AQSH Venesuelada qo‘llagan “sirli qurol” tafsilotlari ma’lum bo‘ldi

AQSHning Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olish bilan bog‘liq shov-shuvli amaliyoti atrofida yangi da’volar paydo bo‘ldi. New York Post nashri suhbatlashgan guvohlar AQSH harbiylari “sirli qurol” ishga tushirganini, u esa “intensiv tovush to‘lqini”ga o‘xshagani haqida aytgan.
Guvohlar so‘zlariga ko‘ra, qurol ta’siri bir necha soniya ichidayoq boshda qattiq og‘riq, ko‘ngil aynishi va umumiy holsizlik kabi alomatlarni keltirib chiqargan. Ayrimlar burnidan qon kelganini ham ta’kidlagan. Nashr da’volarida hatto “yerga yiqilib qoldik, qimirlashga majol qolmadi” mazmunidagi gaplar keltiriladi.
E’tiborlisi, New York Post Trampning o‘zi bu haqdagi intervyusida amaliyot vaqtida nomini “diskombobulyator” deb atagan vosita qo‘llanilganini aytganini yozadi. Biroq qurolning aynan nima ekani, u qanday texnologiyaga asoslangani va rasmiy idoralar tomonidan tasdiqlangan-tacdiqlanmagani ochiq qolmoqda.
Shu o‘rinda asosiy faktlar shundan iboratki, xalqaro OAVlarda AQSH maxsus amaliyoti natijasida Maduro va uning rafiqasi qo‘lga olingani, keyin esa AQSHga olib ketilgani haqida xabarlar tarqalgan. Mazkur voqealar tafsilotlari, amaliyot ko‘lami va siyosiy oqibatlari haqida turli nashrlar alohida yoritmoqda.
Shuning uchun, “sirli tovush quroli” haqidagi gaplar hozircha guvohlar bayonoti va tabloid nashrning versiyasi sifatida qaralmoqda: u haqda mustaqil tasdiq va rasmiy texnik izoh yo‘q. Lekin baribir bu mavzu katta rezonans beryapti — chunki agar haqiqatdan ham shunday vosita qo‘llangan bo‘lsa, u xalqaro huquq, xavfsizlik va inson salomatligi nuqtayi nazaridan yangi savollarni o‘rtaga qo‘yadi.
Qisqasi, bu voqeada “tresh” ko‘p, lekin faktlar bilan ehtiyot yurish kerak: bir tomonda — katta geosiyosiy voqea, ikkinchi tomonda — hali isbot talab qiladigan da’volar.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!