date

"Barselona" kuchli kambek qildi: Kunde dubli g‘alaba keltirdi

"Barselona" kuchli kambek qildi: Kunde dubli g‘alaba keltirdi

"Barselona" o‘z maydonida "Ayntraxt" Frankfurtni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Chempionlar Ligasi umumiy bosqichi oltinchi turida kataloniyaliklar dastlab gol o‘tkazib yuborgan bo‘lsa-da, tanaffusdan keyin tashabbusni qo‘lga olib, Jyul Kunde tomonidan urilgan dubl tufayli muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi.

Mezbon jamoa o‘yin boshidan boshlab to‘pni nazorat qilib, yuqori pressingda harakat qildi. Rafino va Lamin Yamal qanotlarda faol o‘ynashdi, ammo xavfli vaziyatlar kam bo‘ldi.

Levandovski tomonidan urilgan bir gol Rafino ofsaydda turgani uchun bekor qilindi. Shunda esa "Ayntraxt" o‘z imkoniyatini kutdi.

Braunning Knauffga yo‘llagan to‘p uzatmasi himoyachilardan o‘tib, Knauff markazdan jarima maydoniga kirib, pastdan zarba berdi. Joan Garsiya bu vaziyatda yordam bera olmadi va mehmonlar kutilmaganda hisobda oldinga chiqib olishdi.

Tanaffusdan keyin Xans-Diter Flik Markus Reshfordni maydonga tushirdi. "Barselona" o‘yin tezligini oshirib, bosimni kuchaytirdi.

Avval Reshford chap qanotdan jarima maydoniga uzatma berdi, Kunde esa Braunni orqada qoldirib, to‘pni bosh bilan darvozaning o‘ng pastki burchagiga yo‘lladi. Keyinroq mezbonlar chap qanotdan burchak to‘pi ishlashdi.

Lamin Yamal uzoq ustunga uzatma berdi, va Kunde yana bosh bilan zarba berib, to‘pni chap ustun yonidan darvozaga yo‘naltirdi. Shu tariqa himoyachi dublini rasmiylashtirib, "Barselona"ni oldinga olib chiqdi.

Ikkinchi goldan so‘ng "Barselona" biroz sustlashdi. Ferran Torres va Frenki de Yong o‘yin markazida to‘p nazoratini oshirishga harakat qilishdi.

"Ayntraxt" esa asosan uzatmalar va standart vaziyatlar orqali hisobni tenglashtirishga urindi. Ayniqsa, so‘nggi daqiqalarda Daudning o‘ng qanotdan uzatmasi xavfli bo‘ldi, biroq Joan Garsiya vaqtida maydonga chiqib, Baoyyaning zarbasini to‘sib qo‘ydi.

Kataloniyaliklar o‘yin tempini tushirib, xavfsiz tarzda uchrashuvni yakuniga yetkazishdi.

Barselona — Ayntraxt 2:1

Gollar: Kunde 50, 53 – Knauff 23

Barselona – Joan Garsiya, Kunde, Kubarsi, Jerar Martin, Balde (Kristensen, 89), Erik Garsiya, Fermin Lopes (Reshford, 46), Pedri, Yamal (Bardji, 89), Levandovski (Torres, 66), Rafinya (De Yong, 66).

Ayntraxt – Setterer, Kox, Teat, Shaibi (Baoyya, 77), Knauff (Vaxi, 68), Kristensen, Sxiri, Larsson (Doud, 68), Doan, Braun, Gyotse (Uzun, 77).

Ogohlantirishlar: Yamal 56, Martin 61 – Knauff 28.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » "Barselona" kuchli kambek qildi: Kunde dubli g‘alaba keltirdi