Garri Keyn Levandovski rekordini yangilash haqida gapirdi

Myunxenning «Bavariya» klubi hujumchisi Garri Keyn Bundesliganing shanba kungi o‘yinida «Verder»ga qarshi bahsda (3:0) dubl qayd etdi. Angliyalik forvard 22-daqiqada penaltini aniq ijro etdi, 25-daqiqada esa o‘yindan gol urdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
32 yoshli futbolchi Bundesliganing joriy mavsumida, yakunga 12 tur qolgan paytda, 26 ta gol bilan hisobini to‘ldirib ulgurdi. OAV vakillari Keyndan Robert Levandovskining bir mavsumdagi 41 ta gol rekordini yangilash imkoniyati bormi, deb so‘rashdi.
«Hamma narsa bo‘lishi mumkin, lekin hozircha bunga ancha uzoqman. Bu rekord — juda ajoyib. Hozir formam yaxshi, jamoaga yordam berayotganimdan xursandman. Aprelda qay holatda bo‘lishimni ko‘ramiz, shundan keyin rekord haqida o‘ylayman. Hozir esa keyingi o‘yinga e’tibor qaratish kerak», — deya Keynning so‘zlarini Bayern & Germany keltirdi.
«Verder» darvozasiga urilgan ikkinchi gol Keyn uchun professional faoliyatidagi 500-gol bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!