15:24 / 24.11.2018
5 330

Diyor Imomxo‘jayev: PFLning yangi reglamenti, qarzga botgan klublar, transfer qing‘irliklari haqida

Diyor Imomxo‘jayev: PFLning yangi reglamenti, qarzga botgan klublar, transfer qing‘irliklari haqida
O‘zbekiston Professional futbol ligasi 2019 yilgi mavsum uchun mo‘ljallangan reglament tasdiqlanganini e’lon qildi. Turon24 ushbu reglament borasidagi savollar bilan PFL direktori o‘rinbosari Diyor Imomxo‘jayevdan intervyu oldi.

Turon24: Diyor aka, yaqinda PFL tomonidan stadionlar uchun talablar kuchaytirilgani to‘g‘risida xabar chiqdi. Superligada nechta stadion PFL talablariga javob beradi?

Diyor Imomxo‘jayev: 2018 yilda klublarning deyarli barchasi stadionlarida yaxshi o‘zgarishlarni amalga oshirgan. Umumiy infratuzilma bo‘yicha qaysidir stadion ortda qolib ketgani yo‘q. Ammo chim masalasida eng yaxshilar stadionlar Paxtakor, Lokomotiv va Nasafda. Bundan tashqari, AGMK va Qizilqum ham chim holatini yaxshilash bo‘yicha bir qancha ishlarni amalga oshirdi. Boshqa hech bir klub chimni yaxshilash bo‘yicha muayyan harakatni amalga oshirganicha yo‘q. Hatto "Milliy" stadionida ham chim holati talab darajasida emas.

T24: Hozir siz beshta klubni sanab o‘tdingiz. Agar boshqa klublar keyingi mavsumga qadar chimini PFL talablari darajasigacha olib chiqmasa, Superligadan chetlatiladimi?

D.I.: Agar hozirdan ishni boshlashmasa, chetlashtiriladi. Masalan, Navbahor va Qo‘qon-1912 klublari Nasaf klubi stadioni kabi maydon holatini yaxshilash uchun rekonstruksiya qilishni dekabr oyidan boshlashlari lozim. Nasafdagi maydon rekonstruksiyasiga shu qadar e’tibor berilganki, u yerda hatto tuproqni elakdan o‘tkazishgan. Chunki tuproqda ozgina ajriq ildizi qolib ketsa ham, 80 sm chuqurlikdan tepagacha o‘sib chiqadi. Bundan tashqari, Nasafdagi maydon chimi ichimlik suvi bilan sug‘oriladi. Sababi, oqava suv bilan sug‘orilgan maydonni yovvoyi o‘t bosib ketishi ehtimoli yuqori. Agar boshqa klublar ham shunday ko‘lamda ish boshlashsa, iyul-avgust oylarida yaxshi darajadagi stadionga ega bo‘lishadi. Biz maydonlarda ta’mirlash ishlari boshlanganini bilsak va har o‘n kunda muntazam hisobot kelib tursa, klublarning musobaqada ishtirok etishi uchun ruxsat beramiz. Aksincha, hech qanday ishni amalga oshirmasdan, maydonning ayni holatida o‘yinlarni o‘tkazmoqchi bo‘lishsa, bunga yo‘l qo‘ymaymiz.

T24: Siz aytgan talablarga qaysi klublarning byudjeti javob bera olishi mumkin?

D.I.: Agar resurslar to‘g‘ri yo‘naltirilsa, hamma klublarning byudjeti bu xarajatlarni ko‘tara oladi. Klublarning byudjeti ko‘tara oladi yoki olmaydi deyilganda, bir jihatga e’tiboringizni qarataman. Masalan, Buxoro futbol klubining byudjeti taxminan 15 mlrd so‘m atrofida deylik. Ular bu byudjetni nima qiladi? Aytaylik, 12 milliardni futbolchi va murabbiylarga, qolgan 3 milliardini boshqa xarajatlar uchun sarflashadi. Bu vaziyatda futzal va ayollar jamoalari jabr ko‘radi. Biz hozir amalga oshirayotgan ish ayni shu holatda qimmat futbolchilarni kim qo‘yibdi senga, deganday gap.

