JCh saralashi doirasida O‘zbekiston va Janubiy Koreya terma jamoalari o‘rtasida kechgan o‘yinning ahamiyati har ikki jamoa uchun ham juda muhim edi. Musobaqa jadvalida yuzaga kelgan vaziyat shunday ediki, O‘zbekiston ham, Janubiy Koreya ham qolib, Suriya terma jamoasi ikkinchi o‘rin bilan mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritib ketishi hech gap emasdi. Shu bois har ikki jamoa ham faqat g‘alaba uchun maydonga tushishi tayin edi. Muammo shundaki, bunday vaqtda g‘olib nomi aniqlanmay qolishi ham mumkin.
TARKIB
Samvel Babayan O‘zbekiston terma jamoasi boshqaruviga o‘tgandan buyon bir masalada juda ko‘p tanqid ostida qoldi - tarkib. Bu borada jurnalistlar va muxlislar nimalar deyishmadi, deysiz. Ammo Babayan har doim o‘z bilganidan qolmadi. Jahon chempionati saralashi doirasida o‘tkazilgan so‘nggi o‘yinda ham o‘z an’anasiga sodiq qoldi va oldindan kutilgan futbolchilarni maydonga tushirdi.
Darvozabon masalasi haytovur oxirgi ikki o‘yinda o‘zgardi - Ignatiy Nesterov maydonga tushdi. Ammo himoyada yana Xitoy chempionatida zaxirada qolib ketayotgan Yegor Krimets o‘ynagan bo‘lsa, hujumda 12 uchrashuvdan buyon gol ura olmay kelayotgan Igor Sergeyev to‘p surdi. Yana bir o‘zgarish - Server Jeparov o‘ng qanotga o‘tkazildi. Yurtimizda terma jamoa sharafini himoya qilishi mumkin bo‘lgan bir talay futbolchilar qolib, aynan shu o‘yinchilar maydonga tushaverishi oxirgi vaqtlarda hech kimni ajablantirmay qo‘ygan. Demak natija ham shunga yarasha bo‘lishi tayin.
BIRINChI BO‘LIM
Avvaliga hammasi yaxshi boshlangan edi. O‘zbekiston terma jamoasi kutilmaganda ilk daqiqalardan tashabbusni o‘z qo‘liga oldi va hujum ketidan hujum tashkil eta boshladi. Hali o‘yin boshlanmay turib Odil Ahmedov jamoadoshlarini yig‘ib olib, ularga nimalarnidir astoydil tushuntirganini ko‘rdik. Jamoa sardori ulkan hissiyot bilan gapirayotgani hatto tribunadan ham ko‘rinib turgandi. Odil shuningdek, Igor Sergeyevga ham nimalarnidir alohida uqtirdi. Ammo qani endi bu uqtirishlardan biror naf bo‘lsa. Xal-qimizda «Qozonda bori cho‘michga chiqadi», degan gap bor. Bo‘lmasa-chi?
So‘nggi o‘yinda har qanday gap-so‘zlar ikkinchi planga o‘tib, futbolchilar bor kuch bilan o‘ynashi kutilgan edi. Birinchi bo‘lim bu umidlarni qaysidir ma’noda oqlab berdi. Ilk xavfli hujum ham aynan O‘zbekiston terma jamoasi tomonidan amalga oshirildi. Davron Hoshimov bu safar qo‘pol o‘yini emas, balki o‘ng qanotdan oldinga o‘tib borgani bilan yodda qoldi va jarima maydonchasi tomon to‘pni yetkazib berdi. Afsuski, bu oshirma aniq chiqmadi. Biroz vaqt o‘tib Aziz Haydarovning uzoqdan yo‘llagan zarbasi esa bo‘limning eng kulminatsion nuqtalaridan biri bo‘ldi.
