21:32 / 26.10.2024
50

Raqibni tor joyga qamab qo‘rqituvchi "Barselona" haqida batafsil!

Raqibni tor joyga qamab qo‘rqituvchi "Barselona" haqida batafsil!
"Barselona" YECHL doirasida bo‘lib o‘tgan "Bavariya"ga qarshi uchrashuvda yuqori himoya chizig‘ida o‘ynagani bilan ko‘p e’tirof etildi. Qiziqarlisi, Flik bu borada eng yaxshi bo‘lgan raqibga qarshi ham agressiv bosim va dadil mudofaa variantini tanladi.

"Barsa"ning yangi bosh murabbiyi jurnalistlar bilan bo‘lgan suhbatda o‘zining vahshiy pressing uslubi haqida gapirdi: "Men o‘zim boshqargan jamoalarga kerakli paytda raqibga bosim o‘tkazishni afzal ko‘raman. Ba’zan "Barselona"dagi odatiy himoya chizig‘idan ham yuqoriroqda bu ishni qilaman".

Flik aldamadi. Vingerlar pressing qilishni boshlaydigan yangi model mavsumoldi o‘rtoqlik uchrashuvlaridan buyon qo‘llanib kelmoqda. Oydan oyga uning jamoasi kuchayib boradi va himoya chizig‘i yuqoriga ko‘tarilib boraveradi.

Ko‘rib turganimizdek, nemis eng og‘ir pallalarda ham o‘z g‘oyalaridan voz kechmaydi.

"Barselona" pressingidagi eng ko‘p effekt beruvchi jihat - aynan yuqori himoya chizig‘i. Bu raqibga bosimni oshirib, o‘yinchilar erkinroq harakat qiluvchi zonada joyni, "kislorod"ni kamaytiradi. Ular pozitsion hujum boshlash uchun erkinlikka ega bo‘lmaydi, xatolar esa ko‘payadi.

Raqiblarning tezkor qarshi hujumlarini oldini olishning eng yaxshi yo‘li esa - ularni "ofsayd qopqoni"ga tushirish. Qarangki, klub bu borada ayni dam top-5 chempionatda eng yaxshi bo‘lib turibdi.

Filtrlarni so‘nggi 10 yillikning eng yaxshilariga o‘zgartirsak, bu qanchalik yuqori ko‘rsatkich ekanligi yana ham namoyon bo‘ladi. Faqatgina ikki jamoa turli mavsumlarda faqat ikki bor raqiblarni o‘rtacha 5 marotabadan ko‘proq ofsayd holatiga tushirgan. Albatta, hozirgi Flik "armiya"si ikkinchi o‘rindan katta farq bilan oldinda.

"Barselona"ning asosiy maqsadi raqiblarni ofsaydga tushirish emas. Bu shunchaki kuchli bosim mahsuli hisoblanadi.

Bunday taktikaga etalon sifatida Unai Emerining "Aston Villa"sini misol qilib ko‘rsatsak bo‘ladi. "Aston Villa" ham baland himoya chizig‘iga joylashadi, ammo raqibga to‘g‘ridan to‘g‘ri bosim uyushtirmaydi. "Barselona" esa o‘zi tashkil qilgan chiziqda raqiblarga bosim o‘tkazadi va ularni umidsizlikka tushirib, to‘pni oldinga tepib yuborishga yoki diagonallarga majbur qiladi.

Yuqoriroqda "ofsayd qopqoni" jumlasini "Barselona"ga nisbatan ishlatdik. Aslida, bu "Aston Villa"ga ko‘proq mos tushadi. "Ko‘k-anorranglilar"da bu bosim evaziga yuzaga keladi (Tarjimon versiyasi).

Xullas, ikkisida ham ofsaydlar ko‘p, ammo aksentlar turlicha.

"Barselona" uchun ofsaydlar pressing qanchalik sifatli ishlayotganini ko‘rsatib beradi. "Bizning uslubimiz yuqori pressingdan iborat. Bundan raqib yarim maydonida ularga joy bermaslik uchun foydalanamiz. Albatta, buning evaziga ortimizda bo‘sh joy qoldiramiz - maydonning deyarli teng yarmini", - deya Flikning o‘zi uslubi haqida fikr bildirgandi.

Flikning "Barselona"si chindan ham top darajada. Buni har qanday statistika o‘zida aks ettiradi. PPDA ko‘rsatkichi bo‘yicha "Barsa" La Ligada birinchi, Yevropada esa ikkinchi.

PPDA - (passes per defensive action) Bu maydonning qarama-qarshi tomonida har bir himoyaviy harakat paytida raqib nechta uzatma berganini aks ettiruvchi statistika. Bu raqib tomonidan amalga oshirilgan paslar sonini, jamoa tomonidan amalga oshirilgan himoyaviy harakatlar soniga bo‘lish orqali hosil bo‘ladi.