Biz hozir mutaxassislar bilan gazon borasida ish olib borayapmiz. 3,5-5 mlrd atrofidagi mablag‘ evaziga xuddi Nasafniki kabi yillar davomida sifati buzilmaydigan gazonni o‘stirish mumkin. Shunday ekan, yaxshisi, klub 5 milliardni sifatli gazonga sarflasin-da, kerak bo‘lsa, yosh, uncha ko‘p maosh talab qilmaydigan futbolchilar bilan o‘ynasin. Bir yil natija ko‘ngildagidek bo‘lmasa, hech narsa o‘zgarmaydi. Ammo bir yillik qoniqarsiz natija evaziga o‘n yillab sifatli maydonda to‘p tepadi. Buning natijasida klubdan yaxshi futbolchilar yetishib chiqadi, o‘yin tezligi oshadi. 15 milliardning hammasini futbolchilarga sarflagandan kimga naf? Marhamat, katta maosh talab qiluvchi futbolchilar ketsin.

Biz birovning cho‘ntagiga aralashmoqchi emasmiz. Ana, Malayziya, Qozog‘iston, Turkmaniston kabi katta maosh taklif qiluvchi ligalar bor. Chetga chiqib ketaverishsin. Biz qaytaga yosh, hali totalizatorga o‘rganmagan, katta pul olib, o‘sishdan to‘xtamagan yosh futbolchilarni maydonga tushirmoqchimiz. Shuning uchun birinchi o‘rinda, niyatimiz – “perestroyka”: stadionini qursin, akademiyasini ishga tushirsin-da, mayli, bir qadam orqaga tashlasin. Hamma kamchiliklar to‘g‘rilanganidan so‘ng xohlasa, jahonning istalgan yulduz futbolchisini olib kelsin.

T24: Buyog‘iga PFL aralashmaydi, to‘g‘rimi?

D.I.: Albatta. Bizda ikki dona klub bor: biri – Superklub bo‘lishga intilayotgan Paxtakor. Ya’ni unda stadion, ayollar va futzal jamoalari bo‘lib, buning ustiga, xususiy bo‘lsa, u – superklub. Yana bir klub bor – Nasaf. Stadioni o‘ziniki, bazasi o‘ziniki, barcha stadionlari talabga javob beradi. Ayollar jamoasi... Hamma narsasi bor, lekin davlat korxonasi tomonidan moliyalashtiriladi. Bu – haqiqiy professional klub. Qolgan barcha klublar shunchaki FK. Odamning ensasini qotirib, xuddi shu bilan professional klubga aylanib qoladiganday PFK qilib qo‘ygan. Aslida hech narsaga arzimaydi. Haqiqiy PFK bo‘lish uchun ozroq intilish kerak. Biz shuning uchun ham reglamentdagi talablarni ishlab chiqdik.

Soliq idoralari bizdan prezidentning PQ- 3610-sonli qaroriga ko‘ra professional klublarga yaratilgan soliq imtiyozlari bo‘yicha hisobot so‘rashmoqda. Ular nima qilishyapti? Qaysidir ligada o‘ynayaptimi, o‘ynamayaptimi, ahamiyati yo‘q, bitta arzimagan futbol klubi ochib qo‘yishyapti-da, mana, bizning futbol klubimiz bor, deb soliq imtiyozidan foydalanmoqchi bo‘lishyapti. Bizga bu narsa kerak emas. Bizga pul ajratib, aniq futbol o‘ynatayotgan tadbirkorlar kerak. Marhamat, o‘shalar imtiyozlardan foydalanishsin. Shuning uchun, agar biz qo‘ygan talablarni bajarishsa, Superliga, Pro liga va 2-liga klublariga biz PFK maqomini bermoqchimiz. Ana undan keyin prezident tomonidan berilgan imtiyozlardan bemalol foydalanishsin. Hozir nima bo‘lyapti? Pro ligada futbol klubi ochib qo‘yishgan, stadionni rivojlantirish, futbolchi yetishtirib berish, infratuzilmani yaxshilash kabi sport prinsiplari ular uchun muhimmas. Ular har bir o‘yinda, ochiqchasiga aytaman, 5 000, 10 000, 20 000 AQSh dollarigacha totalizator o‘ynashyapti. Biz hozircha dalil bilan ushlab ololganimizcha, yo‘q. Bu bizning vakolatimizga ham kirmaydi, imkoniyatimiz ham yetmaydi.

