Musiala Vinisius atrofidagi irqchilik mojarosiga munosabat bildirdi

Myunxenning «Bavariya» klubi yarim himoyachisi Jamal Musiala Yevropa Chempionlar ligasida «Benfika» va Madridning «Real»i o‘rtasidagi bahsda yuzaga kelgan mojaroli vaziyat haqida fikr bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Uchrashuvdagi yagona gol muallifi Vinisius Junior o‘yin tugaganidan so‘ng hakamga raqib qanot hujumchisi Janluka Prestianni tomonidan irqchilik ohangidagi haqoratga uchraganini aytgan. Argentinalik futbolchi «Real» yulduziga murojaat qilayotganda og‘zini futbolkasi bilan yopgan, biroq ayblovni rad etmoqda.
Musialaning so‘zlariga ko‘ra, jamoa bosh murabbiyi bu mavzuda muhim fikrlarni allaqachon aytib bo‘lgan. «Irqchilik — juda og‘riqli masala. Men Viniga ishonaman, shunday vaziyatda u yolg‘on gapiradi, deb o‘ylamayman. U buni munosib tarzda qabul qildi. Bu muammo anchadan beri muhokamada va buni ko‘rish yoqimsiz», — deya Musiala so‘zlarini keltiradi Madrid Zone.
«Real» va «Benfika» o‘rtasidagi javob uchrashuvi 25 fevral kuni bo‘lib o‘tadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!