07:30 / 07.02.2018
4 342

Andrey Sidorov: Osiyo chempioni bo‘lganimizga hali ham ishonolmayapman

Andrey Sidorov: Osiyo chempioni bo‘lganimizga hali ham ishonolmayapman
Xitoy mezbonlik qilgan 23 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati o‘zbekistonlik futbol ihlosmandlarini, boringki, yurtimizninig yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan barcha aholisining qalbini iftixorga to‘ldirdi. Nega deysizmi? Chunki unda O‘zbekiston yoshlari chempionlikni qo‘lga kiritishdi.

Butun O‘zbekiston intiqlik bilan Vetnam jamoasiga qarshi final bahsining yakunini kutdi. Jadvaldagi hisob esa o‘zgargisi kelmayotgandek beparvogina turibdi — 1:1. Hamma narsa lotereyadagi kabi omadga bog‘liq bo‘lgan penaltilar seriyasiga ruhiy tayyorgarlik allaqachon boshlangan. Biroq...zaxiradagi Andrey Sidorov maydonga tushgandan keyingi bir daqiqa nafaqat bu o‘yinni, balki O‘zbek futboli tarixini mutlaqo o‘zgartirib yubordi. 22 yoshli Andrey kiritgan gol tufayli mamlakatimiz ilk marotaba U-23 Osiyo chempioni bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi.

Bugungi qahramonimiz futboldagi faoliyatini to‘qqiz yoshdan boshlagan. Ilk mashg‘ulotga otasi yetaklab kelganini futbolchining o‘zi entikib eslaydi. Ko‘pchilik to‘qqiz yoshli bola to‘p tepishga kechikadi, deb o‘ylaydi. Lekin o‘sha paytda bolalar aynan shu yoshda futbol mashg‘ulotlariga qabul qilingan. MXSK uning uchun dastlabki maktab vazifasini o‘tadi. U yerda uni iliq kutib olishdi. Keyinchalik “Olimpik”, “Toshkuch” bolalar jamoalarida o‘z iqtidorini namoyon etdi. Andreyning futbolchi sifatida shakllanishida murabbiy Arslonov Yuriy Ilyosovichning mehnatlari beqiyos bo‘ldi. Andreyning “Paxtakor” akademiyasi jamoasiga kelib qolishiga ham aynan shu inson sababchi bo‘ldi.

Oyning o‘n beshi qorong‘i, o‘n beshi yorug‘.
Barcha sohalarda bo‘lgani kabi, sportchi ham bir qator mashaqqatlarga ro‘baro‘ bo‘ladi. Andrey ham bundan mustasno emas. Aksariyat hollarda Andrey zaxiradagi o‘yinchi sifatida o‘rindiqda sabr-toqat bilan “suhbatlashib” o‘tirishga majbur bo‘lardi. Bolalikda-ku mayli, biroq vaqt o‘tgani sari bu holat unga ruhiy bosim ko‘rsata boshladi. Ammo futbolga bo‘lgan muhabbati sababli u barchasiga chidadi. Buning uchun ota-onasi va barcha yaqinlaridan cheksiz minnatdor. Kim biladi, balki hammmasiga qo‘l siltab ketganida O‘zbekistonga chempionlik sovg‘a qilgan Xitoydagi o‘sha gol amalga oshmasmidi?!

“Paxtakor” bilan xayrlashishga nima undadi?
Andrey Sidorov uzoq vaqt davomida poytaxtning “Paxtakor” jamoasi tarkibida bo‘ldi. Biroq amaliy tajribaning kamligi bois “Qo‘qon-1912” klubiga o‘tishiga to‘g‘ri keldi. Bu kulbda maydonda o‘zini yaqqolroq ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ldi. Qahramonimiz 2013 yilda yoshlar terma jamoasiga taklif qilinadi, bu paytda jamoa BAAdagi xalqaro turnirda ishtirok etayotgan edi.