Shunday ekan, bunaqa klublarni futbolda olib o‘tirishning bizga nima keragi bor? Biz o‘zimizni o‘zimiz aldaganmiz. Litsenziyalash talabini bajardik, deb OFKni aldaymiz yoki boshqa... Endi unaqasi ketmaydi. O‘zimizni o‘zimiz aldamaymiz. Borimizcha ko‘rsatamiz. Holimiz shu. Janubiy Koreya bilan o‘yinni ko‘rdik. "Haqiqiy yuzimiz qanday?" degan savolni o‘rtaga qo‘yamiz-da, o‘sha yuzimizni ko‘rsatamiz. Bo‘ldi, endi odam bo‘lish kerak.

Mana, agar davlat korxonalari moliyalashtirishni to‘xtatib qo‘ysa, Nasafga o‘xshagan akademiyasi, bazasi bor klublar yashab ketadi. Ammo Buxoro yoki boshqa klublar o‘ynolmaydi. Chunki ularda hech narsa yo‘q. Shuning uchun litsenziyalash talabini qat’iylashtirdik.

Men o‘rtadagi odamman. Menga sport prinsiplari muhim. Agar klubda aytilgan hamma talablar bajarilsa-yu, pastga tushib ketadigan bo‘lsa, men bunga yo‘l qo‘ymayman. Sport prinsiplari bo‘yicha ular qolishi kerak. Lekin natijasi zo‘r bo‘lib, hech vaqosi yo‘q bo‘lsa, bunday klubning nima keragi bor? Faqat futbolchilar galasini yig‘ib olishni men ham bilaman. Davlatdan tayyor 15 mlrd pul olib, zo‘r futbolchilarga sochib, o‘ynab yurishni men ham bilaman. Bundan nima foyda? Kelgan futbolchilar, murabbiylar pulni oladi, ketadi. Keyingi yil yana shu ishni qilish kerak. Qachon nimadir quramiz? Qachon kelajakka poydevor qo‘yamiz?

T24: Diyor aka, yangi reglamentga ko‘ra, Superliga va Pro liga klublarida akademiya bo‘lishi shart, deyilgan. Bu talabni bajarish imkoniga ega bo‘lmagan klublar uchun O‘FAning taklifi borligi aytilgan. Shu taklif haqida ma’lumot bersangiz.

D.I.: Men PFLga kelgunimga qadar O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi tomonidan O‘zbekiston bo‘ylab sport maktab-internatlari o‘rnida 14 ta hududiy bolalar futbol akademiyasi ochilgan. Ushbu akademiyalar faoliyat yuritishi uchun davlat tomonidan ma’lum darajadagi mablag‘lar yo‘naltirilgan. Ajratilayotgan bu mablag‘lar uchun avvalo, rahmat. Lekin bu bilan zo‘r akademiya tashkillashtirish ham mushkul masala. Hozir ko‘pchilik "Sport maktab-internatlari o‘rniga akademiya bo‘ldi, nima o‘zgardi?" deyapti. Biror ishdan darhol natija kutish o‘rinsiz. Bu ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilishi mo‘ljallangan.

Ya’ni biz nima qilamiz? Misol uchun, Navbahor futbol klubini chaqiramiz-da, u bilan Namangandagi futbol akademiyasini teng bo‘lishamiz. Masalan, davlat tomonidan 4 mlrd so‘m ajratilsa, Navbahor yana 2 mlrd bersin-da, biz bu pul evaziga ham akademiyadagi sharoitni yaxshilaymiz, ham malakali mutaxassislarni jalb etamiz. Bundan tashqari, akademiyani bitirgan eng yaxshi futbolchilarni Navbahor o‘z safida olib qolishi mumkin. Agar biz akademiya tarbiyalanuvchisini qaysidir klubga sotadigan bo‘lsak, tushgan pul teng ikkiga bo‘linadi: yarmi akademiyani rivojlantirish uchun O‘FAga, qolgan qismi Navbahorga. Shunda Navbahorda akademiya bo‘ladi va u talabni bajargan bo‘ladi, biz ham akademiyani rivojlantirib boramiz. Bunday misollar ko‘p, Surxondaryodagi akademiyani Surxon bilan, Buxorodagi akademiyani Buxoro bilan... Shunda bitta o‘q bilan 3-4 ta quyonni uramiz.

T24: Ya’ni klublar o‘z akademiyasini qurmay turib ham, ushbu akademiyalardan foydalanib yurishi mumkin, shundaymi?

