Galatasaray va Fenerbahche futbolchilari tikish mojarosi sabab sudga tortilishi mumkin

Turkiyada «Galatasaray» va «Fenerbahche» safida top tepayotgan ikki futbolchi sport tikishlari bilan bog‘liq ish bo‘yicha qamoq jazosi xavfi ostida qolmoqda. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Gap «Galatasaray» vakili Metehan Baltadji hamda «Fenerbahche» sardori Mert Hakan Yandash haqida ketmoqda. Mahalliy manbalarga ko‘ra, Baltadjiga 13 yilgacha, Yandashga esa 17 yilgacha ozodlikdan mahrum etilish ehtimoli bor.
Sabah nashri xabariga ko‘ra, Baltadji kamida ikki marta «Galatasaray» o‘yinlariga tikish qilgan. U uchrashuvlarda asosiy tarkibda bo‘lmagan, biroq jamoa qaydnomasidan joy olgan. Bu holat futbolchining o‘yin jarayoniga ta’sir o‘tkazish imkoniyati borligi haqidagi shubhalarni kuchaytirgan.
Amaldagi Turkiya qonunchiligiga binoan, professional sportchi bukmekerlarga o‘z maqomini oldindan ma’lum qilishi shart, biroq Baltadji buni bajarmagani ta’kidlanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!