Janubiy Koreya kuchli hujumlar ostida esankirab qolganini har doim ham ko‘ravermaysiz. Birinchi bo‘lim o‘rtalarida aynan shunday holatga guvoh bo‘ldik. Koreyaliklar himoyadan chiqib ketishda muammolarga duch kelishdi va to‘pni oldirib qo‘yaverishdi. Afsuski, terma jamoamiz bu ustunlikdan foydalana olmadi va hisob ochilmay qoldi. Bo‘limning so‘nggi daqiqalariga kelib esa vaziyat tubdan o‘zgarib ketdi.
Endi biz hisob ochilmay qolganidan xafa emas, xursand bo‘ldik. Chunki «Tottenxem» hujumchisi Son Xyun Min sal qolsa gol urishi mumkin edi. Bir qarashda u qadar xavfli bo‘lmagan vaziyatda to‘p yo‘qotildi va Vitaliy Denisovning noo‘ng‘ay harakati oqibatida koreyalik hujumchi qulay vaziyatga chiqib ketdi. Baxtimizga Son Xyun Minning juda kuchli zarbasi darvoza ustuniga tegib qaytdi.
Bu birinchi bo‘limdagi so‘nggi xavfli vaziyat edi va jamoalar tanaffusga 0:0 hisobida chiqib ketishdi.
IKKINChI BO‘LIM
Uchrashuvning ikkinchi qismi boshlanishi oldidan bir xavotir bor edi - O‘zbekiston terma jamoasi Seulda o‘tgan o‘yinning birinchi bo‘limida ham ustunlik qilgan va hatto Janubiy Koreya darvozasiga gol urishning ham uddasidan chiqqandi. Ammo ikkinchi bo‘limda barcha ustunlik boy berilgan va yakunda 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchragandi. Javob o‘yinida ham terma jamoamiz ustunlik qilib turdi va ikkinchi bo‘limda yana avvalgi holat takrorlanishidan cho‘chib turgandik.
Ammo bu xavotirga ters o‘laroq, O‘zbekiston terma jamoasi ikkinchi bo‘limni ham juda faol boshladi. Yana avvalgidek ketma-ket hujumlar tashkil etila boshlandi. Ammo bu hujumlar yakuniy zarbaga qadar yetib bormadi. Shunday vaziyatda Samvel Babayan zaxira o‘zgarishlarini amalga oshirishga qaror qildi. Server Jeparov o‘rniga 55-daqiqada Sardor Rashidov maydonga tushirildi, 58-daqiqada Igor Sergeyevning o‘rnini Aleksandr Geynrix egalladi.
Bu vaqtga kelib Janubiy Koreya terma jamoasi biroz o‘ziga kelib olgandi va 59-daqiqada koreyaliklar juda xavfli hujumni amalga oshirishdi. Jarima maydonchasi yonida juda tig‘iz vaziyatda oldinga o‘tib borgan raqib futbolchilari yakuniy zarbani ham yo‘llashdi. Baxtimizga bu zarba ancha noaniq chiqdi.
Shundan so‘ng tashabbus raqib tomoniga o‘tdi. Janubiy Koreya terma jamoasida amalga oshirilgan har bir o‘zgarish samara keltirgan bo‘lsa, bizning og‘irkarvon Aleksandr Geynrix deyarli hech narsa qila olgani yo‘q. Sardor Rashidov esa aftidan hali Xitoy taomlari ta’siridan qutulmagan, shekilli. Zaxiradan maydonga tushgan yana bir futbolchi - Jaloliddin Masharipovga esa o‘zini ko‘rsatish uchun vaqt yetmay qoldi.
Shu tariqa uchrashuvda hisob ochilmay qoldi. Bu esa Suriya terma jamoasiga qo‘l keldi. Suriyaliklar Eronga qarshi kechgan o‘yinning qo‘shib berilgan daqiqalarida gol urishdi va 2:2 hisobida durang o‘ynab, guruhda uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi.
Bo‘ldi. Shu bilan navbatdagi to‘rt yillik bosqichni ham yakunlab berdik. Odatdagidek yakunladik. Natijasiz...
Manba: interfutbol.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi