi hamkorlikni mamlakat transport infratuzilmasini rivojlantirishda muhim omil sifatida qayd etdi.
Uchrashuvda ikki tomon ham uzoq muddatli moliyaviy sheriklikni rivojlantirishga qiziqish bildirdi. Yirik qo‘shma dastur asosida kelgusida strategik ahamiyatga ega loyihalarni moliyalashtirish uchun yangi mexanizmlar ishlab chiqishga kelishildi.
Shuningdek, Eksimbankning qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirishda faol ishtirokini ta’minlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun qulay shartlar yaratish masalalari ham muhokama etildi.

Uchrashuv yakunida davlat rahbari huzurida O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda AQSH Eksimbanki o‘rtasida qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi bitim almashildi.
Bu kelishuv ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikda yangi sahifa ochishi va kelgusida Amerika biznesining O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi uchun keng imkoniyat yaratishi kutilmoqda.
Tahlilchilar fikricha, mazkur uchrashuv nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlarni mustahkamlaydi, balki O‘zbekistonning AQSH investitsiyalariga ochiq ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Shavkat Mirziyoyevning Vashingtondagi biznes dasturi doirasida yana qator strategik uchrashuvlar o‘tkazilishi kutilmoqda — ular orasida texnologiya, energetika va logistika sohalari bo‘yicha yirik korporatsiyalar bilan muzokaralar ham bor.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!