Gvardiolaning yangi «Siti»si: Husanov va yulduzli transferlar tahlili

2021–2024 yillar oralig‘ida ketma-ket to‘rt marta Angliya chempionligini qo‘lga kiritib, tarixiy rekord o‘rnatgan “Manchester Siti” oxirgi ikki mavsumda butunlay boshqa yo‘lga burildi. Jamoa endi faqat natija uchun emas, balki tarkibni qayta qurish, avlodlar almashinuvini amalga oshirish va “ertangi kun” uchun poydevor qo‘yish rejimida harakat qilmoqda.
Xosep Gvardiola 2024 yil kuzida yuz bergan inqirozdan chiqishning eng to‘g‘ri yo‘lini tarkibni yangilashda ko‘rdi. Va bu jarayon ramziy tarzda 2025 yil 20 yanvarda “Lans”dan Abduqodir Husanovning olib kelinishi bilan boshlandi. Keyingi ikki transfer oynasida ham klub katta xaridlarga pul ayamadi — “Siti”ning yangi portreti shakllantirila boshlandi.
Yanvar oyidagi ikki katta xarid nima beradi?
2026 yilning birinchi oyida “shaharliklar” Premer-ligada gollarga hissa qo‘shish borasida ko‘zga tashlanayotgan Antuan Semenoni o‘z safiga qo‘shishga muvaffaq bo‘ldi. Manchesterliklar “Bornmut”ga 62,5 million funt sterling to‘lab, hujumda raqobat va variantlarni keskin oshirdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, jamoaga Angliya chempionatining eng baquvvat markaziy himoyachilaridan biri sanaladigan Mark Gexi ham kelib qo‘shildi. “Kristal Pelas” bilan shartnomasi tugashiga olti oy qolgan futbolchi uchun “Siti” 20 million funtdan ham ko‘proq mablag‘ sarfladi. Bu xarid ham aynan jamoadagi eng og‘riqli nuqta — himoya chizig‘ini barqarorlashtirish uchun qilingan qadam sifatida baholanmoqda.
Semeno — hujumni jonlantirish, Gexi — mudofaani tartibga solish uchun. Ayniqsa, jarohatlar Pep jamoasini resurs jihatidan qattiq sinab turgan paytda bu transferlar “hozir ham, keyin ham” kerak bo‘ladigan qarorlardek ko‘rinyapti.
Himoyadagi tanqislik Husanovni qayta oldinga olib chiqdi
Aynan himoyadagi kadrlar yetishmasligi Abduqodir Husanovni zaxiradan yana asosiy tarkibga qaytardi. “Siti” markazida Husanov va “Uotford”dan ijaradan qaytgan Maks Alleyn tandemi paydo bo‘ldi.
Bir yil davomida klub ishonchini oqlab kelayotgan o‘zbek himoyachisi mavsumning birinchi qismida o‘ng qanot mudofaasidagi bo‘shliqni to‘ldirgan bo‘lsa, hozir esa markazda ham eng ishonchli figuralardan biriga aylanib bormoqda. Bir so‘z bilan aytganda, vaziyat uni “uchinchi variant”dan “asosiy o‘yinchi” pozitsiyasiga surib keldi.
Alleyn esa “Siti”dagi debyutini yaxshi boshlaganiga qaramay, keyingi o‘yinlarda tajriba yetishmasligi sezilib qoldi. Xususan, Chempionlar ligasida “Budyo-Glimt”dan uchralgan mag‘lubiyatdagi dastlabki ikki gol aynan 20 yoshli himoyachining xatolari bilan bog‘langani ta’kidlandi. Bu esa Husanovning jamoadagi ahamiyatini yanada oshirdi: u barqarorlik va xato qilmaslik nuqtayi nazaridan kuchliroq ko‘rina boshladi.
“Siti” yana kimni oladi? Savolga javob bor
Muxlislarning asosiy savoli oddiy: “Endi yana kim keladi?” Shu masalaga nufuzli manbalardan biri sanaladigan The Athletic nashri jurnalisti Sem Li oydinlik kiritdi.
Uning ma’lum qilishicha, 2026 yil yanvar transfer oynasining qolgan kunlarida “Manchester Siti” asosiy tarkib uchun yana yangi futbolchi olib kelishni rejalashtirmayapti. Klub rahbariyati yaqinda amalga oshirilgan xaridlardan qoniqqan: Semeno va Gexi ustuvor maqsadlar edi, ularni erta hal qilish Gvardiola atrofidagi bosimni ham ancha yumshatadi.
Endi diqqat chiqish transferlarga qaratiladi
Endilikda “Siti”ning e’tibori ko‘proq chiqib ketishi mumkin bo‘lgan o‘yinchilarga tushyapti. Xususan, asosiy tarkibda o‘z o‘rnini mustahkamlay olmagan Oskar Bobbga Yevropa klublari qiziqish bildiryapti. Eng so‘nggi xabarlarga qaraganda, “Fulxem” uni 35 million funt taklif bilan olib ketishni istayapti. Shu bilan birga, Dortmundning “Borussiya”si ham vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda.
Darvozabonlar masalasi ham qiziq. “Pari Sen-Jermen”dan Janluiji Donnarumma kelganidan keyin Jeyms Trafford asosiy o‘rinni yo‘qotdi, Shtefan Ortega esa uzoq vaqtdan beri o‘yin amaliyoti ololmayapti. Biroq “shaharliklar” ikki posbonni bir paytning o‘zida qo‘yib yubormasligi tabiiy. Manbalarga ko‘ra, klub 33 yoshli nemis golkiperi bilan xayrlashib, Traffordni hech bo‘lmasa yozgacha ushlab qolishni mo‘ljal qilyapti.
Himoyada ham vaziyat o‘zgarib qoldi. Avvaliga Natan Ake ketishi mumkin degan gaplar yurgan bo‘lsa, Jon Stounz, Ruben Diash va Yoshko Gvardiolning jarohatlaridan keyin klub niderlandiyalik himoyachini ham “chiqish eshigi”dan qayta olib qoldi — hozir har bir himoyachi oltinga teng.
Xulosa
Hozirgi manzaradan kelib chiqib aytish mumkin: “Manchester Siti”da bu oyda yana ulkan xaridlar bo‘lishi kutilmayapti. Asosiy intriga — chiqish transferlar va tarkib ichidagi raqobat.
Biz uchun esa eng muhimi boshqa: Abduqodir Husanov jamoada yuzaga kelgan vaziyatdan to‘g‘ri foydalanib, asosiy tarkibdagi o‘rnini yanada mustahkamlab olishi kerak. Bunday imkoniyat har kuni kelavermaydi. Hozir “Siti” yangi davrga qadam qo‘ymoqda— va Husanov o‘sha davrning muhim bo‘lagidan biriga aylanib qolishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!