D.I.: Agar qaysidir klub o‘z akademiyasini qurmoqchi bo‘lsa, nur ustiga nur. O‘FA o‘z akademiyasini o‘zi yurita oladi. Lekin hozirgi sharoitda hamma chala akademiyalarni tashkillashtirib, imkoniyati kamroq akademiya bilan yashab yurganidan ko‘ra, bitta viloyatda bitta akademiya bo‘lishi, bu – zo‘r natija. Chunki shu vaqtga qadar 2 ta akademiya yaxshi ishlab kelayotgandi: Nasaf va Bunyodkor. Mana shu ikki akademiyaning yaxshi ishlab kelayotganining o‘zidanoq biz yoshlar va o‘smirlar terma jamoasida yaxshi saviyadagi ancha-muncha futbolchilarga ega bo‘ldik. Agar barcha viloyatda 14 ta akademiya shu yo‘sinda ishlasa, biz ancha oldinga qadam tashlaymiz. Shunchaki, odamlar buni ozgina kutmayapti, tushunmayapti. Bizga qarshi bildirilayotgan ba’zi munosabatlarda o‘shalarning manfaati yotganini isbotlab bera olaman. Bu yerda futbolchi sotish, axborot berish yo bermaslik kabi manfaatlar bo‘lmasligi kerak.

Men har qanday mutaxassis bilan futbolning kelajagi bo‘yicha yuzma-yuz bahslashishga tayyorman. Misol uchun, saytlardan biri Pro liga klubining ahvolini qarang, deb stadion rasmini e’lon qilayapti. Stadionlarga talab kuchaytirilgach, bu ishni bosqichma-bosqich amalga oshirish kerak, deyapti. Stadionlarni o‘zgartirish bo‘yicha ishlar 2002 yildan beri bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Ammo shuncha vaqt oralig‘ida hech narsa o‘zgarmadi. Endi bosqichma-bosqich degan gap yo‘q. Yo bo‘ladi yoki yo‘q. Prezidentning talabi ham shunday, futbol yo bor bo‘lishi kerak yoki yo‘q.

Kamchiliklarni qidirib topishni hamma ham eplaydi. Lekin amalga oshirilgan ishlarni kim sanayapti? Oldin qachon Superliganing barcha o‘yinlari jonli efirda uzatilgan, qachon Superliganing homiysi bo‘lgan, degan savolni kimdir berdimi? Nikimbayev format deydi, boshqasi yana boshqa masalani ko‘taradi. O‘zbek futbolining rivoji birgina formatga bog‘lanib qolmagan. Bu masala bo‘yicha ham istalgan mutaxassis bilan bahslashishga tayyorman. Bu yerda klublarning qanchalik qarzga botib ketgani, qanchalar noprofessional shartnomalar qilingani, qanaqa odamlar futbolni boshqarganini ko‘rib turibman-ku! Holat shu darajada achinarli. Endi kelib nimadir o‘zgarishni amalga oshiraman deganda, kimlardir e’tiroz bildirishni boshlaydi. Shuning uchun menga farqi yo‘q. Ketkazishsa, futboldan ham ketaveraman. Lekin shu yerda ekanman, shu ishlarni amalga oshirishimiz shart!

T24: Superliga va Pro liga klublari uchun ayollar va futzal jamoalarini yuritish talabi bunday jamoalarning ikkinchi planga tushib qolishiga sabab bo‘lmaydimi?

D.I.: Agar biz Superliga klublaridan ayollar va futzal jamoalarini ajratib yuborsak, sun’iy nafas orqali jon saqlayotgan insonni butunlay o‘ldirib qo‘ygandek bo‘lamiz. Ayollar futboli shuning evaziga yashayapti. Agar bir bu tizimni bekor qiladigan bo‘lsak, hech kim ayollar futboli uchun pul ajratmaydi. Vaholanki, OFK ham FIFA ham ayni shu talabni ilgari surmoqda. Boya men sizga aytgan 15 milliardlik byudjet oqilona taqsimlansa, hamma xarajatlarni qoplash mumkin.

