date

Ayollar miyasi erkaklarga nisbatan sekinroq qarishi aniqlandi

Ayollar miyasi erkaklarga nisbatan sekinroq qarishi aniqlandi

Norvegiyaning Oslo universiteti olimlari tomonidan o‘tkazilgan keng ko‘lamli tadqiqot natijalariga ko‘ra, erkaklar miyasi ayollarnikiga qaraganda tezroq qariydi. Bu haqdagi ilmiy maqola Proceedings of the National Academy of Sciences (PNAS) jurnalida chop etilgan.

Tadqiqotda yoshi 17 yoshdan 95 yoshgacha bo‘lgan 4 726 nafar sog‘lom inson ishtirok etgan. Ulardan jami 12 638 ta MRT tasviri olingan bo‘lib, har bir ishtirokchi taxminan uch yil oraliqda ikki marta tekshiruvdan o‘tgan. Bu usul olimlarga miyadagi tuzilmaviy o‘zgarishlarni vaqt davomida aniq solishtirish imkonini berdi.

Mutaxassislar bosh miya po‘stlog‘ining qalinligi va maydoni, shuningdek, oq va kulrang moddalar hajmini tahlil qilgan. Natijada ma’lum bo‘lishicha, erkaklarda miya hajmi kamayishi va po‘stloq yupqalashishi tezroq kechadi — ayniqsa ko‘rish va xotira uchun javobgar bo‘lgan hududlarda. Ayollarda esa faqat chakka sohasining kichik qismida qarish alomatlari kuzatilgan.

Shu bilan birga, olimlar ta’kidlashicha, bu farqlar katta emas — po‘stloq qalinligining yillik o‘zgarishi yoshga nisbatan o‘ndan bir foiz atrofida bo‘lgan.

Tadqiqotchilar miya qarishiga umr davomiyligi va genetik omillar qanday ta’sir qilayotganini ham o‘rganishdi. Ayollar, odatda, erkaklarga nisbatan uzoqroq umr ko‘radi. Bu hisobga olingandan so‘ng, miya qarishi bo‘yicha jinslar o‘rtasidagi farq deyarli yo‘qolgan.

Shu sababli olimlar ayollarda Alsgeymer kasalligi ko‘proq uchrashi miyaning tezroq qarishi bilan bog‘liq emasligini ta’kidlamoqda. Bu holat ehtimol umr uzunligi, genetika yoki tashxis usullaridagi farqlar bilan izohlanishi mumkin.

Tadqiqot rahbari Anne Ravndal shunday deydi:

“Biz ayollar miyasi erkaknikidan tezroq yemirilayotganini ko‘rsatadigan dalil topmadik. Farqlar juda kichik va asosiy omillar hayot tarzi hamda irsiyat bilan bog‘liq.”

Olimlar endilikda miya tuzilishidagi o‘zgarishlar inson xotirasi va kognitiv qobiliyatlariga qanday ta’sir qilishini chuqurroq o‘rganishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Braziliyaning Riu-Grandi-du-Sul Federal universiteti olimlari Amerika rayhoni ekstrakti miya qarish jarayonini sekinlashtirish va oksidlovchi stress hamda yallig‘lanishni kamaytirishga yordam berishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Ayollar miyasi erkaklarga nisbatan sekinroq qarishi aniqlandi