Nega aynan hujumchi?
Qiziq, nima uchun Andrey aynan forvardlik vazifasini bo‘yniga oldi? O‘zining aytishiga qaraganda, bu tanlovni u amalga oshirmagan, balki vaziyat hammasini o‘z joy-joyiga qo‘ygan. Besh yoshligidan boshlab bolalar bilan ko‘chada to‘p tepishganda ham gol urishni maromiga yetkazib bajarganini eslaydi. Raqib darvozasini mahv etish istagi avvaldan tinchlik bermagan, shekilli.

Yaqinlari haqida
Andrey oddiy, ammo fayzli oilada o‘sib-ulg‘aydi. Otasi — ishchi, onasi esa raqs mashg‘ulotlaridan dars bergan. To‘ng‘ich akasi har doim, har qanday ishda ota-onasiga tirgak bo‘lgan. Oilaviy munosabatlar Andreyning hayotida muhim rol o‘ynaydi. Aynan oilasining qo‘llab-quvatlashlari bilan futbolchi bo‘lib shakllanganini tan oladi. Ruhiy inqorozlar paytida ota-onasining so‘zlari va maslahatlari bailan o‘zini tiklab oladi, mashaqqatlarni yengib o‘tadi. Ota-onasi Andreyning barcha o‘yinlariga kelib, u bilan bevosita birga bo‘lishgan, mashg‘ulotlarga qunt qilishi uchun kerakli barcha sharoitlarni yaratib bergan.

Andrey uzoq masofada turib ham uni qo‘llab-quvvatlovchi, dalda bo‘luvchi qaylig‘ining hayotidagi rolini ham e’tirof etadi. Shuningdek, uning hozirgi darajaga erishishida “Paxtakor”dagi murabbiylari Shuhrat Rahmonqulov, Murod Ismoilov, Murod Roziyevlarning xizmatlari ham beqiyos bo‘ldi.

— Qatarga boy berilgan o‘yindan keyin jamoa qay ahvolga tushdi, chempionlikni qo‘lga kiritishga bo‘lgan ishonch yo‘qolmadimi?
— Aslida, Qatar bilan bo‘lgan to‘qnashuvdagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin jamoamiz tushkunlikka tushmadi. Aksincha, yanada shiddatliroq o‘ynashga, o‘zimizni ko‘rsatib qo‘yishga undadi. Turnirda mag‘lub bo‘lish haqidagi bema’ni xayollar bir lahzaga ham bizni chalg‘itgani yo‘q. So‘nggi daqiqagacha g‘olib bo‘lishimizga bo‘lgan ishonch bizga kuch bag‘ishladi.

— Jamoaning Osiyo chempionatidagi g‘alabasi siri nimada deb o‘ylaysiz?
— Jamoa muvaffaqiyatining kaliti — ahilligimizda. Biz har doim hamjihatlikda ish ko‘rdik, bir-birimizga dalda bo‘ldik. O‘zbekiston sha’nini himoya qilish mas’uliyati bizni bir maqsad sari birlashtirdi.

— Jamoaning hozirgi tarkibida yetakchilik kimning qo‘lida deb aytishimiz mumkin?
— Bilasizmi, jamoadan kimnidir alohida ajratib ko‘rsatish noo‘rin. G‘alabada har bir futbolchininig o‘z hissasi bor. Maydonga tushgan har bir futbolchi o‘z vazifasini qoyilmaqom qilib bajardi, o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlashga jon-jahdi bilan tirishdi. Bu aynan bir sportchining emas, balki jamoaning, butun O‘zbekistonining yutug‘i deb bilaman.

— G‘oliblik golini kiritganingizda nimalarni his qildingiz? Bu gol jamoaga nimalar olib kelishini o‘sha ondayoq sezdingizmi?
— Men tepgan to‘p raqib darvozasiga kirganda butun vujudimni quvonch va hayajon qamrab oldi. Buni so‘z bilan izhor qilish mushkul. Haligacha men kiritgan gol bunday muvaffaqiyatga sabab bo‘lganiga ishonolmayapman. Hamma meni qahramon sifatida ko‘rsatyapti. Lekin men jamoamizning har bir a’zosi qilishi mumkin bo‘lgan ishni amlga oshirdim xolos. Mening omadim — kerakli soniyada, kerakli joyda bo‘lganimda.