Oddiy klub byudjeti uchala jamoani yuritish uchun yetarli emas, deganlar qattiq adashadi. Bitta odam 1 yilda bitta klubdan 2 mlrd so‘m topishi mumkinmi? Futbolchi bo‘lsa-ku, mayli, men rahbarlar haqida aytayapman. Hech kimning puliga aralashish niyatimiz yo‘q. Jamoa shunchaki stadionga muxlislarni jalb etish ortidan 5-6 mlrd pul topsin, mayli, shundan keyin 80-90 millionlab oylik qilib olishsin, biz bunga aralashmaymiz. Lekin davlat tomonidan ajratilayotgan pullar o‘z o‘rnida sarflanishi kerak. O‘zlari topgan pulni istalgancha sarflashsin, biz qarshi emasmiz.

T24: Alohida futzal va ayollar terma jamoasi uchun PFL tomonidan qo‘yiladigan talablar qanday?

D.I.: Biz ham klublarga uchta jamoani yuritish qanchalik qiyin ekanligini tushunib turibmiz. Shuning uchun jamoalarga bir viloyatga bitta ayollar futbol jamoasini tashkil etishi mumkinligi bo‘yicha yengillik yaratmoqdamiz. Masalan, Qo‘qon-1912, Neftchi, Istiqlol jamoalarining har birida bittadan emas, butun Farg‘ona viloyati uchun bitta ayollar jamoasi tashkil etilsin. O‘sha jamoaning butun xarajatlari esa viloyatdagi ayni jamoalar zimmasiga teng darajada taqsimlansin. Agar ushbu talab bajarilmasa, PFL har bir klubga o‘z tarkibida shunday jamoa tashkil etish majburiyatini yuklaydi. Agar uchta klub o‘zaro kelishib, bitta jamoa tashkil etsa ham, biz ularning musobaqada ishtirok etishlariga ruxsat beramiz.

T24: Moliyalashtirilishi pasayib ketayotgan futbol klublariga bunday serxarajat talablarning qo‘yilishi o‘zini qanchalik oqlaydi?

D.I.: Biz jamoalarni moliyalashtirmaymiz. Biz faqat reglamentga amal qilinishini nazorat qilamiz. Masalan, OFK ham qaysi jamoaning byudjeti qancha ekanligi bilan hisoblashmaydi. OFK ma’lum talabni qo‘yadi va shu talab bajarilgandagina klublarning Osiyo miqyosidagi musobaqalarda ishtirok etishiga ruxsat beradi.

Biz barcha talablarimizni bajargan klublarni, masalan, Nasafni oxirigacha himoya qilishga tayyormiz. Biroq juda ko‘p klublar qarzga botib ketgan. Buxoro esa butunlay kartotekada, ya’ni qarzlaridan butkul qutulmaguniga qadar hech qanday moliyaviy operatsiyalarni amalga oshira olmaydi. Shuning uchun klublar avval o‘zlaridagi mavjud qarzdorlik holatini bartaraf etib, keyin o‘ynaydi.

T24: Men aynan Buxoro kabi jamoalar haqida so‘ramoqchi edim...

D.I.: Buxoroda moliyalashtirish susaygani rost. Ya’ni avvalgidan ko‘ra kamayib ketgan. Lekin bu klubni yuritishning imkoni yo‘q, degani emas. Shuning uchun ham biz yangi reglamentda ko‘tarma va mukofot pullari yozish mumkin bo‘lgan shtatlargacha belgilab beryapmiz. Ushbu normaga ko‘ra, jamoa direktoridan tortib stadion qorovuliga qadar duch kelgan odam ko‘tarma puli olmaydi. Masalan, Buxoroda kimlardir olayotgan 1-2 mlrd pulga ancha ishlarni bitirish mumkin.

T24: 2019 yilgi reglamentga ko‘ra 1 va 2 yillik shartnomalar uchun ko‘tarma pullari berilmasligi to‘g‘risidagi band ham mavjud. Shu haqda ham batafsil ma’lumot bersangiz.

D.I.: Ko‘tarma pullari uzoq yillik, 3 yil va undan keyinga mo‘ljallab tuzilgan shartnomalar uchun belgilanadi. O‘shanda ham cheklangan miqdorda. Misol uchun, oldingi holat bo‘yicha bitta futbolchi 15 yil har xil klubda o‘ynab, hammasidan 100 mln so‘mdan ko‘tarma puli oladi. O‘zi aslida 1 millionlik ham ishni bajarmaydi, lekin 100 millionlik ko‘tarma puli olib, keyin o‘ynaydi. Bunda futbolchi na o‘zbek futboliga va na klubga biror foyda keltiradi.

