Fonseka Lion bilan bu mavsum sovrinlar uchun tayyor

«Lion» bosh murabbiyi Paulu Fonseka jamoaning joriy mavsumdagi o‘yinlari va kayfiyati haqida fikr bildirdi. Klub barcha musobaqalarda ketma-ket 13 ta g‘alaba qayd etib, bir vaqtning o‘zida uch turnirda ham barqaror va ishonchli futbol ko‘rsatmoqda. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Mutaxassisning aytishicha, jamoa sovrinlar yutishga ham tayyor, ham bunga qodir, biroq yo‘l nihoyatda murakkab. Fonseka Liga 1dagi to‘rtinchi mavsumini o‘tkazayotganini eslatib, aynan shu yil chempionat raqobati eng yuqori darajada ekanini ta’kidladi. Shunga qaramay, u futbolchilarning ambitsiyasi, murabbiylar shtabi ishlayotgan uslublar va o‘sishga bo‘lgan doimiy ishtiyoq jamoaga ishonch berayotganini aytdi.
Fonseka «Lion» bu mavsum katta syurpriz bo‘lishi mumkinligini ham qo‘shimcha qildi. U mavsum startida jamoa duch kelgan qiyinchiliklarni yodga olib, hozir klub imkon qadar eng yaxshi formaga kirganini ta’kidladi. Murabbiy uchun eng muhim ko‘rsatkich esa mavsum qanday yakunlanishi bo‘lib, yakunda «Lion» alohida bir natija yaratishiga ishonishini bildirdi.
Ayni paytda «Lion» Fransiya chempionatida uchinchi o‘rinda bormoqda. Shuningdek, jamoa Yevropa Ligasi umumiy bosqichini birinchi bo‘lib yakunlab, pley-offda kurashni davom ettiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!