Gleb Arsenal Chempionlar ligasini yutsa xursand bo‘laman dedi

Belaruslik sobiq futbolchi Aleksandr Gleb, bir vaqtlar «Arsenal» safida o‘ynagan, «kanonirlar»ning joriy Chempionlar ligasidagi chempionlik imkoniyatlari haqida fikr bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Gleb «Arsenal» turnirning umumiy bosqichini juda yuqori saviyada o‘tkazganini ta’kidladi. Biroq u hozircha musobaqa g‘olibi bo‘ladigan aniq bir favoritni ajratish qiyinligini aytdi.
«Hammasi 1/8 final ishtirokchilari to‘liq ma’lum bo‘lgach, aniqroq ko‘rinadi. Lekin, albatta, sobiq klubim Chempionlar ligasini yutsa yoki hech bo‘lmasa finalgacha yetib borsa, men xursand bo‘laman», — dedi Gleb «RB Sport»ga.
Shuningdek, u finalda himoyaga yopilib oladigan jamoalar emas, o‘yin ko‘rsatadigan ikki jamoa to‘qnash kelishini istashini qo‘shimcha qildi.
Ma’lumot uchun, «Arsenal» Chempionlar ligasining umumiy bosqichini birinchi o‘rinda yakunladi va sakkiz uchrashuvning barchasida g‘alaba qozondi. «Kanonirlar» yangi formatda buni uddalagan ilk jamoa bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!