09:37 / 08.08.2024
781

Do‘smatovning murabbiylari aqlli ekan...

Do‘smatovning murabbiylari aqlli ekan...
Parij Olimpiadasining boks bellashuvlarida 51 kilogrammgacha vazn toifasidagi Hasanboy Do‘smatov va Saken Bibossinov to‘qnashuvi hali ham tahlil qilinmoqda, jang bo‘yicha turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda.

Chorak finalga to‘g‘ri kelgan ushbu bellashuv Olimpiadaning eng yorqin janglaridan bo‘ldi. Final oldidan final, deb ta’riflangan boks “el-klasiko”sida Hasanboy Do‘smatov ashaddiy raqibini mag‘lubiyatga uchratdi.

Qozog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan murabbiy Jumabek Omurzakov Saken Bibossinovning mag‘lubiyatiga hakamlar qarorining umuman daxli yo‘qligini ta’kidlab, Do‘smatov nimaning evaziga ustun kelganini izohlab berdi.

- Do‘smatov o‘zini qiynagani yo‘q. Hasanboy birinchi va ikkinchi raundlarda xotirjam o‘tkazdi. Lekin uchinchi raundda hammasini hal qildi. U “portladi”. Chunki jangni to‘g‘ri tashkil qildi, uning murabbiylari ancha aqlli ekan, - dedi Jumabek Omurzakov.

Taniqli murabbiy Do‘smatov bilan jangda Bibossinov nega o‘zini ko‘rsata olmagani, unga nima xalaqit qilganini ham tahlil qilib berdi.

- Bokschiga mutlaqo hamma maslahat beradi. Ayniqsa, maslahatlar keragidan ortib ketsa, odam “kuyadi”. Ular Sakenni shu darajada adrenalin tuzog‘iga tushirib qo‘yishdiki, bokschi doim bosim ostida qolib ketdi.

Odam muntazam adrenalin ta’siri ostida bo‘lsa, asab tizimida tormozlanish yuzaga keladi va bu pasayishga sabab bo‘ladi. Bu holatda sportchining ongi ortiqcha narsalarga to‘la bo‘lgani uchun diqqatini jamlay olmaydi. Hamma uni zo‘r, yutadi, deydi.

Bokschilarni mag‘lubiyatga yetaklaydigan asosiy ikkita omil bor. Birinchisi – zarba yeyish. Ikkinchisi – yutqazishdan qo‘rqish. Senga bosim qilaverishsa, mag‘lubiyatga uchrashdan cho‘chib qolasan. Bu holatda miyada tormozlanish boshlanadi. Sen boshqa narsa bo‘yicha ishlashing kerak, lekin miyangga umuman begona narsalarni quyib qo‘yishadi. Bokschi bunaqada o‘zi istagan taqdirda ham jangga moslasha olmaydi.

Bunday bo‘lmasaligi uchun oldindan sutkalab u bilan suhbatlashish kerak. Bizda esa, psixologlar yo‘q, lekin hamma mukofot oladi.

Bir gap: men bir yig‘ilaylik va o‘sha uchrashuvda men bokschilarimiz nega uch raund nafas ololmasligini osongina tushuntirib beraman, degandim.

Bizda zamonaviy uskuna bor, u sportchi nafas oladimi yoki yo‘q, shuni hisoblab beradi. Ilgari bunaqa jihozlarni o‘z pulingga sotib olishga majbur bo‘larding, hammasi qo‘lda hisoblanardi. Hozir zamonaviy uskunalar bor, lekin undan foydalanishmaydi. Ular hatto bu jihozlar nimaga kerakligini, undan qanday ishlatishni ham bilishmaydi.

Bu texnologiyalar bokschilarimizning nafasi nega uch raundga yetmayotganini osongina hisoblab beradi. Bu apparatlarda hamma narsani hisoblash mumkin. Faqatgina bokschining psixikasi zaif bo‘lsa, bundan mustasno.

Yig‘inga kelasan, apparat yordamida ko‘rsatkichlarni olasan. Mashg‘ulotlarni yakunlaysan, yana bokschini apparat yordamida tekshirib, keyingi natijalarni olasan. Ular bunday qilishmaydi, buni xohlashmaydi ham. Ular o‘zlarini juda aqlli, deb biladi.

Hozir har qanday murabbiyga besh daqiqa ichida o‘z shogirdini va uning funksional tayyorgarligini qanday nazorat qilishni tushuntirib berish mumkin
, - dedi Jumabek Omurzakov.

Parij Olimpiadasi qozog‘istonlik bokschilar uchun muvaffaqiyatsiz bo‘lgani ta’kidlanmoqda. Yetti vazn toifasida o‘tgan bellashuvlarda faqatgina Nurbek Oralbay hozirgacha barcha raqiblarini yengib, finalda qatnashish imkoniga ega bo‘ldi.

Qozog‘iston terma jamoasining o‘z vaznida favorit hisoblangan qolgan bokschilari Olimpiadadagi ishtirokini saralash uchrashuvlaridayoq yakunladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Do‘smatovning murabbiylari aqlli ekan...