— Final uchrashuvidagi ob-havo jamoalarga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
— Menimcha, ob-havo bizga o‘z hukmini o‘tkaza olmadi. Futbolchilar turli sharoit va ob-havoda mashg‘ulot olib borishadi, chunki hech bir turnir yomon ob-havodan sug‘urtalanmagan. Futbolchi yomon ob-havoda o‘ynashga ham ruhan, ham jismonan tayyor bo‘lishi kerak. G‘alaba ishtiyoqiga qor ham xalal bera olmadi.

— Jamoaning muvaffaqiyatida bosh murabbiyning rolini qanday baholaysiz?
— Avvalambor, bosh murabbiy Ravshan Haydarovga barchasi uchun jamoamiz nomidan minnatdorlik bildiraman. Turli qiyinchiliklarga qaramay, u bizga dalda bo‘ldi, bizni ilhomlantirdi, har birimiz bilan shug‘ullandi, bor imkoniyatlarini ishga soldi. Chempionlik maqomiga erishishimizdagi mehnatlari uchun unga chuqur ta’zim qilaman. U terma jamoaga va chempionlikka har tomonlama loyiq murabbiy.

— Agar siz gol kiritmaganingizda, jamoaning keyingi taqdiri qanday bo‘lar edi?
— Bu gol bo‘lmaganida, biz Vetnamni penaltilar seriyasida mag‘lub qilgan bo‘lardik.

— Yoshlar terma jamoasining oldida endi qanday maqsad va vazifalar turibdi?
— Bizning navbatdagi vazifamiz — Tokiodagi Olimpiya o‘yinlari. U yerda biz o‘z chempionlik maqomimizni oqlaymiz.

— Suhbatingiz uchun rahmat. Faoliyatingizda muvaffaqiyat yor bo‘lsin.

Andrey Sidorov haqida qisqa satrlarda:

Xobbi: Har sohadan bir shingil deganlaridek, turli mashg‘ulotlar bilan oz-ozdan shug‘ullanishni yaxshi ko‘raman. Ammo men uchun vaqt o‘tkazishning eng yaxshi usuli — oila davrasida bo‘lish.

Futboldagi kumiri: Buyuk futbolchi Andrey Shevchenkoning o‘yinlari bolalikdanoq xayolimni o‘g‘irlagandi. Uning har bir o‘yini, golini bitta qoldirmay kuzatib borardim. Yutuq va muvaffaqiyatsizliklarini birdek his qilardim.

Sevimli klubi: Angliyaning “Manchester Yunayted” klubining ashaddiy muxlisiman. Bu klubga bo‘lgan ixlos menga otamdan “yuqqan”, otam ham klubning haqiqiy ishqibozi. MYuning barcha o‘yinlarini kuzatib borishga harakat qilaman.

Sevimli taomi:
Mehr bilan tayyorlangan har qanday mazali ovqat oshqozonimga ham, yuragimga ham bexato yo‘l topib boradi.

Sevimli qo‘shiqchisi: Rossiyalik repper ST1Mning ijodini qiziqish bilan kuzatib boraman. Osiyo chempionati arafasida ham uning qo‘shiqlarini, ayniqsa “Shans” nomli qo‘shig‘ini tinglab dam olardim. Bu men uchun “ilhom parisi” vazifasini o‘tadi desam ham bo‘ladi.

Yoqtirgan kinofilmi: Bilasiz, jangari filmlarni tomosha qilish barcha yigitlarga “tekkan kasal”. Men ham bundan mustasno emasman. “Perevozchik” filmini qayta-qayta ko‘rishdan charchamayman.

E’tiqodi: Irim-sirimlarga ishonmayman. Lekin har bir o‘yindan avval Parvardigordan meni qo‘llab-quvvatlashini so‘rab, duo qilaman.
Zemfira Yablokova cuhbatlashdi
Saodat Abdurahmonova tarjimasi

Manba: sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Andrey Sidorov: Osiyo chempioni bo‘lganimizga hali ham ishonolmayapman