date

Qoraqalpog'iston tuz sanoati markaziga aylanadi


Qoraqalpog'iston Respublikasida Barsakelmes tuz koni bazasida yangi sanoat hududi – Kungrad Salt Free Zone tashkil etiladi. Ushbu hudud tuzni qayta ishlashga ixtisoslashgan bo'lib, bu tashabbus prezidentning 3-noyabrdagi qarori (PQ-333) bilan mustahkamlangan.

Loyihaga 2030-yilgacha jami 250 million dollar investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda, ya'ni 2026-yilgacha kamida 50 million dollar o'zlashtiriladi.

Sanoat hududining rivojlantirilishi 2025-2026-yillarda 50 gektar maydondan boshlanib, zaruratga qarab 200 gektargacha kengaytiriladi. Yangi sanoat hududida loyihalar amalga oshirayotgan investor va tadbirkorlar «Nukus» erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchisi maqomiga ega bo'lib, ular uchun besh yil davomida sezilarli soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etiladi.

Mazkur loyiha Qoraqalpog'istonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirish strategiyasining muhim qismi hisoblanadi. Ushbu strategiya avvalroq Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan bo'lib, har yili respublika yalpi hududiy mahsulotining 6-6,5 foizga o'sishini ko'zda tutadi.

Bundan tashqari, prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva oktabr oyida mintaqada umumiy qiymati 2 milliard dollarga teng bo'lgan 27 ta yirik loyihani amalga oshirish rejasini e'lon qilgan edi. Yangi sanoat hududi tashkil etiladigan Barsakelmes tuz koni qurib qolgan Orol dengizi tubining bir qismi hisoblanadi.

Uning nomi tarixiy ravishda bu hududda harakatlanish sharoitining o'ta murakkabligi bilan bog'liq bo'lib, «borib qaytmaslik» ma'nosini anglatadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Qoraqalpog'iston tuz sanoati markaziga aylanadi