Qiziqarlisi, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha peshqadam jamoa ("Monako) aynan "Barselona"ni joriy mavsumda mag‘lub etgan ikki (Ikkinchisi "Osasuna") jamoadan biri hisoblanadi (Tarjimon versiyasi).

Bosim vaqtida uzatmalar kam bo‘lishi tabiiy. Tushuntiradigan bo‘lsak, "Barselona" yuqorida bosim evaziga raqibning paslari sonini qisqartirganini va bu borada Yevropada ikkinchi ekanligi ta’kidlandi. Ammo pressing paytida raqiblarni xato paslarga majburlash alohida statistika. "Ko‘k-anorranglilar" mazkur statistika bo‘yicha ham Yevropada ikkinchi ekanini e’tirof etish kerak.

"Barselona" mumkin bo‘lgan barcha pressing jabhalarida eng yaxshilar qatorida. Bu nafaqat jasoratli, balki o‘zgaruvchan taktika hamdir. Bu raqiblarga o‘yinda pas berishda muammolarni keltirib chiqaradi va xavf vujudga kelishi mumkin bo‘lgan zonalarda raqibni ishsiz qoldiradi yoki ular ofsaydda qolib ketadi. "Bizning falsafamiz - yuqori pressing. Biz buni allaqachon juda yaxshi o‘zlashtirganmiz. Butun jamoa sitqi dildan mehnat qiladi. Jismoniy taraflama ham barchamiz kuchlimiz", - deya fikr bildirdi Rafinya.

Flik boshqaruvidagi jamoalarning asosiy prinsipi markaziy zonadagi umumiy bosim hisoblanadi. Ushbu zonaga kirgan har bir raqib epizod yakuniga yetguncha "qo‘riqchi"ga ega bo‘ladi. Ungacha esa "Barsa"ning vingerlari torayib, raqibning markaziy himoyachilariga qarshi harakat qiladi.


Levandovski va uning ortida harakat qiluvchi futbolchi tayanch yarim himoyachilariga qarshi harakat qiladi.

Markaziy zonada hamma individual harakat qiladi, qanot himoyachilari esa yo‘nalish bo‘yicha. Agar hujum Balde qanotiga o‘tsa, u oldinga siljiydi, Kunde esa markaziy himoyaga qaytadi - yoki aksincha.

Shuningdek, kerak bo‘lsa, Levandovski o‘zi biriktirilgan tayanch yarim himoyachiga oxirigacha pressing uyushtiradi. "Oxirigacha o‘ynash" qoidasi hamma uchun amal qiladi.

Agar raqib bosimni his qilsa va tezlik bilan oldinga siljisa, himoya maydon markaziga joylashadi. Raqib bosim ostida ham pas o‘ynashga tayyor bo‘lsa, himoya yana ham yuqoriroqqa ko‘tariladi (sezilarli darajada).

Bosim zonasidagi ushbu tartib evaziga Kataloniya grandi maydonda maksimal ixcham sxemada joylashadi, raqib uchun esa bu - klaustrofobiya (tor hududdan qo‘rquv).

Flik odatda barcha raqiblarga qarshi bir xil modelda o‘ynaydi, ammo uni ijrochilar orqali tartibga soladi. Rafinya - Marselo Belsa pressing maktabi bitiruvchisi hisoblanadi va mazkur sxemaning asosiy yulduzi ham.

"Rafa istalgan hujum pozitsiyasida o‘ynay oladi. Hujumchi orti yoki qanotlarda. Biz uning pozitsiyasini o‘zgartirib turamiz. Rafinya bilan bizning pressing g‘oyamizni amalga oshirish osonroq kechadi", - deya tushuntirgandi Flik.

"Barsa"ning pressingi o‘ta jasoratli va ajoyib tarzda yo‘lga qo‘yilgan, ammo ideal emas. Bu kabi jasorat bilan ma’lum miqdordagi qarshi hujumlarga tayanish kerak. Flik donoligi bilan bosimning zararidan foydasi ko‘proq bo‘lishiga "pul tikmoqda". Bunday o‘yin har ikki tomonning ham "yo‘lini ochadi", ammo ko‘proq foydani "Barselona" olmoqda. Hozircha bu joriy mavsumda katta risk qilingan va eng ko‘p ish berayotgan eng yaxshi taktika hisoblanadi.

Muallif: Vadim Lukomskiy (sports.ru)
Karim Xudayqulov tarjimasi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Raqibni tor joyga qamab qo‘rqituvchi "Barselona" haqida batafsil!