O‘zbekiston terma jamoasi uchun jiddiy yo‘qotish yuz bergani ma’lum bo‘ldi

«Rizespor»ning tibbiyot markazi rahbari doktor Hasan Turut «Gyoztepe»ga qarshi o‘yinda jarohat olib, bellashuvni davom ettira olmagan Xusniddin Aliqulovning hozirgi holati yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Mutaxassisning aytishicha, himoyachi 19 yanvar kuni o‘tgan o‘yinda chap tizzasi qayrilib ketgan holda noqulay yiqilishdan so‘ng og‘riq his qilgan va maydonni tark etishga majbur bo‘lgan. Shundan keyin futbolchiga zarur tibbiy ko‘riklar, tekshiruvlar va instrumental diagnostika o‘tkazilgan.
Ko‘rik natijasiga ko‘ra, Aliqulovda chap tizzada ACL — oldingi kesishma bog‘lam uzilishi aniqlangan. Shuningdek, tizza qopqog‘i bilan bog‘liq murakkab shikast ham qayd etilgan: pattellar subluksatsiya (tizza qopqog‘ining yarim chiqishi) va unga bog‘liq holda MPFL (tizza qopqog‘i bog‘lami) zararlangani ma’lum qilindi. Bundan tashqari, ham ichki, ham tashqi meniskda yirtilish, qon ketish va shish belgilari ham borligi aytildi.
Shu holatdan kelib chiqib, shifokorlar konsiliumi jarrohlik amaliyoti o‘tkazish haqida qaror qabul qilgan. Klub tomonidan bildirilishicha, 26 yoshli himoyachining to‘liq tiklanib, maydonga qaytishi uchun taxminan 6–9 oy vaqt kerak bo‘lishi mumkin.
Shunday qilib, bunday voqeadan keyin Husniddin Aliqulov milliy jamoa bilan jahon chempionatini o‘tkazib yuborishi mumkin.
Bu xabar, albatta, «Rizespor» muxlislari va o‘zbekistonlik muxlislar uchun og‘ir. Lekin bunday jarohatlardan keyin ham futbolga qaytib, avvalgi darajasini topgan o‘yinchilar ko‘p. Eng muhimi — operatsiya va reabilitatsiya rejasi to‘liq va to‘g‘ri bajarilsa, Aliqulov yana maydonga kuchliroq qaytishi mumkin. Muxlislarga esa bitta vazifa qoladi: himoyachini ruhan qo‘llab-quvvatlash va uning tezroq sog‘ayishini tilash.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!