Tuchel Angliya terma jamoasini boshqarishni azaldan istaganini aytdi

Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Tomas Tuchel yaqinda shartnomasini uzaytirdi. Yangilangan kelishuvga ko'ra, germaniyalik mutaxassis 2028 yilgacha milliy jamoa bilan ishlashda davom etadi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Tuchelning aytishicha, u Angliya terma jamoasini boshqarish orzusi haqida ilk bor 2021 yilda, "Chelsi"ni boshqargan paytida o'ylagan. O'sha yozda Yevropa chempionati uchrashuvlari "Uembli"da o'tgan va stadiondagi muhit hamda butun mamlakatning hayajoni unga kuchli taassurot qoldirgan.
"O'shanda men vakilimga qo'ng'iroq qilib: 'Voy, bu mening orzuim! Avval "Chelsi" bilan barcha sovrinlarni yutaman, keyin esa Angliya terma jamoasida ishlashni xohlayman', degandim", — deya murabbiyning so'zlarini "uch sher" matbuot xizmati keltirdi.
Eslatib o'tamiz, Tuchel "Chelsi"ni 2021 yil yanvardan 2022 yil sentyabrgacha boshqargan. Angliya terma jamoasidagi lavozimiga esa u 2025 yil boshida tayinlangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!