
Qatarda start olgan 17 yoshlilar o‘rtasidagi jahon chempionati doirasida J guruhining ilk bahsi o‘z nihoyasiga yetdi. Bellashuvda Irlandiya o‘smirlar terma jamoasi Panamaga qarshi maydonga tushdi va kuchli o‘yin hamda samarali hujumlar hisobiga yirik g‘alabani qo‘lga kiritdi.
O‘yinning ilk daqiqalaridanoq irlandlar tashabbusni qo‘lga oldi. 17-daqiqada Umeh hisobni ochdi va jamoasiga ustunlik keltirdi. Shundan so‘ng Panama himoyasi bosimga dosh berolmay, 35-daqiqada Brovnning aniq zarbasidan keyin hisob 2:0ga yetdi.
Ikkinchi bo‘limda ham Irlandiyaning ustunligi yaqqol sezildi. 58-daqiqada Nunan, ortidan esa 61-daqiqada Kovalevskis o‘z nomlarini gol urganlar safiga yozdirdi. Panama jamoasi bahs yakuniga yaqin Richardis orqali bitta gol urishga muvaffaq bo‘ldi, ammo bu natijaga ta’sir qilmadi. Bellashuv 4:1 hisobida Irlandiya foydasiga yakunlandi.
J guruhi
Panama U-17 — Irlandiya 1:4
Gollar: Umeh (17), Brovn (35), Nunan (58), Kovalevskis (61) — Richardis (89).
Mazkur g‘alaba natijasida irlandlar guruhda peshqadamlikni qo‘lga kiritdi va keyingi bosqich uchun jiddiy da’vogar sifatida namoyon bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Panama o‘smirlari 8 noyabr kuni Paragvayga qarshi o‘ynaydi. Shu kuni Islom Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi ham Irlandiyaga qarshi maydonga tushib, o‘zini ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!