O‘ylab ko‘ring, nima uchun chet el klublari saviyali futbolchini xarid qilganda uzoq yillik shartnoma tuzishga intiladi? Chunki ular kerakli futbolchini xarid qilayotganiga ishonishadi va sotganda ham mo‘may daromad evaziga pullashadi. Mana, oddiy misol, PSJ Neymarni 222 mln yevroga osonlik bilan xarid qildi. Braziliyalik futbolchining shartnomasidagi chekinish bahosi to‘lab berilgach, Barselona butunlay ojiz qoldi. Xuddi shu narsa bizda ham bo‘ladi.

T24: Demak keyingi mavsumdan o‘zbek klublarida ham futbolchi bir jamoadan ikkinchisiga o‘tganda uning transfer narxi e’lon qilinadimi?

D.I.: Futbolchining transfer narxi, u necha yilga shartnoma tuzgani e’lon qiladi. Bundan tashqari, klub va futbolchi o‘rtasidagi shartnoma o‘zaro kelishuvga ko‘ra bekor qilingan holatlar alohida o‘rganiladi. Bundan maqsad – klublar zarar ko‘rishining oldini olish.

T24: Bu qoida buzilgan taqdirda, PFL tomonidan qandaydir choralar ko‘riladimi?

D.I.: Albatta, PFL talabini bajarmagan jamoalarga nisbatan sanksiyalar qo‘llaniladi. Misol uchun, Dragan Cheran Nasaf bilan 1 yillik shartnoma tuzib, mavsum o‘rtasiga qadar 6 oy o‘ynadi. Shu vaqt oralig‘ida klub unga maoshlari bilan qo‘shib hisoblaganda 500-600 mln so‘m pul to‘ladi. Cheran esa to‘satdan Paxtakorga o‘tib ketdi. Bu yerda Paxtakor ham, Cheran ham yutyapti. Bundan tashqari, Nasafdan ham bir yillik shartnomani bekor qilib, kimdir yutyapti. Shaxsan siz Paxtakorning Cheran uchun Nasafga qanchadir miqdorda pul o‘tkazib bergani haqidagi xabarni qayerdadir o‘qidingizmi? Paxtakor oldinroq Nasafning 1-2 ta futbolchisi uchun 1 mlrd so‘m o‘tkazib bergandi. Cheranni esa o‘zaro kelishuv asosida olib qo‘yishdi. Nasaf futbolchiga 500 mln so‘m to‘lab qo‘ygach, hech bo‘lmaganda o‘sha pulini transfer bahosi sifatida qaytarib olishi kerak emasmi?

Bundan keyin Paxtakor futbolchi uchun hech bo‘lmasa 501 mln o‘tkazib berganini isbotlab bermasa, futbolchi jamoaga o‘tmaydi.

T24: Agar isbotlab berolmasa, qanday sanksiya qo‘llanilishi mumkin?

D.I.: Kerak bo‘lsa, musobaqadan chetlashtirib yuboriladi.

T24: Qoidabuzarlik uchun qo‘llaniladigan sanksiyalarning aniq kriteriyalari mavjudmi?

D.I.: Ba’zilariga bor, ba’zilariga yo‘q. Chunki inson har xil xatoliklarga qo‘l urishi mumkin. Buni oldindan taxmin qilish qiyin. Bu – sekin-asta rivojlanib boruvchi jarayon. Masalan, biz Rossiya yoki Ispaniya chempionatlari reglamentini to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekistonga joriy etishimiz ham mumkin. Biroq O‘zbekiston sharoiti bilan o‘sha mamlakatlardagi vaziyat bir-biridan tubdan farq qiladi.

T24: Demak, asosan qanday holatlar uchun qat’iy sanksiyalar belgilangan?

D.I.: Klublarning futzal va ayollar jamoasi, akademiyasi mavjud bo‘lmasa, u Superliga va Pro ligada ishtirok etolmaydi. Bundan tashqari, maydon chimi talabga javob bermagan holatda ham, jamoa turnirda ishtirok etmaydi. Asosiy sanksiyalar hozircha shular.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Diyor Imomxo‘jayev: PFLning yangi reglamenti, qarzga botgan klublar, transfer qing‘irliklari haqida