
Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan xalqaro neft treydingi kompaniyasi Gunvor Group Ltd. Rossiyaning eng yirik xususiy neft-gaz korporatsiyasi bo‘lgan “Lukoyl” kompaniyasining xorijdagi aktivlarini sotib olish rejasidan voz kechganini ma’lum qildi. Bu haqdagi bayonot 6-noyabr kuni kompaniyaning rasmiy X (sobiq Twitter) sahifasida e’lon qilindi.
Gunvor’ning bu qarorini AQSH Moliya vazirligi tashkilotga nisbatan qattiq bayonot berganidan bir soatcha o‘tib bildirdi. AQSH rasmiylariga ko‘ra, kompaniyaning Rossiya bilan aloqalari hali ham mavjud va Ukrainadagi urush yakunlanmaguncha unga faoliyat yuritish uchun litsenziya berilmaydi.
Vashington rasmiy bayonotida shunday deyildi:
“Prezident Tramp urushni darhol to‘xtatish zarurligini ochiq aytdi. Rossiya tajovuzni davom ettirar ekan, Kremlning iqtisodiy qo‘g‘irchog‘i bo‘lgan Gunvor hech qachon faoliyat yuritish yoki foyda olish uchun litsenziyaga ega bo‘lmaydi”.
Shu orqali AQSH Moliya vazirligi Gunvor’ni Rossiya bilan aloqada aybladi. Biroq kompaniya vakillari bu ayblovlarni “asossiz va yolg‘on” deb atadi.
“Gunvor har doim o‘z mulkdorlari va faoliyati haqida ochiq ma’lumot berib kelgan. Biz o‘n yildan ortiq vaqtdan buyon Rossiya bilan aloqani uzganmiz, u yerdagi aktivlarimizni sotganmiz va Ukrainadagi urushni ochiq qoralab kelamiz. Biz sanksiyalar talablariga to‘liq rioya qilib ish olib boramiz”, — deyiladi kompaniya bayonotida.
Shu bilan birga, Gunvor “Lukoyl”ning xorijiy aktivlarini sotib olish bo‘yicha taklifini rasman qaytarib oldi.
Eslatib o‘tamiz, “Lukoyl” — AQSH va Buyuk Britaniya sanksiyalari ostida bo‘lgan Rossiyaning yirik xususiy kompaniyalaridan biri. U 30 oktyabr kuni Gunvor bilan xorijiy biznesni sotish bo‘yicha kelishuv haqida xabar bergandi. Shu kelishuv doirasida rus tomoni boshqa xaridorlar bilan muzokara qilmaslik majburiyatini ham olgan.
Biroq bu bitim xalqaro miqyosda shubhalarga sabab bo‘ldi. Ko‘plab ekspertlar bu harakatni Rossiya kompaniyalariga nisbatan joriy etilgan cheklovlarni aylanib o‘tish urinishi sifatida baholadi.
Gunvorning tarixi ham e’tiborga loyiq: kompaniya 2000-yilda rossiyalik tadbirkor Gennadiy Timchenko va shved ishbilarmoni Torbyorn Tyornkvist tomonidan tuzilgan. 2014-yilda, Qrim anneksiyasi uchun xalqaro sanksiyalar kuchga kirishidan avval, Timchenko o‘z ulushini sherigiga sotib, kompaniyadan chiqib ketgan. Shundan so‘ng Gunvor Rossiyadagi barcha aktivlarini sotganini ma’lum qilgan.
Oxirgi haftalarda AQSH Moliya vazirligining Tashqi aktivlar nazorati boshqarmasi (OFAC) “Rossiya Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan tugatishga qiziqmayotgani” uchun qo‘shimcha sanksiyalar joriy etdi. Ular nafaqat “Lukoyl” va “Rosneft”, balki ularga tegishli bo‘lgan 30 dan ortiq sho‘ba kompaniyalarni ham qamrab oldi.
Buyuk Britaniya ham bu tashabbusga qo‘shilib, “Lukoyl” va “Rosneft”ga nisbatan aktivlarni muzlatish, trast xizmatlari va transport operatsiyalariga cheklovlar joriy etdi. Londonning ta’kidlashicha, bu kompaniyalar Rossiya hukumati uchun strategik ahamiyatga ega energetika sohasining asosiy ustunlari hisoblanadi.
Shunday qilib, xalqaro bosimlar fonida Gunvor va “Lukoyl” o‘rtasidagi ehtimoliy kelishuv amalga oshmay qoldi. Bu holat Rossiyaning global iqtisodiy tizimdagi cheklanishini yanada kuchaytirdi hamda sanksiyalar siyosatining ta’siri hanuz samarali ekanini ko‘rsatdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!